30 May 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +20,4 °C

Fikr
22 Aprel  2020 532

Koronavirusni yengan bola orzusi

Alisherning koronavirusni  yengib, onasining oldiga kelgani haqidagi xabarni ko‘zlari mehr to‘la xalqim chapaklar bilan qarshi oldi. Kasallikni yengish va kundalik hayot tarziga qaytish umidi va ishonchi yanada mustahkamlandi.

Kornavirusni yengan 8 yoshli Alisher bilan suhbatga oshiqdim...

Rosti, Alisher va onasi bilan kechgan suhbatni qog‘ozga tushirgach, o‘ylanib qoldim: bu kimning so‘zlari edi? Ko‘z yoshlarini tiyolmay hasratlashgan onaningmi? Yoxud xastalikdan ko‘ra sog‘inchini aytishni hoxlayotgan Alisherningmi? Balki ularning iztiroblarini qog‘ozga ko‘chirishga kuchi yetmayotgan meningdir? Yoki, Sizning ham so‘zingiz bo‘lishi mumkin...

Xullas, Alisher dediki:

Men Qashqadaryoning olis qishlog‘ida yashayman. Bog‘imiz bor, keng dashtu dalalarda velosiped uchirib yuraman. Ota-onam, yaqinlarim va ohakka bo‘yalgan chiroyli maktabimni, o‘qituvchimni, sinfdoshlarimni yaxshi ko‘raman. Eng yaxshi mashg‘ulotimni aytaymi: husnixat. Yozaveraman, yozaveraman, Botirnikiga o‘xshab qo‘lim toliqib ham qolmaydi. Harflar orqali kitobni tanidim. U orqali istagan shahringga, hatto, Toshkentga ham borish mumkin ekan. Kitob qahramoni bilan birga xayolan sayr qilaman. Xullas, kitobni yaxshi ko‘rib qoldim. Nega akamlar hyech qo‘lidan qo‘ymaydi, desam, gap buyoqda ekan. O‘qituvchimni, sinfdoshlarimni sog‘indim... Chunki....Chunki, men hozir Qarshidaman. Kasalxonada. Koronavirus degan kasallikka chalinib qoldim. Dadam va akalarim ham.

Dadam o‘zlari qiynalib nafas olayotgan bo‘lsalarda bizga dalda bo‘ldilar: «Bu yerdan sopa-sog‘ bo‘lib chiqib ketamiz, bolalarim. Qaranglar, do‘xtirlar biz bilan birgalikda kasallikka qarshi ayovsiz kurashayapdi. Ularga ishonamiz va barcha aytganlarini bajaramiz. Ko‘rasizlar, hali hammamiz uyimizga eson-omon boramiz. Kuchli bo‘linglar, kuchli»,— derdilar. Va men tuzaldim. Hozircha faqat men tuzaldim. Ayamning yoniga olib kelishdi. Endi sal yengilroq davolanadigan kasalxonadamiz. Ayajonimga rahmim keladi. Yig‘lagani-yig‘lagan. Nega yig‘laysiz, desam, — «men nima ayb qilgan edim, koronavirus deb eshitishim bilan, hammangizni asrashga, uylarni tez-tez tozalashga, qaynoq suv ichirib, bolalarimni ko‘chada besar yurdirmaslikka urindim. Qaerda xato qildim, bolam», — deb yig‘laydilar. Akamlar yotgan kasalxonaning derazasiga ko‘zlari to‘rt bo‘lib kuni bo‘yi tikilib o‘tiradilar. Ovutishga harakat qilaman.

Tomorqamizda hamma ekinlarni o‘zimiz ekib, daraxtlarda eng shirin mevalarni o‘zimiz yetishtiramiz. Bozordan deyarli hyech narsa sotib olmaymiz, barchasi o‘z tomorqamizdan chiqadi. Sigirimiz, tovuqlarimiz bor. Ayam ularni eslab xavotirlanadi. Men esa ko‘m-ko‘k hovlimizni har bitta maysasigacha qattiq sog‘indim, juda-juda sog‘indim.

Butun oilamiz bilan kasalxona ekanimizdan xafaman. Ayam ham huddi mening ahvolimdalar, qishlog‘imizni qattiq qumsayabdilar. Lekin, butun fikru zikri akalarim va dadamning sog‘ayishida.

— Umrimda do‘xtirga ishim tushmagandi. Bu nimasi bo‘ldi-yey, bir qultum suv va toza havodan ortiq boylik yo‘q ekan, — deydilar. — Har bir sog‘lom o‘tayotgan kunga shukur qilish kerak ekan. Oilang jamuljam bo‘lib, dasturxon atrofida chaqchaqlashib o‘tirishga yetadigan ne’mat bormikan. Bolalaring atrofingda soppa-sog‘ chopqillab yurishsa, bunga yetadigan baxt bormi.

Alisherning o‘ziga kelishini kutdim. Keyin sekin «Senga nima kerak, bolajon, nimadir yeging kelyapdimi? Tortinmay aytaver».

Suhbat chog‘ida sekin, qimtinib javob berayotgan bolaning kayfiyati birdan o‘zgarib ketdi, hayajondan ovoz balandlashib: «O‘qish kitob kerak. Menga O‘qish kitobi, ertak kitob, daftar va ruchka obkelib berolasizmi?» — dedi. 

Endi ko‘zyoshlarimni ushlab turolmadim. Shuncha og‘ir sinovlarni boshidan kechirib ham kitob so‘ragan, ma’rifatga intilgan murg‘ak qalb egasining orzulari ijobat bo‘lsin: tezroq yaqinlari shifo topib, yana oilasi jamuljam bo‘lib, baxtiyor hayotiga qaytsin!

Lola Saodatova,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi
Qashqadaryo viloyati bo‘limi rahbari,
Xalq deputatlari viloyat kengashi deputati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech