16 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +20,5 °C

Bo‘sh vaqtda
22 Mart  2019 1749

Ixtirochi

(Davomi, 5-qism)

...Ertalab xotin shaharga bozorga ketadi. Ikki o‘g‘lim va men unga har kuni tomorqadan chiqqan kartoshka, sabzi, piyoz, umuman, sabzavotlarni yetkazib turamiz. Bir qismini kavlasak, ikkinchi qismini eka boshlaymiz. O‘zim esa haftada bozorga ikkita semiz buqa, uch-to‘rtta qo‘chqor olib tushaman. Mashinali ham bo‘lib oldik. Bora-bora qassoblarning o‘zi ho‘kizlarni to‘g‘ri og‘ilxonadan olib keta boshlashdi. Ikki o‘g‘limga uy qurib berish uchun yer sotib oldim. Endi ikkovi o‘sha yerni tomorqa qilib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtira boshlashdi.

«Shuncha pulni nima qilarkan?» deb o‘ylagan bo‘lsangiz kerak? Ammo bir narsani tushunib qoldim: katta topishga topasanu ammo shunga yarasha chiqim ham kattalashib boraverar ekan. Inson ham qiziq-da?! Puli ko‘p kishilarning nuqul «Pulga hyech yolchimayapman-da!» deyishlarini endi tushunganday bo‘lyapman. Tug‘ishganlarim ham ancha o‘nglanib olishdi.

Keyin hammasiga tub burilish yasaydigan hodisa sodir bo‘ldi.

Bir kuni darvozadan To‘ra amakim kirib keldi. Tilovqobil akaning to‘yidan to‘ppa-to‘g‘ri kelyapti, shekilli. Kayfi taroq, avzoyi buzuq.

— Seni jigarim degandim-a? Tug‘ishganlarga qayishadi, deb yuribman-a?! Nima, qarindosh-urug‘laringdan butunlay voz kechmoqchimisan? Eshitdik, Ochil sinfdoshingga bitta mol semirtiradigan apparat yasab beribsan?! — dedi.

— Xo‘p, yasab bergan bo‘lsam, nima bo‘pti? E'tiboringiz uchun u apparat uchun o‘n besh millionni qurtday sanab berdi, keyin buning sizga nima daxli bor? — so‘radim xotirjamlik bilan. — O‘n besh million bersangiz, sizga ham yasab beraman.

— Sen oldin yasab ber! Qaytararman bir kun pulini, o‘lib-netib ketayotganim yo‘q-ku?! Tavba, u yoqda qarindosh-urug‘lari charchab yotibdi-yu, bu g‘irt begonalarga qayishadi-ya?! Doim salarka anqib yuradigan bitta traktirchining o‘g‘li bizdan ham yaqin bo‘ldimi senga? Hye, o‘rgildim bunaqa jigarchiligingdan! — astoydil xafa bo‘ldi amakim.

— Amaki, birinchidan, birovni kamsitishga haqqingiz yo‘q. O‘sha siz traktirchining bolasi deb yerga urayotgan Ochildan sizning hyecham ortiq joyingiz yo‘q. Ikkinchidan, fe'lingizni bilaman, baribir pulini bermaysiz, negaki, qurumsoqsiz. Tekin bo‘lishi uchun millionta bahona topishingizniyam bilaman. Iltimos, mening ishimga aralashmang! Men sizning ishingizga burnimni tiqayotganim yo‘q-ku?! Qolaversa, o‘zingiz-ku, jigarchilikni jig‘ildonga urgan! O‘laksa buqachani o‘n mingga bervoraman, deb katta ketib, baribir yigirma besh mingga pullagan, — dedim. Bu safar mening jahlim chiqqandi. Lekin bunday qilish yaramaydi, zo‘rg‘a o‘zimni bosdim. Janjal izlab kelgan kishiga arzimagan gap kifoya. Ishonasizmi, shuncha gapimdan keyin To‘ra amakimning bir tuki ham qilt etgani yo‘q.

— O‘zing pulini rozi bo‘lib berding-ku?! Sendan tortib olmaganman o‘sha pulni! Nega endi birdan kim qachongi gapni qo‘zg‘ab qolding? O‘sha yigirma besh mingni o‘n besh millionga aylantirganingni ham o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rganmiz, bilsang! O‘zingcha bizni boplab tushirdingda-a? — dedi battar tutoqib. — Kerak emas, o‘sha la'nati tomorqachi matohing, bor opkelaqol, shunaqa minnat qiladigan bo‘lsang!

Ochig‘i, bunaqa kuchli qarshi hujumni kutmagandim. Beti qalinlik, bezlik va uyatsizlikniyam. Bu meni shoshirib qo‘ydi. Demak, ertaga qolganlarniyam tezlaydi. Opa-singil va ukalarim bilan ham shunday suhbat, albatta, bo‘lib o‘tadi. Ixtiro qilaman, deb o‘zimga bir dunyo g‘urbat orttirdimmi, deyman. Ixtirolarimdan ilk bor pushaymon bo‘layotgandim.

— Aniq kerak emasmi? Unda ertagayoq olib kelib bering! — dedim.

— Ho‘vv, kerak bo‘lsa-chi, o‘zing borib olib kelasan! Mendan kichiksan, ish buyurishga yoshlik qilasan hali. Qo‘yni esa semizidan qaytarasan, bilding? Agar shunday qilmasang, apparatingni olib bo‘psan.

Qoyil! Bopladi-ku?!

— Amaki qo‘y-po‘yda haqqingiz qolmagan. Semirtirib, sotishgayam hissangiz qo‘shilmagan. Birgina apparatning o‘zi kamida yetti million turadi.

— O‘ho‘! yetti yuz so‘m ham turmaydigan matohingni yetti million deyapsanmi, uyal-e?! Eshitib ol, apparatingni qaytarib olmoqchi bo‘lsang, oldin tuppa-tuzuk qo‘y qaytarasan, ana. Agar o‘zim bergan qo‘yni qaytarsang, undan ham yaxshi. Keyin apparatingni olib ketasanmi, pishirib yeysanmi, ishim yo‘q, gap tamom-vassalom! — dedi vajohat bilan.

— Qo‘yda «konkretno» haqqingiz yo‘q, «otvechayu!» (bunaqa paytda oliftalarning gapi ish beradi, deyishardi). Apparat, mayli, sizda qolaversin! Qo‘llanmani o‘qib ko‘rmagansiz, shekilli (uni har sakkiz oyda quvvatlantirib turish kerak. Quvvatlantiradigan apparat esa faqat menda bor). Qaytib mendan hyech nima so‘ramang! Boshqa gapingiz bo‘lmasa, omon bo‘ling, ishlarim ko‘p edi...

— Oliftalarning gapi yetmaganday, endi uyingdan haydab solyapsanmi? Eshitganlar nima deydi? Bitta-yu-bitta amakisini uyidan quvib solibdi, demaydimi? — sira bo‘sh kelmasdi amakim.

Obbo! Endi nima qildim-a?! Ja qattiq oldi-ku?!

Ammo juda-juda qiyin bo‘lsa-da, pinagimni buzmadim. Ana shunisi To‘ra amakimga qattiq alam qilayotgandi. Mayli, bilganicha «sayrasin!» Biroq ertaga bu gap qishloqqa yashin tezligida tarqalishi aniq. Negaki, To‘ra amakim hyech kimga churq etmaydi. Yaxshiyam, odamlarning g‘iybatu mish-mishlariga e'tibor bermayman. Gap-so‘z qilaverishmaydimi?! Yomon ekan desa, yomon bo‘lib qolmayman-ku, to‘g‘rimi?

— Bo‘pti, qarindosh-urug‘laringdan voz kech-da, g‘irt begonalar bilan osh-qatiq bo‘laver! Hali ko‘ramiz, do‘pping tor kelganda kuningga kim yararkan?! — og‘zi ko‘pirib davom etdi amakim. Meni muvozanatdan chiqarmoqchi, uddalasa, u yog‘i kattagina g‘urbat-da! Har holda shunisiga aqlim yetib turibdi, demak, chidashim kerak!

— Amaki, qarindosh-urug‘dan voz kechishimni siz hal qilmaysiz! Ular uchun bitta o‘zingiz javob bermang ham! Hammasiga sabab, qurumsoqligingiz, ziqnaligingiz! Natijada duch kelgan yerda shunaqa og‘zingizdan ko‘pik sachratib yurasiz, — bu gapni juda muloyimlik bilan aytdim.

Ammo g‘oyat zo‘r ta'sir qildi.

— Nima?! O‘sha ixtiroing ham, o‘zing ham bir pulga arzimaysan, aslida! Tavba, namuncha osmondan kelasan, o‘vv, tirrancha?! Bildik, kal bo‘lsang ham temir tarog‘ing bor ekan. Faqat o‘zingni o‘yla, o‘zingni... boshqalar o‘lib ketaversin! Seni odam deb kelib o‘tiribman-a?! E, bor-e, chalasavod ovsar! — dedi-da, chiqib ketdi.

Ketganidan so‘ng anchagacha o‘zimni bosa olmay o‘tirdim, chuqur o‘yga toldim. Chindan ham ixtirochi bo‘lib nimaga erishdim o‘zi? Bir olam g‘urbatu mashmashalargami? Tug‘ishganlarim bilan sen-menga borib qolishgami? Oradan ikki-uch kun o‘tib, qolgan barcha tug‘ishganlarim kelib, meni yumma talashdi. Siz ham tushundingiz, To‘ra amakim hyech kimga churq etmagan. Ularni «g‘irt tilanchi» deganmishman! «Uchiga chiqqan surbet bari» deganmishman! Qoyil, To‘ra amaki, qoyil sizga! Tug‘ishganlarimni yana aytishicha, o‘zim bir-ikkita sariq chaqaga ham arzimaydigan temirni yasab, bosar-tusarimni bilmay qolganmishman! Pulim ko‘payib, o‘z tug‘ishganlarimni unutganmishman, ularni oyoq uchida ko‘rsatarmishman!.. Faqat eng kenja singlim lom-mim demadi. Negaki, mashina olmoqchi bo‘lganida kuyovga yarim pulini berib, qarashib yuborgandim...

Ana xolos! Pulga zoriqib yurganimda, birortasi «Ahvoling qalay?» deb so‘rashga yaramaganlardan chiqyaptimi bu gaplar?! Hatto, kichigimizning qo‘li sinib, shahardagi shifoxonaga yotqizishganda ham birortasidan qarzga pul ololmaganman. Qaytanga ularning ko‘ziga shunchalik yomon ko‘ringanmanki... uzoqdan ko‘rishsa, darhol bekinadigan bo‘lishgandi. Og‘ildagi bitta-yu-bitta sog‘in sigirni sotib, xarajat qilgandim o‘shanda.

Anglashimcha, ixtiro qilingach, rosa xursandchilik, tabriklashlar bo‘lishi kerak edi. Ammo men o‘sha xursandchilikni tuymadim. Ha-a, rostdan ham ixtirochilarga oson bo‘lmagan ekan! Endi boshimdan o‘tgach, tushunyapman buni. Siz yaratgan ixtiro ishlab chiqarishga joriy etilishi u yoqda tursin, yaqin tug‘ishganlar o‘rtasida talon-toroj bo‘p ketishi ham hyech gap emas ekan. Siz ne-ne mashaqqatlar bilan yaratgan narsangizga ega chiqmoqchi bo‘lishadi. Tavba, ter to‘kkan, mashaqqat chekkan kimu ega chiqmoqchi bo‘lgan kim?..

Miyamda bitta fikr charx ura boshladi: biron yoqqa ko‘chib ketish. Xotinim, ikki o‘g‘lim bilan maslahatlashib ko‘rdim. Ular ham mening tug‘ishganlarimdan shunchalik bezor bo‘lishgan ekanki, darrov rozi bo‘la qolishdi.

— Dada, shunday qila qolaylik, pulimiz bo‘lsa bor! U yog‘i bir gap bo‘lar! — dedi katta o‘g‘lim.

Shahar chetidan kattagina yeri bor hovli sotib olib, tinchgina yashay boshladik. Men buqa, qo‘chqor semirtirishda davom etdim, ikki o‘g‘lim ishga joylashdi. O-o, qanchalik maza-ya! Ammo «Xayriyat, endi bu yog‘i maza bo‘ladi!», deb bekorlarning qirq beshtasini aytgan ekanman...

(davomi bor)

 Nurpo‘lat NURQULOV

Hikoyaning boshini bu yerda o‘qishingiz mumkin.

Hikoyaning ikkinchi qismi bu yerda.

Hikoyaning uchinchi qismi by yerda.

Hikoyaning to'rtinch qismi by yerda.

.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech