30 Mart 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +15,3 °C

Salomatlik
1 Fevral  2020 6846

Koronavirus infeksiyasining payini qirqish yo‘lida

Ayni paytda dunyoda koronavirus infeksiyasi tarqalishi, undan kasallanish va vafot etayotganlar sonining o‘sishi jiddiy tus olmoqda. 

Xabaringiz bor, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan Xitoyda yangi koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat aholi sog‘lig‘ini saqlash sohasidagi xalqaro darajadagi favqulodda vaziyat deb e’lon qilindi. Bundan bir muddat oldin O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Epidemiyaga qarshi kurash favqulodda komissiyasining yig‘ilishi o‘tkazilgan bo‘lsa, shu yilning 29-yanvarida davlatimiz rahbarining «O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasini tashkil etish to‘g‘risida» gi farmoyishi qabul qilindi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ayni masalada JSSTning mamlakatimizdagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Uni sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov olib bordi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Xitoydagi epidemik vaziyatdan kelib chiqqan holda yurtimiz hududiga koronavirus infeksiyasining kirib kelishi va tarqalishining oldini olish borasida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, havo, avtomobil va temiryo‘l transporti ob’ektlarida sanitariya-epidemiologiya va migratsiya nazorati kuchaytirilmoqda. Bu borada qo‘llanma va tavsiyalar ishlab chiqilib, barcha tegishli vazirlik va idoralarga ijro uchun yuborilgan. Tunu kun faoliyat ko‘rsatuvchi maxsus shtab harakati yo‘lga qo‘yilgan. Kasallikda gumon qilingan fuqarolar ixtisoslashtirilgan davolash muassasalarida chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilmoqda.

Mamlakatimizda Davlat chegaralarining kesishish joylarida 52 ta sanitariya-karantin punkti faoliyat ko‘rsatmoqda. Davlat chegara postlaridan o‘tayotgan fuqarolar tibbiy nazorat ko‘rigidan o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan, shuningdek, teplovizor yordamida yo‘lovchilarning tana harorati masofadan turib o‘lchanib, ularning umumiy holati tekshirilmoqda.

— Ammo ushbu chora-tadbirlar xavfsizlikni to‘liq kafolatlaydi degani emas, — deya qayd etildi videoselektorda. — Negaki, koronavirus infeksiyasi havo tomchilari orqali o‘tishi, insondan insonga yuqishi, shuningdek, kasallikni klinik belgilari 14 kungacha yashirin kechishi xotirjam bo‘lishga sabab bo‘lmasligiga e’tibor qaratildi. Qolaversa, bugungacha 20 ga yaqin tibbiyoti rivojlangan mamlakatda bu kasallik kuzatilayotganligi vaziyatning naqadar jiddiyligini ko‘rsatib turibdi.

Shu bois ham, bo‘lib o‘tgan videoselektorda ayni paytga qadar yurtimizda bunday kasallikka chalinish holati umuman kuzatilmaganligiga qaramasdan ehtiyot choralarini yanada kuchaytirish borasida mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi. Jumladan, xorijdan, ayniqsa, Xitoydan kelayotgan fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, ularning ruyxatini shakllantirish, kasallikning yashirin davri davomida tibbiy nazoratga olish, zaxira o‘rinlarini tayyorlash, dori-darmon, dizenfeksiya vositalari va zarur tibbiy anjomlar bilan ta’minlash ustidan nazoratni yanada kuchaytirish, kasallikka qarshi kurashishda tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikdagi faoliyatni kuchaytirish kabi qator vazifalar ko‘rsatib o‘tildi, deb xabar beradi Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech