25 May 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +35,4 °C

Mamlakatimizda
11 May  2020 418

“Jangchi pedagog”

Katta dadam Tojimat Asraqulovni xotirlab.

Katta dadamiz, yaʼni onamizning padari buzrukvorlari, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Tojimat Asraqulov haqida uzoq yillardan beri biror maqola yoki esse yozishga jurʼat qilolmay kelayotgan edim. Chunki menda ular haqlarida hech qanday daliliy hujjatlar yoʻq edi. Ularning bir nechta foto suratlari bor edi, xolos. Televideniye va ijtimoiy tarmoqlardagi gʻalabaga bagʻishlangan turli tanlovlar va onajonimning saʼy-harakatlari meni shu ulugʻ ishga undadi. Men bir oddiy inson emas, balki Asraqulovlar oilasining eng dongdor shaxslaridan biri, obroʻ-eʼtiborli va xalqning, millatning eng zabardast jangchi oʻgʻloni haqida maqola yozishim kerak edi. Shuning uchun katta dadam Asraqulov Tojimat ota haqida maqola yozish uchun menda ancha vaqtgacha hadik boʻldi...

Katta dadam Tojimat Asraqulovning oʻz qoʻllari bilan yozgan ikki xildagi (oʻzbekcha va ruscha) tarjimayi hollariga, shu vaqtgacha saqlanib kelgan shaxsiy hujjatlaridagi materiallarga, onam Salomatxon Ismoilova va xolalarim Zarifaxon hamda Mariyaxon Asraqulovalarning xotiralari hamda bergan maʼlumotlariga tayangan holda katta dadamiz haqlarida quyidagilarni yozishga jazm qildim.

Asraqulov Tojimat 1923-yil 2-yanvarda Fargʻona viloyati, (avvalgi Kirov) Beshariq tumani Rapqon qishlogʻida chorvador-dehqon oilasida tavallud topgan. Otalari Asraqul Mamadaliyev va onalari Ruqiya Mamadaliyevalar 1917-yilgi inqilobga qadar dehqonchilik bilan shugʻullanishgan, keyinchalik kolxozlashtirish boshlangandan soʻng “Kommunizm yoʻli” kolxozi (keyinchalik, “Moskva” va “Rapqon” jamoa hoʻjaligiga oʻzgartirilgan)da ishlaganlar.

Katta dadamning urushgacha davr oraligʻida koʻrgan-kechirganlari haqida hech qanday yozma maʼlumot yoʻq, afsus. Chunki 2-Jahon urushigacha quloqlashtirish (1929-1933-yillarda) davrida uyida 3-4 ta chorvasi bor va maʼlum bir qoʻshimcha yerlari bor odamlar boy sanalib, sobiq ittifoqning turli hududlariga quloq qilina boshlangan edi.Oʻshanda yolgʻiz farzandi, yaʼni Tojimat Asraqulov va ayollari bilan Asraqul bobo va u kishining akalari Bahromqul bobo (Tojimat Asraqulovning amakilari; onamizning aytishlaricha, Bahromqul otani ular Bahromqulkatta deb chaqirishgan ekan, Bahromqul kattaning farzandlari boʻlmaganligi sabab, katta dadamiz Tojimat Asraqulovga padari buzrukvorlari Asraqul otamiz amakilarini dada, ayollarini esa ona deb chaqirtirishgan ekanlar)lar hamma mol-mulklaridan ayrilib, Toshkent viloyati (avval Toshkent viloyatiga qaragan)Mirzachoʻl tumanidagi “Zolotoy” posyolkasiga koʻchirilgan ekanlar.

Oʻsmirlik va yigitlik davrlarini oʻsha “Zolotoy” posyolkasida oʻtkazgan Tojimat Asraqulov Mirzachoʻl tumanidagi ayrim fanlarga ixtisoslashtirilgan maktabda taʼlim olgan. 1937-yil Mirzachoʻl tumanidagi Kuybishev nomli maktabning 7-sinfini tamomlab, Toshkent shahridagi pedagogika bilim yurtida 1940-yilga qadar tahsil olganlar. Ushbu bilim yurtini faqat aʼlo baholarga tamomlagan.Tojimat Asraqulov 1941-yil Toshkent viloyati xalq taʼlim boqarmasi qoshida ochilgan predmet oʻqituvchilari tayyorlash kursida tahsil olib, 18 yoshlarida tumandagi 7 yillik Frunze nomli 13-maktabda oʻqituvchilik faoliyatini (1941-yildan 1942-yil7-iyulga qadar) boshlab yuborganlar.

Shu oʻrinda bir narsani aytib oʻtishni joiz deb bildim. 1941-yil 22-iyunda fashistlar Germaniyasining sobiq ittifoqqa boshlagan xoinona hujumi yosh yigit Tojimat Asraqulovning ham jangga kirib, fashistlarni yanchishga boʻlgan ishtiyoqini uygʻotdi. Yaqinlarimizning aytishlaricha, katta dadamiz urushga borish maqsadida bir necha bor ariza bilan Harbiy komissariyatga murojaat qilgan ekanlar. Oilaning yolgʻiz farzandi sababmi yoki yoshlari biroz kichiklik qilganmi, qaysidir sabab arizalari qabul qilinmagan ekan...

Tojimat Asraqulov, yaʼni katta dadamiz, aynan1942-yil7-iyulda sobiq ittifoq Armiyasiga chaqirilgan. 1942-yil 7-iyuldan 10-avgustga qadar Moskva qizilarmiya gvardiyasi diviziyasining 46-oʻqchi zahiradagi polkida harbiy amaliyotda boʻlganlar. 1942-yil 10-avgustdan 29-noyabrga qadar Voronej frontida, undan keyin Kalinin frontida, yaʼni Rossiyaning Pskov viloyati Velikiye Luki shahridagi jangda ishtirok etgan. 1941-yil 29-noyabrda qoʻllaridan yaralanib, Kemerovo shahridagi 2729-sonli evako harbiy gospitalga yotqizilganlar, u yerda 1943-yil 1-yanvarga qadar davolanganlar. Aynanshu 2729-sonli va 1507-sonli harbiy gospitallar shahardagi 1932-yilda ochilgan 7 yillik8-maktab binosiga koʻchirilganligi intertet manbalarida maʼlum boʻldi.

Katta dadamiz yarador boʻlib, davolanganlaridan keyin rus tilini mukammal bilganliklari sabab, 1943-yil 1-yanvardan shu yilning 22-sentyabriga qadar Kalinindagi 1-Boltiqboʻyi frontining kichik leytenantlar tayyorlash kursida tahsil olganlar. 1943-yil 22-sentyabrda 1- Boltiqboʻyi frontining 958-sonli buyrugʻi bilan ularga Kichik leytenant unvoni berilgan.

1943-yil 22-sentyabrdan 18-oktyabrga qadar 1-Boltiqboʻyi fronti diviziyasi 90-oʻqchi polkidagi 508-pulemetchilar vzvodiga komandirlik qilganlar. 1943-yilning 13-oktyabridan 1944-yilning 20-oktyabrigacha 1-Boltiqboʻyi fronti diviziyasi 9-oʻqchi polkidagi 18-pulemetchilar vzvodiga komandirlik qilganlar.

1944-yil 20-oktyabrida katta dadamiz Latviyaning Libava shahridagi qaqshatqich jangda mina portlashi oqibatida boshlaridan ogʻir yarador boʻlib, 1944-yilning 20-mayiga qadar Chkalov shahridagi 1658-sonli evako-gospitalda davolanadilar.

Manashu vaqtda aytishlaricha, katta dadamdan qora xat ham kelgan ekan. Katta momomiz Ruqiya buvi va katta otamiz Asraqul bobo hamda yaqinlar bu musibatni qanday koʻtara olganliklarini tasavvur qilish qiyin. Chunki katta dadamiz qonga belangan holda 3 kun mobaynida bexush oʻliklar orasida qolib ketgan ekanlar. Hayotdan nasibalari bor ekanmi, yolgʻiz farzand boʻlganliklarimi yoki otalari va onalarining duolari sababmi, bexush yotgan katta dadam bir hamshira qizning xushyorligi sabab, operatsiyaga olingan ekanlar. Yaʼni oʻsha xamshira qiz katta dadamizning xaloskori boʻlgan edi. Keyinchalik katta dadamiz farzandlariga boʻlgan voqealarni eslash asnosida, oʻsha qizning ismi Mariya ekanligini va bir xolamizga aynan oʻsha xamshiraning ismini qoʻyganliklarini aytib bergan ekanlar...

Onamizning aytishlaricha, katta dadamizdan kelgan qora xat Ruqiya buvimizga oʻz taʼsirini koʻrsatib boʻlgan edi. Garchi yolgʻiz farzandlarining tirikliklari haqidagi xushxabar kelgan boʻlsa-da, oʻgʻillarini bagʻirlariga olgan boʻlsalar-da, oʻsha mashʼum qora xat kelgan kun ularga katta ruhiy zarba sabab Ruqiya buvimiz koʻp oʻtmay, juda yosh qazo qilgan ekanlar.

Oʻshanda 21 yoshli katta dadamiz juda ogʻir jarohatdan omon qolgan edilar. Onamlarning aytishlaricha, uzoq vaqtdan keyin xushlariga kelgan katta dadamiz, yashab keta olishlariga uncha koʻzi yetmagan ekan. Oʻzlarini davolagan vrachdan yana qancha yashashlari mumkinligini soʻraganlarida, “Oʻgʻlim, hech ham qaygʻurma, sen yana 10 yil yashashing mumkin”, degan ekan, goʻyo koʻngillarini koʻtargandek. Bu gaplarni eshitgan katta dadamiz qattiq tushkunlikka tushib qolgan ekanlar. Ming shukrki, oʻsha vrach qattiq adashgan edi, 10 yildan keyin sogʻlomliklarini bilib, hayotga yana oʻzgacha muhabbat qoʻyib, ota-ona xizmatiga va farzandlar tarbiyasiga hamda oʻz pedagoglik faoliyatlarini sidqidildan davom ettirishga bel bogʻlagan ekanlar.

Katta dadamiz ogʻir yaradorlikdan keyingi muolaja sabab harbiy gospitalda uzoq vaqt davolangan edilar.

Ushbu evakogospital komissiyasining qaroriga koʻra, katta dadamizga6 oylik taʼtil beriladi. Shu vaqt oraligʻida oʻrta ofitserlik kursini ham tamomlaganliklarini yozganlar. Libavadagi jangda koʻrsatgan jasoratlari uchun “Qizil yulduz” ordeni va bir qancha Ikkinchi jahon urushi orden va medallari bilan taqdirlangan.

Katta dadamiz 1945-yil 7-iyunda ona Vatanga qaytdilar va oʻsha vaqtda tuman komissiyasi ularga 2-guruh nogironligini bergan.

Urushga sogʻlom, zakiy boʻlib ketgan bir oʻgʻlon ham urushdan soppa-sogʻ qaytmadi. Ota-onalari zoʻrgʻa topgan oʻgʻillarini bemor holda qabul qildilar. Urush mana shunday jarohatlar va katta yoʻqotishlar bilan oʻz yakuniga yetgan edi.

Katta dadamiz Tojimat Asraqulov urushdan keyin tumanimizdagi maktablarda oʻqituvchilik qilganlar, 60 yillarda Fargʻona davlat pedagogika instituti (hozirgi FarDU) ning tarix fakultetini ham sirtdan tamomlagan edilar. Keyinchalik ular tashkilotchi va direktorlik lavozimlarida ham uzoq vaqt ishladilar.

Mamlakatimizning yirik filolog olimlaridan biri, asli rapqonlik, filologiya fanlari doktori, professor Umarali Normatov katta dadamning juda keng qamrovli bilimga ega pedagog boʻlganliklarini bir maqolalarida bayon qilib ketganligini juda yaxshi eslayman. Chunki katta dadamiz Umarali Normatov oʻqiydigan sinfga oʻsha paytlari dars bergan edilar. Bu maqola 2007-yildagi “Maʼrifat” gazetasinning qaysidir sonida chop etilgan edi. Oʻsha katta maqola butun boʻy basti bilan katta dadamning insoniylik fazilatlari va pedagoglik mahoratlariga bagʻishlangan edi, hamda Umarali Normatov ularning jahon adabiyotini ham juda mukammal bilganliklarini eʼtirof ham etgandilar. Domlaning aytishlaricha, katta dadamiz Shekspirning asarlarini shu qadar yoddan bilar ekanlarki, hatto rolga kirib ijro qilib berganliklarini ham katta hayajon bilan xotirlagan edilar.

Tojimat Asraqulov oʻzlarining oʻtkir bilimlari va yuqori pedagoglik mahoratiga ega boʻlganliklari sabab 1968-yil “Xalq maorifi aʼlochisi” unvoniga sazovor iboʻlganlar.

Tojimat Asraqulov, pedagoglik faoliyatlari bilan birga Rapqon qishloq soveti kengashiga deputat va tuman xalq sudining maslahatchilik kengashiga ham maslahatchi sifatida qabul qilingan.

Oʻsha atigi 10 yil yashashlarini aytgan vrachning soʻzi notoʻgʻri boʻlib chiqdi. Katta dadamiz urushdan kelib, ajoyib buvijonimiz rahmatlik Noriniso buvimizga uylandilar va birin-ketin qiz farzandlar koʻrishdi. Katta otamiz Asraqul bobo va katta momo Ruqiya buvimiz bittayu bitta oʻgʻillaridan ketma-ket tugʻilayotgan shirindan-shakar farzandlarni koʻrib quvondilar, hatto Asraqul bobo nabira qizlariga atab, katta ot soʻyib toʻylar ham qilib berdilar. Oʻsha toʻyda Qoʻqonning “Hamza” teatri aktyorlari xizmatda boʻlgan ekanlar. Urushdan omon kelgan katta dadamiz hammasi boʻlib 13 ta farzand koʻrdilar: 9 qiz va 4 oʻgʻil. Afsuski, 3 nafar qizlari (birlari chaqaloqliklarida, ikkinchilari 13-14 yoshlarida va oxirgilari 30 yoshlarida bevaqt vafot etganlar) katta dadam va buvimlar hayotliklarida bevaqt olamdan oʻtgandilar...

Boshdan olingan ogʻir jarohat va tanalaridagi bir necha oʻq va oskolkalardan qolgan chandiqlar tufayli bir umr ogʻriq va azoblar bilan yashagan katta dadamiz, 3 nafar farzand dogʻini ham yosh onalarining va keksa otalarining vafotlarini ham koʻtara oldilar...

Shukrki, qolgan farzandlar el xizmatida boʻlib, ularning yonlariga kirishdi, ularning choʻkkan koʻngillariga malham boʻlishdi.

Katta dadamiz Tojimat Asraqulov uzoq yillar davomida qishloqdagi Pushkin nomli 29-maktabda nafaqaga chiqqunlariga qadar direktor lavozimida ishlab, yosh avlodga taʼlim-tarbiya berdilar.

El xizmati va ardogʻida boʻlgan va koʻplab shogirdlar yetishtirgan katta dadamiz Tojimat Asraqulov 1990-yil 2-mart kuni bu foniy dunyoni 67 yoshlarida tark etdilar...

...Men va yaqinlarim biror joyda ham katta dadamizning kino tasvirlarda qolgan nigohlari va soʻzlari qolmagan deb afsuslanib yurganimizda, ne baxtki, 1982-yil Yaponiyaning NHK kompaniyasi tomonidan suratga olingan katta hajli hujjatli film serial “The Silk Road” (Ipak yoʻli) televideniyeda koʻrsatilganligi haqida xabar kelib qoldi, yaʼni uning “Dovonning samoviy otlari” nomli qismida bizning katta oila koʻrsatilgan edi. Esimda, men ham bor edim, oʻsha filmda, atigi 4 yoshli bola edim. Syomka jarayonlarini elas-elas eslardim...

Bu voqea 2012-yilda boʻlgan edi. Katta hayajon bilan, buni aynan qaysi kanaldan berilganligini bilishga qiziqdim. Lekin oʻsha yillarda sharqshunoslik institutida faoliyat koʻrsatib yurganimda bir Yaponiyada tahsil olib qaytgan talabamdan aynan shunday film haqida soʻradim, u esa Toshkentdagi Yapon markazida ayni shu kabi filmlar borligini aytib qoldi va maʼlum kunlar oʻtib, bizning katta oila tushgan kassetani keltirib berdi... Bu film bizning katta oilaga syurpriz boʻldi. Onam, xolalarim, togʻalarim va biz nabiralar katta hayajon va koʻz yoshlari bilan bot-bot tomosha qildik. Hammalari meni duoga koʻmib yubordilar. Chunki u filmda katta dadamiz Tojimat Asraqulovning va yosh yoʻqotgan bir xolamizning siymolari bor edi... Bu kabi yirik loyihadagi filmga hammaning oilasini ham olishavermas edilar. Oʻsha vaqt sobiq ittifoqning eng “gullab yashnagan davri” edi. Uzoq surishtiruv va tekshiruvlar, qolaversa, katta dadamizning obroʻ-eʼtiborlari va hurmatlari sabab bizning oila tanlangan edi...

Mana shuncha obroʻ-eʼtibor bilan xalqqa tanilgan va ulkan yutuqlarga erishgan katta dadamiz, Tojimat Asraqulovdan bugun biz farzand va nabiralari bir umr fahrlanib yashaymiz va doimo ruhingiz shod boʻlsin, joylaringiz jannatdan boʻlsin, Otajon deymiz!

Qahramon Ismoilov,
nabirasi

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech