19 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +16,1 °C

Hukumat
4 Oktyabr  2019 761
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati

Issiq suv va issiqlik taʼminotidagi barqarorlik – aholining hayotdan rozi boʻlishini taʼminlovchi muhim omil

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-oktyabr kuni aholini uzluksiz issiq suv va issiqlik quvvati bilan taʼminlash boʻyicha ustuvor vazifalarga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi. 

Bugungi kunda mavjud qozonxonalar va issiqlik tarmoqlarining muayyan qismi eskirgani, ayrimlari foydalanishga yaroqsiz ahvolga kelib qolgani koʻrsatib oʻtildi. Xususan, mazkur sohaga hozirgacha xorijiy investitsiyalar umuman jalb qilinmagani mavjud imkoniyatlar yetarlicha ishga solinmaganini koʻrsatadi.

Yillar davomida texnologik modernizatsiya ishlari amalga oshirilmagani sababli tarmoq daromadining 85 foizi yoqilgʻi-energetikaga sarflanmoqda. Afsuski, tarmoqdagi yoʻqotishlar 35-40 foizga yetgan. Energiya resurslari xarajati va toʻlovlardagi nomutanosiblik oqibatida kreditor va debitor qarzdorlik yuzaga kelmoqda.

Shu bois Prezidentimiz sohani tubdan isloh qilish, mavjud quvvatlarni yangilash va boshqaruvni takomillashtirish vazifalarini kun tartibiga qoʻydi.

Sifatli issiqlik taʼminoti tizimini yoʻlga qoʻyish uchun, avvalo, tarmoq korxonalarini modernizatsiya qilish, bunda Avstriya, Daniya, Germaniya, Finlyandiya tajribasi asosida energiya tejamkor hamda koʻp maqsadli texnologiyalarni keng qoʻllashga alohida eʼtibor qaratish zarurligi taʼkidlandi.

Ushbu tizimning afzalligi shundaki, katta mablagʻ hisobiga ishlab chiqarilgan issiqlikdan sirkulyar tarzda qayta-qayta foydalansa boʻladi. Misol uchun, Toshkent shahri issiqlik taʼminotini shunday “yopiq tizim”ga oʻtkazish yiliga 300 milliard soʻm miqdoridagi 3 million gigakaloriya issiqlik yoʻqotilishining oldini oladi, ayni paytda 160 milliard soʻm hajmidagi 320 million kub metr tabiiy gaz hamda 25 milliard soʻmlik 85 million kilovatt elektr sarfini qisqartirish imkonini beradi.

Yigʻilishda 12 ta shahardagi 5 mingga yaqin turar joyning markazlashgan issiqlik taʼminotini tiklash va ularni “yopiq tizim”ga oʻtkazish, xususan, Buxoro va Chirchiq shaharlari boʻyicha tender savdolarini yakunlab, 2020-yilda foydalanishga topshirish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.

Shuningdek, kelgusi yili Andijon, Samarqand shaharlari va Sergeli tumani boʻyicha loyihalarni amalga oshirish, bunda Jahon bankining 140 million dollar kreditidan samarali foydalanish zarurligi qayd etildi. Yevropa taraqqiyot va tiklanish bankining 150 million dollar krediti hisobidan Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek va Mirobod tumanlarida issiqlik taʼminoti tarmogʻini modernizatsiya qilish, Buxoro, Fargʻona, Quvasoy, Urganch va Nukus shaharlarida yangi texnologiyalarni joriy etish loyihasiga Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining 780 million dollar kreditini jalb qilish vazifasi qoʻyildi. Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining 55 million dollar mablagʻi evaziga Angren issiqlik stansiyasini modernizatsiya qilish boʻyicha ham topshiriqlar berildi.

Tarmoqqa bozor mexanizmlarini keng joriy etish orqali sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish muhimligi taʼkidlandi. Buning uchun, avvalo, tariflar erkin boʻlishi lozim. Shu bois sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, kelgusi yildan Toshkent shahri issiqlik taʼminoti tizimiga davlat-xususiy sheriklik korxonalarini jalb etish choralari belgilandi.

Yoʻqotishlarni bartaraf etish va meʼyoridan ortiq isteʼmolni kamaytirish maqsadida issiqlik energiyasini hisobga olishning avtomatlashgan tizimini joriy etish zarurligi qayd etildi.

Mamlakatimiz aholisi 119 ta shahar va 11 mingdan ziyod qishloqlardagi qariyb 6 millionga yaqin hovli-joylarda istiqomat qiladi. Ularni kuz-qish mavsumida issiqlik bilan taʼminlash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligiga faqat koʻp xonadonli uylar bilan chegaralanmasdan, barcha aholini issiqlik taʼminoti bilan qamrab olish, bu boradagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Sohada boshqaruv samaradorligini oshirish, faol investitsiyalar jalb etish uchun Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tuzilmasini takomillashtirish, issiqlik taʼminoti korxonalarini alohida aksiyadorlik jamiyatiga birlashtirish boʻyicha tavsiyalar berildi. Bu aksiyadorlik jamiyati obyektlarni ekspluatatsiya qilish bilan birga, yangi loyihalarni shakllantirish, ularga xalqaro moliyaviy tashkilotlar mablagʻlarini jalb etish bilan shugʻullanadi.

Yigʻilishda ushbu sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning pirovard natijasi xalqimizni rozi qilish, odamlarning turmush darajasi va sifatini yuksaltirish, ularning ishonchini oqlashdan iborat ekani alohida taʼkidlandi.

Oʻtgan davrda berilgan topshiriqlar yuzasidan mutasaddilarning axboroti tinglandi va kelgusida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar belgilab olindi.

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech