
Ko‘p kvartirali uylarda “Obod uy” elektron dasturi joriy etiladi
Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish to‘g‘risidagi Hukumat qarori qabul qilindi, deb xabar bermoqda “Huquqiy axborot” kanali.
Qaror bilan ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimiga “Obod uy” elektron dasturini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
Mazkur chora-tadbirlar rejasiga muvofiq 2019-yil 1-mayga qadar “Obod uy” elektron dasturi va uning mobil ilovasi joriy etiladi.
Eslatib o‘tamiz, “Obod uy” elektron dasturi – xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarida majburiy badallarning hisob-kitobini yuritish va axborot-maslahat olish imkonini beradigan billing tizimi hisoblanadi.
Ushbu tizim Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida namunaviy tarzda joriy etilib, sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan.