30 May 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +20,4 °C

Turizm
6 May  2020 859

Noyob tanlovga start berildi

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Gastronomik turizm assotsiatsiyasi «O‘zbekistonning noyob taomlari» tanloviga start berilayotganini ma’lum qiladi.

O‘zbekistonning gastronomik salohiyati ko‘plab xorijlik sayyohlarimiz tomonidan doim yuqori baholanib kelinadi. Shu bilan birga, mamlakatimiz National Geographic tanlovida eng yaxshi gastronomik yo‘nalish g‘olibi sifatida e'tirof etilgan. Bundan tashqari, O‘zbekiston Butunjahon turistik tashkiloti tashabbusi bilan tashkil etilgan #SayohatErtaga gastronomik kampaniyasida qatnashmoqda.

«O‘zbekistonning noyob taomlari» tanlovi ham mana shunday ishlarning mantiqiy davomi hisoblanadi.

«O‘zbekistonning noyob taomlari» loyihasiga ko‘ra, tanlovda ishtirok etishni istagan kishilar o‘z hududlariga xos bo‘lgan qadimiy, antiqa va tobora yo‘qolib borayotgan kamida 5 milliy taom (suyuq, quyuq, pishiriq, shirinlik) retseptini taqdim etishi kerak bo‘ladi.

Ishtirokchidan quyidagi ma'lumotlar talab etiladi:

- Taom, uning tarixi va muallifi haqidagi qisqacha ma'lumot va qiziqarli faktlar;

- 5-6 kishilik porsiya uchun kerak bo‘ladigan masalliqlar ro‘yxati (kilogramm, gramm, litr, qoshiq kabi o‘lchovlar bilan);

- Masalliqlarning qanday shaklda to‘g‘ralishi (kubik, somoncha, halqasimon va b.) Taomni tayyorlash jarayoni aniq ketma-ketlikda yozilishi;

- Taomning mazali chiqishi uchun muallifdan qo‘shimcha va tavsiyalar;

- Foto va/yoki videolavha.

Tanlovning Respublika bosqichi g‘oliblari Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan

1-o‘rin uchun 5 million so‘m,

 2-o‘rin uchun 3 million so‘m va

3-o‘rin uchun 2 million so‘m miqdoridagi pul mukofotlari, shuningdek O‘zbekiston Gastronomik turizm assotsiatsiyasining diplom va sertifikatlari hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.

Eng sara retseptlar «O‘zbekistonning noyob taomlari» kitobiga sizning sulolangizning mualliflik retsepti sifatida ism va familiyangiz ko‘rsatilgan holda kiritiladi.

Tanlovda ishtirok etish uchun O‘zbekiston Gastronomik turizm assotsiatsiyasining rasmiy kanali @gastrotourism_uz’ga obuna bo‘lishingiz va qayta aloqa boti @gastrotourismbot orqali retseptlarni yo‘llashingiz kerak bo‘ladi, deb xabar beradi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati.

Shuningdek, xabar orqali materiallarning 2020-yil 20-mayigacha qabul qilinishi haqida ogohlantiriladi, hamda tanlov jarayoni va uning ishtirokchilari haqida batafsil ma’lumotlarni online-tourism.uz sayti orqali olish mumkinligi haqida eslatadi. 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech