19 Sentyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +33,4 °C

Suhbat
4 Fevral  2019 1919

Kassa cheklari inson organizmi uchun xavfli(mi?)

Texnologiya olami rivoj topib borgani sari uning inson salomatligiga ta'siri ham kuchayib bormoqda. Hatto, kundalik turmushimizda uchraydigan, u qadar e'tibor bermaydiganimiz ayrim narsalar kishi salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘diradi.

Termoqog‘ozlarga bosiladigan cheklar ham ana shulardan biridir. Biz cheklarning zarari borasida kimyo fanlari nomzodi Xoniya Asilbekovaga murojaat qildik.

– Xaridorga sotuvchi tomonidan taqdim etiladigan kassa cheklari salomatlik uchun qanchalik zararli?

– Bilasizmi, termoqog‘oz qiziganida o‘z rangini o‘zgartiradi. U nafaqat do‘konlar, balki bankomatlarda ham qo‘llaniladi.

Termoqog‘oz ishlab chiqarishda plastmassaning keng tarqalgan tarkibiy qismi bisfenol A (BPA)dan foydalaniladi. Bu modda g‘oyatda xavfli sanaladi. Inson organizmiga tushganida bisfenol A saratonning turli shakllari, gormonal buzilishlar va organizm bilan bog‘liq boshqa muammolarning kelib chiqishiga sababchi bo‘ladi.

Dunyo olimlaridan iborat guruh Ispaniya, Fransiya va Braziliya do‘konlaridan olingan cheklarni tadqiq etishga qaror qilishdi. Ularning qo‘lida yuzdan ortiq namunalar bor edi. Tadqiqotlar natijasida, Braziliya va Ispaniyadagi cheklarning 90 foizi tarkibida bisfenol A mavjudligi aniqlandi. Faqat fransuz cheklarida ushbu modda ozroq qo‘shilgan ekan, biroq u yerda xavfi bir oz kamroq bo‘lgan bisfenol S mavjud edi. Olimlar bu modda ham salomatlik uchun xavfli ekanini ta’kidlamoqda.

Bisfenol A kimyoviy moddasi agar oziq-ovqat mahsulotlari bilan yonma-yon qo‘yilsa, ular orqali organizmga kirib borishi natijasida ko‘krak, bachadon, jinsiy a’zolar va boshqa turdagi saraton to‘qimalarini paydo qiladi. Shuningdek, ushbu modda organizmdagi gormonlar me’yorini buzib, semirishga olib keladi.

– Mazkur xavfdan saqlanish uchun asosiy e’tiborni nimalarga qaratish zarur?

– Tahlil qilingan ma’lumotlarga asoslanib, do‘konlardan olingan cheklarni oziq-ovqat mahsulotlari yonida saqlamaslik, tashlab yuborilishidan avval g‘ijimlash va yirtib tashlamaslik tavsiya qilinadi. Termoqog‘oz g‘ijimlanganda yoki bo‘laklarga bo‘linganida qo‘llarda BPAga ega bo‘lgan mayda chang yuqi qolishi mumkin. Bundan tashqari, cheklarga rasm solish, ularni hamyon, sumka va mashinalarda saqlamaslikni maslahat bergan bo‘lardim. Eng asosiysi, termoqog‘ozlarni bolalar qo‘liga bermaslik kerak.

Mazkur maslahatlar barchamizga tegishli ekanligini zinhor unutmasligimiz lozim.

Anvar Sherov yozib oldi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech