18 Iyun 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +33,2 °C

Xalqaro munosabatlar
2 May  2019 815

Jurnalist kadrlarni tayyorlashda xalqaro hamkorlik

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti ta’lim jarayonini yangicha, xalqaro standartlarga mos ravishda tashkil qilish, jamiyatga zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega malakali kadrlarni yetishtirish yo‘lida keng ko‘lamli ishlarni olib bormoqda.

Ayniqsa, bunda jahonning yetakchi universitetlarida jurnalistik ta'lim mazmuni,  tajribalarni o‘rganish va ularning ilg‘or jihatlarini o‘quv jarayoniga tatbiq etishning ahamiyati katta. Shu maqsadda xorijiy davlatlarning oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga jiddiy e'tibor qaratilmoqda.

Ana shunday hamkorlik Janubiy Koreya Respublikasi universitetlari bilan ham amalga oshirildi. Joriy yilning 17-23-aprel kunlari universitet rektori Sh.Qudratxo‘jayev boshchiligidagi delegatsiya Janubiy Koreyada bo‘lib qaytdi. 

Safar davomida delegatsiya a'zolari Janubiy Koreyaning Kukmin (Kookmin), Songjungvan (Sungkyunkwan) va Koreya Milliy Ochik Universiteti (KNOU) larida bo‘lib, ulardagi ta'lim tizimi, multimedia, foto va tele laboratoriyalarida talabalari tomonidan uzluksiz ravishda olib borilayotgan amaliy mashg‘ulot jarayonlari bilan tanishdi.

Kukmin (Kookmin) universiteti va O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Bu muhim hujjat talabalar, professor-o‘qituvchilar almashinuvi, birgalikda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, magistrantlarning Double Degree dasturi bo‘yicha Janubiy Koreyada tahsil olishi kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, Songjungvan (Sungkyunkwan) universitetining media va ommaviy kommunikatsiyalar departmenti (Media and Communication Department) bilan ham ikki tomonlama xalqaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

Koreya Milliy Ochik Universiteti (KNOU)ning o‘zida tashkil etilgan raqamli multimedia markaz (Digital Broadcasting Centre) va unda masofaviy ta'lim uchun qo‘llanadigan texnologiyalar, onlayn ma'ruzalar tayyorlash jarayoni bilan ham yaqindan tanishdilar. Ikki universitet o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar jarayonida xalqaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, masofaviy ta'limni jurnalist kadrlar tayyorlashda kengroq joriy qilish mexanizmlarini ishlab chiqish xususida ham fikr va tajriba almashildi.

Safar dasturidan o‘rin olgan muhim tadbirlardan biri – xalqaro konferensiyada ishtirok etish edi. Mamlakat poytaxti Seul shahrida an'anaviy O‘zbek-Koreya ilmiy uchrashuvlarining davomi bo‘lgan “Media, Human, Society in Asia. Korea and Uzbekistan” – (Osiyoda axborot, inson, jamiyat: Koreya va O‘zbekiston) deb nomlangan mavzuda xalqaro ilmiy-media konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyada koreyalik professorlar tomonidan zamonaviy ommaviy axborot vositalarida gumanitar fanlarning ahamiyati, Yangi New media rivojlanishidagi muammo va tendensiyalar, Osiyo ommaviy axborot vositalarining kontenti – tinchlik va farovonlik xizmatida, Koreyaning madaniy xususiyatlari va ularning ommaviy axborot vositalarida yoritilishi singari mavzularda ma'ruza qildi. Shu bilan birga, delegatsiya a'zolari zamonaviy jurnalistikaning transformatsiya davridagi muammolari, New media kontekstida tomoshabinlarning roli Axborot texnologiyalari va ularning jurnalistikaga ta’siri, xalqaro jurnalistikaning rivojlanishida xorijiy tillarga e'tibor muhim omil sifatida  mavzularda ma'ruzalar qildi.

O‘zbekiston vakillari uchun Janubiy Koreya universitetlari bilan birgalikda eng mashhur KBS (Koreian Broadcasting Sistems) teleradiokompaniyasiga media tur ham tashkil etildi. Shu o‘rnida aytish lozim o‘zbek tomoshabinlari tomonidan sevib tomosha qilinadigan koreys seriallari aynan KBSda tasvirga olinadi. O‘z faoliyatini 1927-yilda boshlagan  va shu yili  Koreya radio uzatish tizimi sifatida efir yuzini ko‘rgan bo‘lsa,  1971-yilga kelib KBS ommaviy teleradiokompaniyaga aylantirildi.

O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti xodimlari tomonidan Janubiy Koreyaga qilingan besh kunlik safar juda sermazmun va ilmiy-amaliy taassurotlarga boy bo‘ldi. Olingan tajribalar va kelgusida yo‘lga qo‘yadigan hamkorlik yurtimizda har tomonlama yetuk, malakali jurnalist kadrlarni tayyorlab chiqarishga xizmat qiladi.

                                                            Nagina IBRAGIMOVA,

  O‘zJOKU ta’lim sifatini nazorat

 qilish bo‘limi boshlig‘i

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech