03 Iyul 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +30,6 °C

Ijtimoiy hayot
10 Yanvar  2019 2722

Kimlar notarial xizmatlar uchun to‘lovdan ozod qilindi

Adliya vaziri tomonidan joriy yil 9-yanvar kuni imzolangan buyruqqa asosan 2019-yil 10-yanvardan boshlab aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari hamda ayrim tashkilotlar notarial harakatlarni amalga oshirish uchun davlat notarial idoralariga murojaat qilganda huquqiy va texnik tusdagi qo‘shimcha harakatlar uchun haq to‘lashdan ozod qilindi, deb xabar bermoqda “Huquqiy axborot” kanali.

Masalan, bugungi kunga qadar nafaqadagi shaxs pensiya pullarini olish uchun biror shaxsga ishonchnoma berganda notariuslar tomonidan eng kam oylik ish haqining 10 foizi, ya’ni 20273 so‘m miqdorida pullik xizmat undirib kelingan. Bunda, 2018-yil davomida jami 117102 ta bunday turdagi ishonchnomalar tasdiqlangan bo‘lsa, undiriladigan huquqiy va texnik tusdagi harakatlar uchun to‘lov miqdori 2 mlrd. 374 mln. so‘mni tashkil etgan.

Endilikda, nafaqadagi shaxs pensiya pullarini olish uchun ishonchnoma berganda notariuslar tomonidan hyech qanday to‘lovlar undirilmasligi belgilandi.

Notarial xizmatlar uchun to‘lanadigan pullik xizmat to‘lovlaridan ozod qilinadigan shaxslar toifalariga quyidagilar kiradi:

fuqarolar:

  • pensiyalar va nafaqalarni olish uchun zarur bo‘lgan, shuningdek, vasiylik qilish va farzandlikka olish to‘g‘risidagi hujjatlarning nusxalari tasdiqlaganda;
  • mol-mulkni davlat foydasiga vasiyat yoki hadya qilganda;
  • Vatanni himoya qilish chog‘ida halok bo‘lgan shaxslarning mol-mulki uchun meros guvohnomalar berganda;
  • meros qoldiruvchi bilan bitta uyda doimiy ro‘yxatda bo‘lgan va uning vafotidan keyin ham shu manzilda yashayotgan shaxslarga meros guvohnomalar berganda;
  • meros qoldiruvchining intellektual mulk huquqlari uchun meros guvohnomalar tasdiqlaganda;
  • banklardagi omonatlar, sug‘urta summalari, davlat zayom obligatsiyalari uchun, ish haqi summalari uchun meros guvohnomalar tasdiqlaganda;
  • pensiyalar va nafaqalar olish uchun ishonchnomani tasdiqlaganda;
  • surunkali ruhiy kasallikka chalinganlarning vasiylariga mol-mulkka vorislik guvohnoma berganda;
  • ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisada vafot etgan xodimning ish beruvchi hisobidan sug‘urtalangan puliga meros guvohnoma berganda;
  • 1941—1945-yillardagi urush, Afg‘oniston Respublikasida baynalmilal va Chernobil AESining avariya oqibatlarida qatnashgan shaxslar hamda halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan shaxslarning oila a’zolariga imtiyozlar berilishi uchun hujjatlarning nusxalarini tasdiqlaganda;
  • fermer va dehqon xo‘jaligida ishlayotgan merosxo‘rlarga ushbu xo‘jalikka tegishli mol-mulk bo‘yicha merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma berganda;
  • kommunal xizmatlar to‘lovi bo‘yicha qarzlarni undirish yuzasidan ijro yozuvlarini tasdiqlaganda;
  • mualliflik huquqi mukofotlarini undirishga qaratilgan ijro yozuvlarini amalga oshirganda;
  • sug‘urta pullarini undirish yuzasidan merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma tasdiqlaganda.

 tashkilotlar:

  • soliq va moliya organlariga davlatning mol-mulkiga nisbatan meros guvohnomalar berganda;
  • maktab-internatdagi va ixtisoslashtirilgan maktablardagi o‘quvchilarning ota-onalaridan maktab ta’minoti uchun qarzlarni undirish bo‘yicha ijro yozuvlarini amalga oshirganda.

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech