18 Iyun 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +33,2 °C

Ijtimoiy hayot
13 Fevral  2019 1061

Ishni “bosdi-bosdi” qilish uchun bojxonachilarga 400 AQSh dollari taklif qildi

Ayrim shaxslar tomonidan o‘zlarining qing‘ir qilmishlarini xaspo‘shlash va javobgarlikdan qochish maqsadida davlat bojxona xizmati organlari xodimlariga pora berishga urinish holatlari hamon sodir etilmoqda.

Yaqinda ana shunday holatlardan biriga Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan chek qo‘yildi, deb xabar bermoqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati.

Gap shundaki, fuqaro J.F. respublikamizga xorijiy avtotransport vositasi hisoblangan “Lasetti” avtomashinasini olib kirar ekan, bu jarayonda mamlakatimiz hududidan qayta olib chiqib ketish majburiyatini zimmasiga oladi. Lekin, bu majburiyatni bir zumda unutib, ushbu avtomashinani ehtiyot qismlarga bo‘laklagan holda 1700 AQSh dollariga sotib yuboradi.

Nihoyat avtomashinaning olib chiqish muddatlari yaqinlashgan pallada esa suvdan quruq chiqish maqsadida bojxonachilarning ko‘zini shamg‘alat qilishga urinadi. Ya’ni, bundan bir necha yillar muqaddam yonib ketgan boshqa bir “Lasetti” kuzovini ko‘rsatgan holda davlat bojxona xizmati organlari xodimlarini ushbu avtomashinaning go‘yoki yong‘in oqibatida butunlay yonib ketganiga ishontirishga urinadi.

Tabiiyki, sinchkovlik bilan o‘tkazilgan tekshirishda uning sodir etgan huquqbuzarligi fosh bo‘lgach, ushbu shaxs vaziyatdan chiqishning boshqa yo‘llarini izlashga tushadi. Ishni “bosdi-bosdi” qilish uchun bojxona xodimiga 400 AQSh dollari pora taklif qiladi.

Mazkur holat yuzasidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ushbu shaxs bojxona xodimiga taklif qilingan poraning 300 AQSh dollarini berayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech