09 Dekabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +11,2 °C

Fikr
9 Fevral  2019 2251

Kunimni sarhisob qildim, lekin natija yomon. Nega?

Sarlavhadanoq o‘zimni tanqid qilmoqchi ekanimni angladingiz. To‘g‘ri, bugungi kun islohni avvalo o‘zidan boshlash kerakligini ko‘rsatyapti.

Hyech o‘ylab ko‘rganmisiz?

Ilgari ot-ulovda haftalab yo‘l yurishgan. Keyin poezdlarda. Uzoqroq bo‘lsada avtobusda. Hozir tez yurar poezdlaru, yengil avtomobillarda yuramiz. Endi qulayliklar ortib, qo‘limiz ishdan bo‘shab vaqtimiz ortib qolayotgan ekan-da?

Kitob o‘qish, bilim olish, juda bo‘lmasa bemorlar holidan xabar olish uchun endi vaqt topilar.

Qayoqda deysiz. Topib olgan gapimiz “vaqt yo‘q”, “vaqt yetishmayapti”, “ulgurmayapman”.

Nima qilyapmiz o‘zi?

Yaqinlarimni ko‘rib kelishga vaqtim yo‘q. Bemorlar holidan xabar olish, farzandlarimning ta'lim maskaniga borib kelish, ularni mashg‘ulotga olib borishga ulgurmayman. Hatto qo‘ng‘iroqlarga ham shoshib javob beraman. Muhimi vaqtim ketmasin. Lekin kun kech bo‘lganda ko‘p narsalarga ulgurmaganim, ishlarim chala qolganini eslayman. Kayfiyatim tushadi.

Ishxonamizdan bir hamkasbimizning boshiga tashvish tushdi. Har xil zarbalar bo‘lar ekan-da, hayotda. Yaxshi ayol. G‘amlarini chetga surib qo‘ya olmadi. Yurak qon-tomir kasalligi bilan shifoxonaga tushib qoldi. O‘n kunlik davolanishning yetti kunida qo‘ng‘iroq qilib ana boraman, mana boraman deb kunni o‘tkazdim. O‘zimdan xafa bo‘ldim. Inson qadrini anglamayotganim uchun. Bir taskin istagan ayolni borib ko‘rishga vaqt topmaganim uchun.

Texnika taraqqiy etgan bugungi davrda imkoniyatlarimiz kengaydi. Ammo yalqovligimiz ham shuncha martaga kuchayganga o‘xshaydi. Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra Alisher Navoiy zamonida bir odamning miyasi oltmish yilda qabul qilishi mumkin bo‘lgan axborot hajmini bugungi asr odami taxminan bir haftada qabul qilishi mumkin ekan. Ammo bu hisob bilan har haftada shuncha hajmdagi axborotlarni qabul qilayotgan bolalarning aksariyati 12 yoshidayoq akademik bo‘lib ketishi kerak edi, degan qarash ham mavjud.

Bugungi kunda dorilar ko‘paygan, ammo kasalliklar ozaygani yo‘q.  15 daqiqa kitob o‘qiymiz. Soatlab televizor ko‘ramiz. E’tiborsiz odamga aylanib boryapmiz. Dunyoda bo‘layotgan voqyealarni bilamiz, lekin yonimizdagilar, qo‘shnilarimiz ko‘nglidagi kechinmalar, azob-uqubatlarni his etmaymiz. Katta-katta va ko‘p rejalarimiz boru, natija ko‘rinmaydi. Shoshilamiz, sabr-qanoatni unutdik. Tanishlarimiz ko‘p, do‘stlarimiz-chi?

Amerikalik hajviy yozuvchi Jorj Garlinning bu fikrlari hammamizni o‘ylantirishi aniq:

"Davrimiz g‘alati ziddiyatlarga boy: binolarimiz baland, qadrimiz past, yo‘llarimiz keng, sabrimiz tor. Ko‘p sarflaymiz, oz narsaga ega bo‘lamiz. Ko‘p narsa sotib olamiz, ammo quvonchimiz oz. Uylar katta, oilalar kichik, qulayliklar ko‘p, vaqt kam. Ma’lumotimiz yaxshi, aqlimiz qosir. Mutaxassislarimiz ko‘p, muammolar undan ham ko‘p…"

Xo‘sh, endi nima qilish kerak?

Ehtimol, kitob mutolaasini kuchaytirish foyda berar. Qalbimizga nazar solaylik. Uyg‘onish vaqti kelmadimikin? Zero, bu beparvolikning oqibati kelajak avlodlarimizga ham ta’sir etmasin.

 

Barno Meliqulova

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech