07 Iyul 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +25,5 °C

Transport
1 Iyun  2020 681

Hududlarning oʻzidan aviaqatnovlar tashkil etiladi

17 yillik tanaffusdan soʻng Fargʻona xalqaro aeroportidan yuklarni xorijiy davlatlarga toʻgʻridan-toʻgʻri joʻnatish imkoniyati qayta tiklandi.

Transport vazirligida tashkil etilgan eksportga koʻmaklashish shtabi tomonidan xorijiy xaridorlarga sifatli mahsulotlarni oʻz vaqtida yetkazib berish taʼminlanmoqda.

Jumladan, Fargʻona viloyatidan xorijga hoʻl mevalar eksporti bilan shugʻullanayotgan RTL logistics, UZ-Segong, XinFergana korxonalari tomonidan boʻlgan murojaatlar va ushbu korxonalarning faoliyati Transport vazirligining aeroportlarni rivojlantirish va yer usti taʼminoti boshqarmasi mutaxassislari tomonidan atroflicha oʻrganib chiqildi.

Eksportyor korxonalar vakillari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda hoʻl mevalarni Fargʻona viloyatining oʻzidan yuk aviaqatnovlarini tashkil etish masalasi oʻrganib chiqildi.

Eksportyor korxonalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularga qulay shart-sharoitlarni yaratib berish maqsadida UZ-Segong va XinFergana korxonalari tomonidan eksport uchun tayyorlanayotgan 50 tonna gilos mahsuloti 1-iyun kuni Fargʻona xalqaro aeroportidan Koreyaning Seul xalqaro aeroportiga toʻgʻridan-toʻgʻri yetkazilishi taʼminlandi.

Mazkur jarayonni muvaffaqiyatli amalga oshirish maqsadida, Namangan va Toshkent xalqaro aeroportlaridan maxsus texnika vositalari Fargʻona xalqaro aeroportiga olib kelindi. Havo kemasi yetib kelguniga qadar esa aeroport xodimlariga maxsus mashgʻulotlar oʻtkazildi.

Barcha tashkiliy masalalar muvaffaqiyatli amalga oshirilib, 50 tonna gilos mahsulotini Seul shahriga yuborish amaliyoti omadli yakunlandi. Shunday qilib xorijga toʻgʻridan-toʻgʻri Fargʻona xalqaro aeroportidan yuklarni yuborish imkoni yaratildi, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech