17 Sentyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +18,2 °C

Bo‘sh vaqtda
31 Mart  2019 1560

Ixtirochi

(Davomi. 6-qism)

O-o! Bu tug‘ishganlarim-a?!

Tinchgina, beg‘alva yashay boshladik. Ammo qandaydir bo‘shliqqa tushib qolgandek his qilardim o‘zimni. Harqalay, qarindosh-urug‘larning bori yaxshi ekan. Talashib-tortishib, urishib-arazlashib yurganning ham gashti o‘zgacha-da, baribir. Sezganim jimjitlik ham odamga salbiy ta’sir ko‘rsatarkan. Tavba, odam degani issig‘igayam sovug‘igayam chiday olmas ekan! O‘zimda kechayotgan holatni hali uydagilar bilan o‘rtoqlashganim yo‘q. Ammo ularning ham yuzida qandaydir hissizlik paydo bo‘ldi. Sezmay bo‘larkanmi?

Uff! Buncha siqilmasam? Hamma narsamiz yetarli, to‘kin-sochinlik, ammo baribir nimadir yetishmayapti...

Qaerdan ham shu ixtirolarni qildim-a?! Lallaysam ham tinchgina yuravermaymanmi? Qishloqqa biram qaytgim kelyaptiki... Shu hayhotday hovliga sig‘may ketyapman! Shunaqasiyam bo‘larkan.

Endi gapni qishloqdagilardan eshiting. Buni o‘zlari so‘zlab berishdi.

Biz shaharga ko‘chib ketgandan so‘ng opa-singillarim va ukalarim To‘ra amakimnikiga «razborka»ga borishibdi. Oxirgi marta amakimning mast holda menga ancha achchiq-tiziq gaplarni aytganidan xabarlari bor edi. Keyin bu ham yetmagandek, o‘zlari menga «hujum» qilishgandi...

— Qo‘ying-e, amaki! Odam degani ham shuncha bo‘ladimi? Sizning qo‘shib-chatib aytgan uydirmalaringizga ishonib, Tenglash ukamni yumma talabmiz-a! Aslida uni hammamiz quvib yubordik. Bizni deb qishloqqa sig‘may qoldi Tenglash bechora. Endi bir-birimizning ustimizdan mag‘zava to‘kib, men oppoq, sen aybdor, deb o‘tirmaylik-da, uni qishloqqa qaytarish yo‘lini qilaylik. Qishloq usiz huvillab, hatto, apparatlar ham ishlamay qoldi. Bitta-yu-bitta ixtirochi-olim edi. Shuniyam ko‘p ko‘rdik. Endi qishloqda qanday bosh ko‘tarib yuramiz? Uni ko‘chib ketishga biz majbur qildik, to‘g‘rimi? — debdi opam.

— Gapirmang, biz ham oldi-ortini o‘ylamay, akamga «hujum qilibmiz!» Shu ishimiz noto‘g‘ri bo‘ldi. Kechirim so‘rashga to‘g‘ri keladi endi. Negaki, ayb bizdan o‘tdi. Garchi ixtirolarni akam qilgan bo‘lsa-da, ularni o‘zimizniki qilib olmoqchi, ularga ega chiqmoqchi bo‘ldik. Aslida bunga umuman haqqimiz yo‘q edi. Nohaq bo‘lsak-da, uni ko‘plashib g‘ajib tashlashimizga sal qolgandi, eslaringizdami? Endi Tenglash akamnikiga «Qishloqqa qayt», deb kim boradi? — o‘rtaga savol tashlabdi domla ukam.

— Domla aka, bu yerda bizga achchiq-tiziq gaplarni aytgandan ko‘ra, yaxshisi, o‘zingiz borsangiz-chi? — debdi kichik singlim. — Har holda bizga qaraganda gapga chechanroqsiz, psixologiyadan yaxshi xabardorsiz!

— Esing joyidami? Psixologiyamish! Nima deb, qaysi yuz bilan boraman? Oxirgi janjalimizda unga nimalar deganim esingdami? Yo‘q, men borolmayman! To‘ra amaki siz bora qoling, — debdi domla ukam.

— Iy? Nega men borarkanman? Shuncha tug‘ishgani turganda qiyshanglab men boramanmi? O‘ylab gapiryapsanmi o‘zi? Qisqasi, meni bu ishga aralashtirmanglar. O‘sha sizlar unikiga janjal qilib borganlaringda men yo‘q edim, ana! O‘zlaring pishirgan osh!..

— Amaki, gapingizni o‘ylab gapiring! O‘zingiz-ku, bizni gijgijlab jo‘natgan. O‘zingiz-ku, barcha mashmashaning boshida turgan. Endi, men oppoqman, demoqchi bo‘lyapsizmi? Bekorlarni aytibsiz! — debdi unga kenja ukam. — Aslida olovga moy quygan o‘zingiz bo‘lasiz, bilib qo‘ying!..

Xullas, o‘sha kuni rosa tortishib, biror to‘xtamga kela olishmabdi. Qaytanga o‘zaro jiqqamusht bo‘lishlariga sal qopti. Unisi bunisini qoralabdi, uchinchisi, to‘rtinchisini aybdor debdi va hokazo... Ammo tarqalishdan oldin opamning kallasi ishlab ketib:

— Roppa-rosa bir haftadan keyin, ya’ni yakshanba kuni kechqurun biznikida yig‘ilamiz, To‘ra amaki siz ham keling! Oldin o‘zimizni bosib olmasak, bir-birimizni g‘ajishga tushishimiz ham hech gapmas, — debdi cho‘rt kesib.

Aytuvdim-ku, maqsadga intilish va unga erishishni mana kimdan o‘rganish kerak, deb? Opam olg‘a intildimi bas, keyin ortga chekinmaydiganlar xilidan. Hatto, uchiga chiqqan qaysar pochcham ham bas kelolmaydi-yu! Xullas, yakshanba kuni gapni bir joyga qo‘yib, hammasi shahardagi uyimizga keladigan bo‘lishibdi.

...Kelishdi... tizilishib... qizarib-bo‘zarib... To‘ra amakim, Ulbuvi checha, opam, pochcham, ikki ukam va uch singlim... Manzilni bermaganman, qanday topishdi ekan? Rosa yig‘ilib qolgan ekan, ancha dardlashdik. Keyin ular uzr so‘rashdi, men ham ulardan kechirim so‘radim... yarashdik...

Olam charog‘on bo‘p ketdi go‘yo. Shuncha kundan beri azoblab kelayotgan ziqlik holati ham yo‘qoldi.

Biroq undan sal oldin biznikida quyidagicha suhbat bo‘lib o‘tdi. Kechqurun ovqatlangandan so‘ng hovlidagi so‘rida oilaviy bo‘lib televizor ko‘ryapmiz.

— Negadir bu yerda juda zerikib ketdim. To‘g‘ri, hamma ishlarimiz joyida, ammo mendagi ziqlanish sira ketmayapti! — dedim choydan ho‘plab. — Negadir qishloqdagi uyimizni sog‘inib ketyapman. Menga qaranglar, qishloqqa qaytmaymizmi?

Hammasi mening og‘zimga qarab qoldi. Ichidagini topdim, shekilli.

— Qaniydi, ammo qaysi yuz bilan boramiz? — dedi xotinim. — Shaharda kuni o‘tmay qolib, axiyri qaytib kelishibdi, deyishmaydimi odamlar.

— Ey, qiziqmisan, oyisi? Odamlarning mish-mishi bilan necha pullik ishimiz bor?! Bunaqa narsalarga umuman e’tibor bermasligimni bilasan-ku? Xo‘sh, sizlar nima deysizlar? — dedim o‘g‘illarimga qarab.

— Bizga farqi yo‘q, lekin qishlog‘imiz yaxshiydi, — deyishdi.

Tushunarli, bu «Qishloqqa qaytsak yaxshi bo‘lardi» degani. Xullas, ancha gaplashib o‘tirib, oy oxiriga qishloqqa qaytadigan bo‘ldik.

— Bu uyni sotamiz. Puliga esa qishloqda ikkovingga olgan yer maydonida uy ko‘taramiz. Keyin biron do‘mdan ikkita uch xonali uy sotib olamiz. Kelgusida kerak bo‘lib qolar?

— Uylarni ikki o‘g‘lingizga aparlimaniya qilamizmi? — so‘radi malikai dilozorimiz.

Tushundim, «oformlenie» demoqchi.

— Ha, shunday qilamiz. Menga qara oyisi, to‘g‘ri aytolmaydigan so‘zlaringni ishlatma, xo‘pmi! Kulgiga qolib yurma tagin, — dedim kulgidan o‘zimni zo‘rg‘a tiyib. Ikki o‘g‘lim ham ishshaydi...

Ammo tug‘ishganlar bizdan ilgariroq otni qamchilashgan ekan...

Ular ketishgandan so‘ng uydagilarga dedim:

— Men bir qarorga keldim! Tug‘ishganlarimga tomorqani gullatadiganidan tashqari, portatsiya apparati bilan mol semirtiradigan asbobniyam tekinga yasab bermoqchiman. Ular ham bir yayrasin! Aslida ular quvonsa, biznikida ham quvonch bo‘larkan! Mundoq o‘ylab qarasam, ularni qurumsoq, ziqna, yomon, deyaverib, o‘zim ham shunaqa bo‘p ketibman. Ulardan nuqul ayb qidiradigan bo‘libman-a?! Bora-bora hayotni faqatgina oq va qora ranglarda ko‘ra boshlaganimni sezmay ham qolibman. Yasab berganimda ham, ochig‘i, hech nima yo‘qotmasdim. O‘zimcha ularning esini kiritib qo‘ymoqchi bo‘libman! Natijada ularga qo‘shib o‘zimniyam jazoladim, sizlarni ham qiynab yubordim! Yana o‘zimni ixtirochi-olim, deb yuribman-a! Olim deganining bag‘ri keng, qo‘li ochiq bo‘lmaydimi? Agar shuncha sarguzashtlarni boshdan kechirishimni bilganimda boshidanoq ularning istagini qondirgan bo‘lardim. Odam o‘zini boshqalardan ustun qo‘ydimi, sezgisi, hissi va mehri o‘tmaslasharkan. Hyech kimda yo‘q apparatlar menda bor deb, olimman, tug‘ishganlarim esa menga o‘xshab miyasini ishlatolmaydi, deb ularga yuqoridan qaray boshlagan ekanman. Aslida biror joyim ularnikidan ortiq emas! Buni to‘g‘irlash kerakligini tushundim, xatolarni tuzatishga haliyam kech emas, shekilli! — dedim.

Ular ham tushunishdi. Hatto, kech yetib bordigan xotinim ham tushundi-yey?!

...Endi tug‘ishganlarim uyimizga mashmasha uchun emas, balki apparatlardan qanday foydalanishni o‘qib-o‘rganish uchun kelyapti. O‘qib-o‘rganishga intilishyaptimi, demak yaxshi tomonga o‘zgarishyapti! Bajonidil tushuntirib beraman, ko‘rsataman. Hyech qanday arazgo‘yligu achchiq-tiziq gaplar yo‘q. Qaytanga, ular menga bir-ikkita ajoyib g‘oya ham berishdi. Aytuvdim-ku, tug‘ishganlarim favqulodda zo‘r ixtirochi, olim aslida men emas, balki ular bo‘lib chiqyapti, deb. Yana bir gap, bundan biron ish chiqadimi-yo‘qmi, hozircha bilmadimu ammo tug‘ishganlarimni ham ixtirochiga aylantirishga urinib ko‘rmoqchiman. Bu yog‘ini endi vaqt ko‘rsatadi. G‘urbat ulashgandan ko‘ra, ziyo tarqatish yaxshiroq ekan, bilsam! Maroqli, serzavq! O‘zim ham ilgari rosa dumbul bo‘lgan ekanman-da?! Hayronman, atrofda shuncha go‘zal va yaxshi narsalar turib, nega doim hammadan, hamma narsadan kamchilik, kir qidirganman? Apparatlarimni sinash uchun menga maxsus joy ham, keng, katta va zamonaviy laboratoriya ham kerakmas. Tug‘ishganlarimning o‘zi ularni sinab berishadi. Kamchiliklari bo‘lsa, darrov uyimga yetib kelishadi va uni birgalikda bartaraf etamiz, zo‘r-a!

Tug‘ishganlarning «mehribonchiligi» nafaqat ixtironi, balki ixtirochining o‘zini ham o‘ldirishga qodir, deb ham noto‘g‘ri aytgan ekanman! Tug‘ishganlarning mehribonchiligi aslida yangi-yangi ixtirolarga undarkan, ixtirochiga esa yangidan kuch ato etarkan.

To‘g‘ri, tug‘ishganlar bundayroq kuningda rosa asabingni qaqshatishi, o‘zidan bezor qilib yuborishi mumkin. Biroq zarur paytda qancha kerak bo‘lsa, shuncha turib bera oladiganlar ham shular ekan. Sen bilan jiqqamusht bo‘lsa-da, zarur paytda qalqon bo‘lishniyam boplarkan.

Katta o‘g‘limning to‘yida ularning yelib-yugurib xizmat qilishlari, menga deyarli ish qoldirishmaganidan osmonlarda uchdim. O-o! O‘zimni shunday lazzatlardan mahrum qilmoqchi bo‘libman-a! Ularning mehri, mehribonchiligi shunaqa shaklda namoyon bo‘lishini endi tushundim. Faqat uni ko‘ra, seza bilish lozim ekan. Ortiqcha mayda-chuyda gaplarga e’tibor bermang, tamom-vassalom! Bahonada o‘zim ham ko‘p kamchiliklarimni bilib oldim. Endi, albatta, ularni tuzataman. Mehr kutishdan oldin o‘zing mehr berishing kerak ekan. Bu juda oddiy formula «Bersang — olasan, bermasang — yo‘q!» Shu paytgacha miyamga kelmaganini qarang...

Xullas, kamina mehr berishda va ixtiro qilishda davom etadi!..

Darvoqye, hozir istalgan xorijiy tilni atigi qirq daqiqa ichida o‘rgatib qo‘yadigan, qovoqkallalarning miyasini ishlatib yuboradigan ikki apparat ustida ishlayapman. Tasavvur qiling, oromkursiga o‘tirasiz, boshingizga yarim ko‘z tarvuz po‘choqqa o‘xshagan qalpoq kiydiriladi va siz qirq daqiqa mizg‘iysiz. Keyin istalgan xorijiy tilda sayraydigan bo‘lib chiqib turibsiz-da! Yoki sal boshqacharoq qalpoq kiyib, o‘n daqiqa o‘tirgan «lyuboy» qovoqkallaning miyasi zo‘r ishlaydigan bo‘ladi...

(Tamom)

2014-yil, 29-avgust — 4-sentabr

Nurpo‘lat NURQULOV.

Hikoyaning boshini bu yerda o‘qishingiz mumkin.

Hikoyaning ikkinchi qismi bu yerda.

Hikoyaning uchinchi qismi by yerda.

Hikoyaning to'rtinchi qismi by yerda. 

Hikoyaning beshinchi qismi by yerda.

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech