27 Iyun 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +35,9 °C

Bo‘sh vaqtda
8 Mart  2019 1637

Ixtirochi (Davomi)

(Hajviy hikoya)

 

...Yana kallam ishga sho‘ng‘idim, bu yog‘i uyqusiz tunlar... tajribalaru chizmalar... Ammo portal apparatini takomillashtirdim. Yomon chiqmadi, harqalay. Darvozaxonaning tepasiga uncha-munchaga ko‘zga tashlanmaydigan qilib o‘rnatdim. Endi boshqalarda ishlatib ko‘rish qoldi.

Yaqin tug‘ishganlarim tekinga oltitadan portal apparati yasab bermaganimga mendan xafa bo‘lib ketishgandan so‘ng oradan to‘rt oy vaqt o‘tdi. Shu vaqt ichida birortasi «ahvoling qanday?» deb so‘ragani ham yo‘q. Hatto, 5-6 kun uyda ko‘rpa-to‘shak ham qilib yotib ham qoldim. Rosa xafa bo‘lgandirsan, dersiz, hecham-da!

Qaytanga bo‘lib o‘tgan hodisalardan kulaverib, ichaklarim og‘rib ketdi, hatto. Nega deysizmi, unda eshiting.

E’tiboringizni to‘rt oydan so‘nggi To‘ra amakinikiga qaratsak.

Xotini ikkovi chorpoyada choy ichib o‘tirishibdi. To‘ra amakimning qovog‘idan qor yog‘moqda. To‘g‘ri-da, xorijdagi ikki o‘g‘li bu oy negadir pul jo‘natmabdi, Institut va kollejda o‘qiydigan ikki farzandi esa uydan anchagina pulni olib ketishgan. Cho‘ntagining terisi shilinib o‘tiribdi. Ulbuvi checha buni o‘zicha tushundi. Ya’ni kamina bilan bog‘lab... Bir-ikki unga qarab qo‘ydi-da, so‘radi:

— Ha, namuncha, hamma yeb siz quruq qolganday qovog‘ingizni uyasiz? Barobar (Ulbuvi checha otimni aytmay, meni shunday deb chaqiradi. Ismim Tenglash ekanini bilasiz, albatta) ukangiz bitta sizdan o‘sha temirini qizg‘angani yo‘q-ku?! Ana, opa-singillari, ukalariga ham bermabdi-ku?! — dedi.

Ungacha butunlay boshqa narsaga, to‘g‘rirog‘i, qilgan chiqimiga, kayfiyati buzilib turgan amakim birdan sergak tortgan. Chechayam kerakli «tugmacha»ni topib bosibdi o‘ziyam... Birdan esiga tushib, oldingisidan ham to‘mtaydi. Endi uning qovog‘idan tuxumday-tuxumday do‘l yog‘a boshladi.

— Ey, sen nimaniyam bilarding? Bugun tug‘ishganlariga yo‘q degan bo‘lsa, ertaga xo‘p deydi, mana ko‘rasan. Biz esa sho‘ppayib quruq qolaveramiz. Rosa ichidan pishgan chiqdi bu Tenglash tushmagur! Hyech bo‘lmaganda menga yasab bersa bo‘lardi. Birinchidan, uyim unikiga yaqin, ikkinchidan, opa-singillari-yu, ukalari har tomonga tarqab ketishgan, uzoqda. Biron joyi kamayib qolmasdi. Ammo huvv birda qarz so‘raganda bersak bo‘larkan, hozir shuncha prablema bo‘lmasdi. O‘zinikiga qayishishi aniq. Ayniqsa, savdogar opasi o‘lguday pishiq, bir amallab Tenglashni ko‘ndiradi. Artistligini bir ishga solsa, u ko‘nishga majbur bo‘ladi. Nima qilsayam, jigarchilik-da! — dedi jig‘ibiyron bo‘lib To‘ra amaki.

Jig‘ibiyron bo‘lmasinmi? O‘lganning ustiga tepgandek, cho‘ntakdan kattagina pul chiqib ketgan. Alam qiladi-da!..

— Ey, bo‘lmasa bo‘lmapti-da, shunga shunchami?! Bo‘ldi-da, endi! Sizning to‘mrayib o‘tirishingizni ko‘rib, mening ham jahlim chiqib ketyapti... — dedi xotini.

O‘-o‘-o‘! Ulbuvi chechaning jahli bir chiqsa bormi... hech nimadan qaytmaydi? Sap-sariq, ko‘zlari ko‘m-ko‘k bu ayolning gavdasi To‘ra amakimdan to‘rtta keladi. Tunov kuni qo‘shnisining ho‘kizi tomorqasiga tushaverib bezor qilgan ekan, bir yuz ellik kilolik buqaning beliga bir tushirib, yotqizib qo‘yibdi. Jonivor bir hafta deganda arang o‘rnidan turibdi, qarang. O‘zi: «Voy, o‘lmasam, bor-yo‘g‘i beliga shapatilab haydayman degandim-a!..» debdi qo‘shnisiga. Qo‘shnisiyam hech nima demabdi. Meniyam buqaga o‘xshab urib yotqizib, chalajon qilib qo‘ymasin, degan-da?! Bir ishlasa, olti erkakning ishini qiladi. O‘zim ko‘rganman, amakim beda o‘rishga hasharga aytganda. Olti erkak bir tomondan o‘ryapmiz, checha bir tomonda, biz bilan bab-baravar ketyapti-da, bir payt qarasam... Ora-sira chanqab qolmasin, deb bizga choy-poy ham damlab keladi.

To‘g‘ri, kamina qo‘rqmasam ham bo‘ladi... darvoza tepasida portal apparati turibdi.

Ammo To‘ra amakim rosa pismiq-da! Tulkiligi tutib, Ulbuvi chechani tezlabdi...

— Hyey, bilasanmi, Tenglash tug‘ilgan kunida sening ham sha’ningga to‘g‘ri kelmaydigan gaplarni aytdi. Kallasi ishlamaydigan sap-sariq traktir deydimi-yey?! Hatto, mening jahlim chiqib ketdi gapiga!

— Yo‘g‘-e? Shunaqa dedimi? Nima haqqi borakan?! Men hali unga traktir bo‘libmanmi? Sap-sariq traktir dedimi?

— Traktir ham gapmi, naq faralari ko‘m-ko‘k sap-sariq buldizir dedi, ana! Hay, dedim, tilingga erk berma, dedim, qani foydasi bo‘lsa. Yana nima deydi, de?

— Nima deydi?.. Nega chaynalasiz, gapiring tez! — dedi pishqirib, allaqachon «obraz»ga kirib bo‘lgan checha. Juda achchig‘i chiqib ketganidan o‘zini bosolmay, shart o‘rnidan turib hovli o‘rtasida yotgan traktorning pokrishkasini tomorqaning narigi chetiga uloqtirib yuboribdi. Tomorqa jonivor ham ellik sotixcha keladi. Chechani keyin «obraz»idan chiqarish juda qiyin.

— Qo‘lidan kelsa, ana, tajriba nusxasini olib ketsin! Ja ko‘pam gavdasiga ishonavermasin, o‘sha quruq savlat chechamiz, dedi!

— Hoziroq borib dabdalasini chiqaraman o‘sha Barobar ukangizni. Shu qilganiga o‘sha temirini ham uyga olib kelaman! — degancha o‘rnidan turibdi checha. Keyin lapanglagancha to‘ppa-to‘g‘ri biznikiga jo‘nabdi. Tabiiyki, pismiq To‘ra amakim hiringlagancha uyda qolgan. Darvozadan tankday gurillab chiqib ketgan xotini o‘n daqiqa o‘tar-o‘tmas, yana «Astag‘firullo! Astag‘firullo!» deganicha ichkariga kirib turganmish-da! Ko‘zlari ola-bula! Tinmay yoqasiga tuflarmish!

— Ha, onasi, Tenglashnikiga bormadingmi? Fikringdan qaytdingmi? Tushunarli, qo‘rqibsanda-a?! — so‘rabdi amakim.

— Yo‘q, bordim. Nega qo‘rqarkanman? Tavba, darvozasidan endi ichkariga kiruvdim hamki, bir narsa yarq etdi-da, men yana o‘zimizning darvozaxonada paydo bo‘ldim. Bunday bo‘lishi mumkin emas, tuf-tuf-tuf! — debdi checha ko‘zlari uchib-uchib.

— Sen ham ja olasan-da! Borishga qo‘rqdim, deb to‘g‘risini ayt-da-qo‘y, nima qilasan boshimni qotirib! — debdi amakim tag‘in chechaga «benzin quyib». — Men xomkalla xotinim qishloqda hech kimdan qo‘rqmaydi, «lyuboy»ining popugini pasaytirib qo‘yadi, deb mag‘rurlanib yuribman-a?! E, qo‘y-e!

 — Hoy dadasi, o‘chiring ovozingizni! Eslab ko‘rsam, ikki-uch kun oftobda ishlagandim, tomim ketayotgan bo‘lsa-ya? Do‘xtir ukam aytuvdi-ya, oftobda ko‘p ishlamang, miyangiz suyulib ketmasin, deb. Yo miyam suyulyaptimikan? Voy, endi nima qilaman?!

Xullas, Ulbuvi checha qaytib biznikiga kelishga unamabdi. Pismiqona rejasi ish bemagach, To‘ra amakimning o‘zi biznikiga yo‘l olibdi. Odamlargayam qoyilman, o‘z manfaati yo‘lida hech nimadan tap tortmaydi. Ammo biznikiga ketgach, o‘n daqiqadan so‘ng To‘ra amakim ham o‘zining darvozaxonasidan «Yopiray!» deb kirib turganmish-da!..

Bularning barini amakim ham, chechamiz ham yotib qolganini eshitgach, xabar olgani borganda eshitdim. Ochig‘i, o‘zimni zo‘rg‘a kulgidan tiydim. «Yashavor, Tenglash! Demak, darvozaxonaga o‘rnatilgan portal ishlayapti! Yasha! Yashasin men!»

Demak, qolgan yaqin tug‘ishganlarim ham hademay «ishga kirishsa» kerak?

Shunday bo‘ldi ham.

Opam Bekto‘pi, Abu-Saxiy va Ippodromdan tovar olib kelishga jo‘nashdan oldin pochchamni rosa pishiqlabdi. Pochchamiz o‘zi yaxshi odam, biroq shishani ko‘rsa, «vaapshe tormozi ishlamay qoladi». U kishini ko‘chada uchratdim.

— Iyy, Tenglash, o‘zingmisan! — dedi va juda uzoq so‘rashdi. Voy-ey! Rosa ezmaladi-ku?! Hatto, uydagi cho‘ntoq supirgining ham hol-ahvolini so‘radi o‘ziyam. Maqsadini, opam rosa pishiqlaganini darrov tushundim, albatta, o‘sha oltita portal apparatini tekinga qo‘lga kiritish-da, boshqa nima bo‘lardi. Uzoq so‘rashgandan so‘ng maqsadini aytdi... Adashmabman... Yana yashasin men!

— Pochcha, bu ko‘chada gaplashadigan gapmas, uyga o‘ting, bafurja gaplasharmiz, — dedim...

Negadir darrov ko‘na qoldi. Keyin bilsam, ulfatlari kutib turgan ekan...

Hi-hi-hi!..

Kechqurun uyga hech kim kelmadi. Darvozaxonaga o‘rnatilgan portatsiya apparati «vspishka»sining ikki marta yarq-yarq etganini hisobga olmaganda, albatta...

Keyin pochchamning mazasi bo‘lmay yotib qolganini eshitib, qo‘ng‘iroq qildim. O‘sha kuni men bilan xayrlashgach, ulfatlari bilan choyxonada otamlashibdi. Keyin opamdan baloga qolmay, deb uyimizga kelibdi, eshigimizdan kirishi bilan o‘zining darvozaxonasida paydo bo‘lib qolibdi. Bu hol ikki bor takrorlanibdi. Uyimiz orasi to‘rt kilometrcha chiqadi.

— Shu yaramas ichkilikni chiqarganning padariga ming la’nat! Tursunga aytim, buni ichmaylik, «chistiymas» ekan deb? Mana, oqibati! Endi tashlamasam bo‘lmaydi. Yo‘qsa, jinni bo‘p qolishim aniq. Darvozaxonamiz bir senikiga o‘xshaydi, keyin yarq etadi-da, bir menikiga o‘xshaydi... Ichkilikning dastidan ko‘zimga har balolar ko‘rinyapti, — dedi pochcham telefonda.

— Men ham sizni rosa kutdim, kelmadingiz, — dedim kulgidan o‘zimni arang tiyib. — «Pochcham hech gapini ikkita qilmasdi, va’da berdimi, albatta, bajarardi. Tinchlikmikan ishqilib?» deb o‘yladim. Ertalab bilsam, ko‘rpa-to‘shak qilib yotib olibsiz.

Shundan so‘ng singillaru ukalarimga biznikiga portal apparati masalasida kelmaslikni, yo‘qsa, ancha ovora-yu-sarson bo‘lishlarini, boshqa ish bilan bo‘lsa, bemalol kelaverishlarini birma-bir telefon qilib aytdim. Mendan rosa xafa bo‘lishdi. Hatto, «bir borib urishmasak bo‘lmaydiganga o‘xshaydi!» ham deyishdi. Kelishsa, yumma talashlari turgan gap, ularga bas kelib bo‘psiz!

Tavba, ularga qanchalik tayinlamaymin, baribir «vspishka» besh-o‘n marta yarqilladi...

O‘zing-chi, o‘zing, birovlarning ustidan kulib, maza qilyapsanmi dersiz? Yo‘q, unday emas! Ularning «vspishka»dan so‘ng talmovsirashlari o‘zimgayam yoqmay ketyapti. Bu yaxshimas, albatta, keyin jigarchilik deganday. Ja siz o‘ylaganchalik ham emasman...

Ammo Samarqandda turadigan ukam ancha pishiq chiqdi. U uyimizga darvozaxonadan emas, balki tomorqaning narigi chetidagi darchadan kirib keldi. Domla-da, ko‘p narsaga aqli yetadi! O‘qigan.

— Aka, ho‘vv aka! Uydamisiz? Assalomu alaykum!

— Ie, vaalaykum assalom, kel, kelaver! — dedim men shoshib qolib. — Oyisi, qara, shahardan mehmon keldi! Darrov chorpoyaga joy hozirla...

Ming qilsayam shahar ko‘rgan-da, ancha vaqt men bilan undan-bundan suhbatlashib o‘tirdi. Men esa qachon «yorilarkan», deb shu og‘zini poylayman... U esa portaldan so‘z ochmaydi, faqat har zamon-har zamonda meni maqtaydi. Maqtashi shunchalik samimiyki... Moyday yoqqani-chi?! Shu payt miyamning qaysidir bir datchigi ishlab ketdi «E-ha, Deyl Karnegi usulini qo‘llayapsanmi? Qoyil! Ammo o‘zingga shu usulingni qaytarsam nima qilasan?» Men ham o‘ta yumshoqlik va mehribonlik bilan uni har zamon-har zamonda maqtashga tushdim. Suhbat asnosida ukamning qosh-ko‘zlari uchib-uchib tusha boshladi. «Aha, qalay bo‘larkan? O‘xshamayapti-ya?! Sen shoxida yursang, siz tug‘ishganlarimning sovuniga kir yuvgan kamina bargida yuradi. Miyamga qoyil! Yashasin men!» deyman ichimda. Ikkovimizni bunday mehribonlik va lutf ila suhbatlashganimizni hech qachon ko‘rmagan xotinim esa hayron!

— Hyey, og‘zingni tandirdan ochmay, yopib o‘tir! — deyman unga. Ukam bilan yangasi gapimga hiringlab kuladi.

Ikki soatlarcha suhbatlashdik. Ukam ixtiro haqida og‘iz ochmadi, men ham lom-mim demadim. Ammo so‘zlari tagidan «Menga qachon oltita portal apparatini tekinga yasab berasiz?» degan gap anqib turganini tushunmaslik mumkin emasdi.

To‘ra amakimga qoyil!

Voy, tulki-yey!

Voy, ayyor-ey!

Ulbuvi chechani ishga solganda o‘xshamagandi, endi ukamni ishga solibdi-da! Maqsadi, nima qilib bo‘lsayam niyatiga erishish-a! Qoyil!

Ikkovlashib bir lagan oshni yeganimizdan so‘ng ukam ketishga chog‘landi. Tomorqadan chiqib ketsa kerak, deb o‘ylovdim. Qayoqda? Darvozaxona tomonga yurdi. Aytuvdim-ku, o‘qigan, deb?!

— Ha, shahardagi uyingga tekin yetib olmoqchimisan? — dedim kulib.

— A? Yo‘g‘-e! Ammo tekin yetib olsam yomon bo‘lmasdi, bahonada ixtiroingiz kuchini ham ko‘rib qo‘ygan bo‘lardim, To‘ra amakimga o‘xshab, hi-hi-hi!

Ana! Aytdim-ku?! Unga To‘ra amakim sim qoqib, tezlagan, deb.

— Unda darvozadan tashqariga chiq-da, qaytib kir!

— Ha, buni bilaman! Bir marta shunday bo‘luvdi! Ancha yo‘lkiraga tushgandim o‘shanda, — dedi-da, tashqariga chiqdi, keyin ichkariga yurdi. Shu payt xuddi suratkash rasmga olayotgandek, «vspishka» yarq etdi...

Ukam allaqachon — shaharda. Telefonim jiringladi.

— Allo aka! Men yetib keldim. Yaratgan narsangiz zo‘r ekan. Gap bo‘lishi mumkin emas! Ertaga keliningiz ham qishloqqa o‘tmoqchi edi, qaytishida qo‘llab yuborasiz endi, allo?! Bir-ikki so‘m tejalarmidi, deyman-da!

— Ey, yoningda magnit-pagnit bormidi, apparatni dabdala qilib ketding-ku?! Paqillab yorilib ketdi! — dedim men.

To‘g‘ri, aslida unday emasdi. Shunchaki, miyamga zo‘r bir fikr kelib qoldi-da!

— Iya, yo‘g‘-e, aka? Nima deyapsiz, qanaqa magnit-pagnit? Portlab ketdi? Unda ertaga keliningiz qanday uyga qaytadi?

Shundayam o‘z dardini o‘ylaydi-ya?!. Boshqalar o‘lib ketsayam ishi yo‘q. Ammo o‘zining ishi bitishi kerak! Tavba!

— Qanday kelsa, shunday-da! Magnit, ayniqsa, piyoladay keladigani, apparatni ishdan chiqaradi! Bo‘pti, hazillashdim, kelin kelaversin, jo‘natish bizdan!

— Ey, bunaqa deb qo‘rqitmang-da, aka?! — dedi ukam go‘shakka. — Bo‘pti aka, ertaga kelingizni o‘zingiz jo‘natasiz.

Aslida menga piyoladek kattalikdagi magnit kerak edi. Magnit haqidagi gap allaqachon kerakli kishilarga yetib borgani aniq. Shu desangiz, ikki kun oldin mollarni qisqa vaqt ichida semirtiradigan, ekinlardan mo‘l-ko‘l hosil olish imkonini beradigan moslama yasash miyamga kelib qoldi.

Bu gapdan xotinim xabardor, albatta. To‘g‘ri, mohiyati hali unga yetib bormagan bo‘lsa ham kerak. Ammo keliningiz — juda ishonchli. Uncha-munchaga tushunavermagani uchun ham qattiq ishonaman unga! Nimaniki aytsangiz yo yetib bormaydi, yo esidan chiqib ketadi.

Opa-singillarim unga ko‘p qo‘ng‘iroq qilishadi...

Ammo hech nimani bilolmasliklari aniq. Birinchidan, turmush o‘rtog‘im bilganlarining hammasini qorishtirib-aralashtirib aytadi, ikkinchidan, tug‘ishganlarim dalillarni bir-biriga «ulash»ga hafsala qilmaydi... «Er — g‘irt ovsar, xotini — g‘irt anqov, rosa topishgan-da, bular!» deyishsa ham kerak. E, deyishsa, deyishavermaydimi, menga nima?..

Endi darvozaxona ustidagi apparatni olib, o‘rniga soxtasini qo‘yib qo‘yishim kerak.

O, bu tug‘ishganlar!.. Naqadar aqllisiz?!

Aslida ular mendan ham zo‘r ixtirochi! Shunchalik iste’dodliki, hatto, ularga havasim kelib ketadi. Faqat shu iste’dodlarini to‘g‘ri yo‘naltirishmaydi-da?

Ikki kundan keyin darvozaxona tepasidagi soxta apparat yonidan piyoladay emas, naq laganday keladigan magnitni topdim. Aytdim-ku, sizga yaqinlarim favqulodda iste’dodli deb!

Yashasin! To‘g‘rirog‘i, yashasin men! Rosa keragidan topishibdi-ku?!

Uni kim qo‘ygani va apparatni kim buzmoqchi bo‘lgani kamina uchun muhim emas. Jigarchilik bu yog‘i, ularning ko‘ziga cho‘p suqarmidim? Rost-da, birovga yomonlik qilgan, qanday baraka topibdiki, men ham topsam...

Menga katta magnit kerak edi, u esa qo‘limda! Bor-yo‘g‘i shu, xolos!..

Darvoqye, o‘sha kuni To‘ra amakim bundan to‘rt oy ilgari olgan teshani qaytarib berib ketdi. Hovlimizga viqor bilan kirib, kerilgancha chiqib ketdi. Ana, portal apparatiga magnitni kim qo‘ygani ham ma’lum bo‘ldi...

Ammo bunga e’tibor bermayman... Aslida yaqinlaru tug‘ishganlarimdan minnatdor bo‘lishim ham kerak. Negaki, ular menga ixtirom uchun kurashishni, uni asrab-avaylashni o‘rgatishyapti, to‘g‘rimi? Bu qaytanga kuch bag‘ishlarkan odamga.

...Yana ayvondagi chorpoyada xotin ikkimiz o‘tiribmiz. Turmush o‘rtog‘im bir menga qaraydi, bir qo‘limdagi magnitga. Lekin amakimning nima ish qilganini darrov tushundi va labini tishlab, «attang!» deganday bosh chayqadi.

Men esa o‘ylayapman. Endi ishga kirishaman! Yangi yasamoqchi bo‘lgan apparatim qo‘yidagicha ishlaydi: bozordan kichkina qovurg‘alari sanalib turgan, po‘stak buqacha olasiz. Bir oydan so‘ng 700-800 kilogramm tosh bosadigan ho‘kiz yetilib turibdi-da! Tomorqada kartoshkangizning har tupi 100-120 kilogrammdan tugunak beradi. Bedani besh marta emas, yigirma marta o‘rib olasiz. Mittigina qo‘zichoq o‘n kunda 100 kilogramm vaznga ega qo‘chqorga aylanadi...

Eh-hye!

Bu ro‘yxatni ancha davom ettirish mumkin...

Chakki ixtiro bo‘lmaydi, to‘g‘rimi?

Voy-vo‘y, rosa osmondan keldi-ku, dersiz?

Hyecham-da! Bundan kaminaga nima naf?

Ammo ixtirolarimga patent olishga, davlat sinovidan o‘tkazishga shoshilmayman. Oldin bir-ikki yil sabr bilan o‘zim tajriba qilib, sinayman, kamchiliklari bo‘lsa bartaraf etaman. Ixtiro omadli chiqib, o‘zini oqlasagina bu haqda o‘ylab ko‘rish mumkin...

— Qo‘yaver, oyisi, ahamiyat berma. Hozircha tug‘ishganlarimiz «portatsiya apparatini buzib qo‘yib bopladik, battar bo‘l, alam qilsin, bizga yo‘qmi, demak, sengayam, yo‘q. Sen olimmas — ovsarsan», deb turishsin! Ovsar deyishgani bilan ovsar bo‘lib qolmayman-ku, to‘g‘rimi? Yangi ixtiro haqida ular hali bilishmaydi. Agar bilishsa, uni ham tug‘ilmasidan oldin o‘ldirmoqchi bo‘lishadi. Og‘zing bo‘shu ammo oyisi, men senga qattiq ishonaman. Kimdir tug‘ishganlarimniyam chalg‘itib turishi kerak-ku?! Sen bilan men esa yangi ixtirolar qilishda davom etamiz, nima deding, oyisi? — dedim xotinimga. Keyin unga takomillashtirilgan portal bilan bog‘liq yuqoridagi kulgili voqyealarni so‘zlab berdim...

Eshitib maza qilgan xotinimning bir payt og‘zi tandirday ochilib, ishshaydi...

— Bo‘ldi bu yog‘iga kulma! Hyey, kulma dedim!.. Bo‘ldi qil! Kulsang, yangi apparatni yasamay qo‘yaman!..

Xotinimning esiga tushdi, shekilli, shartta ikki qo‘li bilan og‘zini yopdi...

Nurpo‘lat NURQULOV

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech