29 Mart 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +19,7 °C

Hukumat
7 Dekabr  2019 2803
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati

Konstitutsiya va qonun ustuvorligiga erishishda jamoatchilik nazoratidan ko‘ra samarali vosita yo‘q

“O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida 7-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev xalqimizni ushbu qutlug‘ ayyom bilan tabrikladi. 

Har bir davlat o‘z taraqqiyot yo‘lini tanlar ekan, eng muhim maqsad va vazifalarini belgilab oladi. Mamlakatimiz mustaqilligining ilk davrida qabul qilingan Konstitutsiyada ham xalqimizning xohish-irodasi, inson huquq va manfaatlari, davlat tuzilishi o‘z ifodasini topgan. Bosh qomusimiz, jinsi, irqi, millati, dini, ijtimoiy kelib chiqishidan qat'i nazar, yurtimiz fuqarolari tengligining kafolatlanishini qayd etdi va zamonaviy demokratik taraqqiyot uchun zamin yaratdi.

Shu bois Konstitutsiyamizni ardoqlaymiz, ulug‘laymiz, o‘rganamiz. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun o‘z nutqida qonun ustuvorligini ta'minlash demokratik huquqiy davlatning bosh mezoni hisoblanishi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari ishlab chiqayotgan hujjatlar, mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari faqat va faqat Konstitutsiya hamda qonunlarga muvofiq bo‘lishi shartligini alohida aytib o‘tdi. 

Davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, Konstitutsiya va qonun ustuvorligiga erishishda jamoatchilik nazoratidan ko‘ra samarali vosita yo‘q.

Qonuniylikni qaror toptirish, qonun buzilishiga qarshi kurashish borasida jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari “uyg‘ongani” qayd etildi. Masalan, Davlat byudjeti muhokamasi paytida fuqarolar va deputatlar fikri asosida maktablar uchun 50 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratilgani yoki odamlarning haqli e'tirozi tufayli daraxtlarni sababsiz kesishga qarshi moratoriy e'lon qilingani ijobiy baholandi. Bular aholining ijtimoiy jarayonlarga nisbatan mas'uliyat va daxldorlik hissi oshib borayotganini ko‘rsatadi.

Davlatimiz rahbari jamiyatda huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirish borasidagi ishlarni uzluksiz davom ettirish, bu boradagi ko‘nikmalarni farzandlar tarbiyasiga bolalikdan singdirish kerakligini ta'kidladi.

– Konstitutsiyamiz har bir fuqaroning ongi va qalbidan chuqur joy olgan, ularning huquq va erkinliklarini to‘liq kafolatlaydigan haqiqiy hayot qomusiga aylanmog‘i lozim, – dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Bosh qomusimizda belgilangan insonparvar tamoyillar to‘la amalga oshirilmoqda. So‘nggi yillarda Prezidentimizning jinoyat sodir etganlarni afv etish bo‘yicha 8 ta farmoni qabul qilinib, 4 mingdan ziyod shaxs jazoni o‘tash joylaridan ozod qilindi.

Ushbu bayram arafasida O‘zbekiston rahbari yana bir shunday farmonga imzo chekdi. Unga binoan, jinoiy qilmishiga chin dildan pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga qat'iy o‘tgan 92 nafar mahkum afv etildi. 

Bu yil Jasliq qo‘rg‘onidagi jazoni ijro etish koloniyasi yopilgani ham insonparvar siyosatning amaliy namunasi bo‘ldi. Bundan tashqari, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga pensiya va ijtimoiy sug‘urta to‘lash tartibi birinchi marta yo‘lga qo‘yildi.

Joriy yilda “Mehr-1” va “Mehr-2” insonparvarlik amaliyotlari doirasida qurolli mojarolar maydonidan 261 nafar fuqaro, asosan ayollar va bolalar yurtimizga qaytarib kelindi.

O‘tgan uch yilda 9 ming 692 nafar, jumladan, bu yilda 5 ming 868 nafar shaxs O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilindi.

Davlatimiz rahbari huquqni muhofaza qiluvchi organlarni faqat va faqat xalq manfaati yo‘lida og‘ishmay xizmat qiladigan idoralarga aylantirish zarurligini ta'kidladi.

Sudlarning mustaqilligini mustahkamlash, tergov-surishtiruv jarayonida o‘zaro tiyib turish tamoyillarini ta'minlash, advokatura institutini takomillashtirishga oid dolzarb vazifalarni ko‘rsatib o‘tdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi. Bayram tantanasiga yig‘ilganlar qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib, Mustaqilligimiz qo‘shig‘iga jo‘r bo‘ldi. 

Bayram tadbirida davlat va jamoat arboblari, ilm-fan va san'at namoyandalari, xorijiy davlatlar elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tantana katta konsert dasturi bilan davom etdi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech