31 May 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +29,6 °C

Agrosеktor
22 Aprel  2020 457

Ishsiz yoshlar Prezident Xalq qabulxonalari e’tibori markazida

Mamlakatamiz aholisi soni ortib borishi bilan bir qatorda uning mehnat bandligini ta’minlash masalasi ham dolzarb ahamiyat kasb etadi. Keyingi yillarda davlatimiz rahbarining aynan ishsizlik muammosini hal etishga qaratilgan chora-tadbirlari bu borada qator ijobiy natijalar bermoqda.

Yurtboshimiz topshirig‘iga asosan Prezident Xalq qabulxonalari boshchiligida joylarda sektor rahbarlari hamda mutasaddi tashkilotlar vakillari hamkorligida «Har bir yoshga bir gektar» loyihasi amalga oshirilib kelinyapti.

Ushbu loyiha doirasida joriy yil birinchi choragi natijalariga ko‘ra, respublika bo‘ylab jami  25 mingdan ziyod gektar yer maydonlari yoshlarga ajratildi. Jumladan, 1 277 gektar sabzavot, 1 787 gektar poliz, 10 296 gektar dukkakli ekinlar, 7 727 gektar boshoqli don ekinlari va 391 gektar kartoshka ekish uchun, 3 866 gektar esa bog‘ yaratish uchun ajratib berildi.

Yoshlarga biriktirib qo‘yilgan kooperatsiya va klaster yordamida yerlar shudgor qilingan holda jami 4 mingga yaqin gektar maydonga sabzavot, poliz, dukkakli ekinlar, boshoqli don ekinlari va kartoshka urug‘lari qadaldi, 335 ming tup mevali va 135 ming tup manzarali daraxtlar ekildi.

Misol uchun, bugungi kunda Xorazm viloyati yoshlarining 39 mingga yaqini ishsiz. Manzilli rejaga ko‘ra yil ohirigacha ularning 29 ming nafari, ya'ni 74,5 % ning bandligi ta’minlanishi nazarda tutilgan. «Har bir yoshga bir gektar» loyihasi asosida ajratib berilayotgan yerlar ularga imkoniyat eshiklarini ochdi desak, mubolag‘a bo‘lmas.

Yoki Andijon viloyatini olsak. Mazkur loyiha asosida ikki mingga yaqin yoshlarning har biriga o‘rtacha 21 sotixdan jami 400 gektar ekin yer maydoni ajratib berildi. Hozirda joylarda issiqxonalar tashkil etilib, barcha yerlarga turli hil sabzavot ekinlari, mevali va manzarali daraxtlar ekilib, parvarish qilinmoqda. Yaqin kunlarda ekinlar hosilga kiradi.

Navoiy viloyatida ham «Har bir yoshga bir gektar» loyihasi doirasida yoshlar uchun 840 gektardan ziyod bo‘sh yotgan yer maydonlari ajratib berildi. Ularni sug‘orish uchun 11 ta yangi quduq qazildi, yana 150 dan ziyod quduq bo‘yicha qazish ishlar olib borilmoqda. 20 kilometrga yaqin ariqlar qazildi. Bugunga qadar o‘zlashtirilgan 400 gektar yaqin hududga urug‘ va niholllar ekildi. Jumladan, 12 gektar maydonga sabzovot, 78 gektarga poliz, 113 gektarga  dukkakli va kartoshka urug‘lari qadaldi, 119 gektarga esa mevali va manzarali daraxtlar ekildi.   

Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham xuddi shu loyiha doirasida e’tirofga loyiq ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, qishloq xo‘jaligi sohasiga ixtisoslashgan «Mo‘ynoq kelajagi bunyodkorlari» MChJ tashkil qilinib, ushbu korxonaning ustav fondi 75 ta avtotransport vositalari, qishloq xo‘jaligi texnikalari va mexanizmlari hisobiga shakllantirildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tegishli qarori bilan, «Mo‘ynoq kelajagi bunyodkorlari» MChJga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun belgilangan tartibda bo‘sh turgan yer uchastkalari va zahira yerlar hisobidan Mo‘ynoq tumanidan 5 000 gektar, Qo‘ng‘irot tumanidan 3 000 gektar va Taxtako‘pir tumanidan 2 002 gektar, jami 10 002 gektar yer maydonlari ekin ekish uchun ajratib berildi. Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasining qolgan tumanlarida ham yoshlarga dehqonchilik bilan shug‘ullanish uchun qariyb 7,8 ming gektar yerlar ajratilgan. Ushbu loyiha amalga oshirilishi natijasida qariyb 1,8 ming nafar yoshning bandligi ta'minlanadi.

O‘z o‘rnida shuni ham aytib o‘tish kerakki, respublika bo‘ylab tijorat banklari tomonidan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, jami 5 719 ta loyihaning har biriga o‘rtacha 43,3 million so‘mdan jami 247,6 milliard so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratilgan.

Albatta, yuqoridagi kabi sa’y-harakatlar zamirida hukumatimiz tomonidan har qanday vaziyatda ham yoshlar bandligini ta’minlash va shu bilan yurtdoshlarimiz turmush tarzini va farovonligini yanada oshirish singari maqsadlar yotibdi. Bugungi sinovli kunlarda ham Prezident Xalq qabulxonalari boshchiligida bu borada amaliy ishlar tizimli ravishda davom etyapti. Bu esa istiqbolda xalqimiz osuda hayotga qaytganidan so‘ng iqtisodiy ko‘rsatkichlarni yaxshilash, eksport salohiyatini oshirish singari dolzarb masalalarning ham hal etilishi ko‘zda tutilayotganidan darak.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech