24 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +11,2 °C

Kеyingi avlod
3 Dekabr  2018 1425

Bolalar bog‘chasi yanada qulay bo‘ladi

O‘quvchilarning o‘zini o‘zi muntazam rivojlantirib borishi kadrlar tayyorlashda muhim o‘rin tutadi. Ana shu yo‘nalish bo‘yicha o‘tkazilgan «Bolaning har tomonlama rivojlanishini ta’minlashda innovatsion ta’lim muhitining o‘rni»  mavzusida o‘tkazilgan xalqaro anjumanda mamlakatimiz va xorijlik ekspertlar qizg‘in muhokama qilishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi, YUNISEF, Jahon banki vakillari va boshqa mutaxassislar mazkur soha bo‘yicha tajriba va olingan natijalar bilan o‘zaro o‘rtoqlashishdi.

- Maktabgacha ta’limda raqobatbardosh tizim yaratish uchun boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish lozim. Xususan, uni axborot, kadrlar hamda moliyaviy resurslar integratsiyasi va kooperatsiyasi tamoyili asosida rivojlantirish kerak. Loyihalashtirish va ta’lim muhitini shakllantirishda samarali mexanizmlarni joriy etish tarmoqning yanada kengayishiga, shuningdek, xususiy muassasalar va ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatining oshishiga xizmat qiladi, - deydi Maktabgacha ta’lim vaziri Agreppina Shin.

Xorijiy hamkorlar bu borada qo‘llab-quvvatlashga va har tomonlama hamkorlik qilishga tayyor ekanini ma’lum qildilar.

- Muhimi, jismoniy, hissiy, ijtimoiy va fikrlash-o‘ylash qobiliyatini rivojlantirishda har bir bolaga bir xil imkoniyat berilishi lozim. O‘zbekistonda har uch fuqarodan biri bolakay bo‘lib, ularning har biri keyingi o‘n yillikda mehnat bozoriga chiqadi, - deydi YuNISeFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Graumann. – Mamlakat imkoniyatning demografik darchasi afzalliklaridan foydalanishi uchun ularga hozirdanoq investitsiya kiritishi lozim.

Salford universitetining xizmat ko‘rsatgan professori, Oksford universiteti (Buyuk Britaniya)ning faxriy ilmiy xodimi Piter Barretning ma’ruzasi barchada qiziqish uyg‘otdi. Uning aytishicha, kuchaytirish, individuallashtirish, tabiiylik tamoyillari asosidagi «aqlli» sinf xonalarini barpo etish kerak. Unda yaratiladigan ish muhiti ham bolalarda mehnat qilishga qiziqish uyg‘otadi, e’tiborini boshqa narsalarga chalg‘itmaydi. Shuningdek, ularga shaxsiy hudud – alohida-alohida kiyim javoni taqdim etiladi, bolalarning o‘zi bajargan ishlari namoyish uchun osib qo‘yiladi, ularni qiziqtirishga yo‘naltirilgan qulay o‘quv muhiti yaratiladi, shuningdek, sinfxona mos ravishda yoritiladi, harorat va havoning tozaligi me’yorida ushlab turiladi.

- Davlat 2021-yilga borib olti-yetti yoshli bolakaylarni yuz foiz maktabgacha ta’lim tizimi bilan qamrab olishni rejalashtirgan. Bu qiyin ko‘rinsa-da, lekin amalga oshirsa bo‘ladigan maqsad. Jahon banki ushbu sektorni rivojlantirish borasidagi xalqaro tajribalar bilan o‘rtoqlashishga va sohada islohotlarni amalga oshirish uchun moliyaviy resurslarni taqdim etishga tayyor. Xususan, kelasi yili bunga 55 million dollar mablag‘ ajratmoqchimiz, - deydi Jahon banki vakili Xideki Mori.

A. Akramova

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech