26 Iyun 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +33,5 °C

Fikr
13 Mart  2019 1044

Kuzatsang - ko‘rasan! Kuzatmasang ham!

Ushbu maqolani o‘qib, ayrimlar «rosa erinmagan odam ekan-da» deyishi hech gap emas. Ammo ochig‘ini aytay, bunga juda ko‘p vaqt sarflaganim ham yo‘q. Shunchaki, 6 kun davomida ertalab ishga borishda va kechqurun ishdan qaytishda metromiz vagonlarida, avtobuslarda odamlarni kuzatdim, xolos! Olgan natijalarimni esa sizlar bilan o‘rtoqlashgim keldi.

Shu vaqt ichida nimalarga ko‘proq e’tibor qaratdim? Birinchisi, yoshlarning yoshi kattalarga joy bermasligiga. Bilasizmi, bu men o‘ylaganimdan ham ancha murakkab ekan. Ikkinchisi, qo‘pol muomala. Yoshlar o‘rtasida so‘kinib gapirish ko‘paymoqda. Uchinchisi, odamlardagi kayfiyat. To‘g‘ri, ba’zilar «bu allaqachon yozilaverib-yozilaverib siyqasi chiqib ketgan mavzu-ku», deyishi aniq. Biroq, shoshilmang! E’tiboringizni boshqa tomonga qaratmoqchiman. Xullas, 6 kun mobaynida, keling, shuni bir hafta deya hisoblay qolaylik, «Buyuk ipak yo‘li» va «Sobir Rahimov» yo‘nalishida qatnaydigan metro vagonida 5 marta yoshlarning kattalarga joy bermaganini ko‘rdim. Bu hali kamina «Buyuk ipak yo‘li»dan «Mustaqillik» bekatigacha borganimda kuzatganlarim. Bunda «dalshe — yeshyo bolshe» bo‘lishi mumkinligini ham unutmang.

Bezovta qilinmasin! «Tixiy chas!»

Ana shu 5 ta yoshlarning kattalarga joy bermasligi holatidan 1 tasida yoshgina qiz (talaba bo‘lsa kerak) o‘zini uxlaganga soldi. Yoki oldida turgan yoshi nisbatan kattaroq ayolga joy bergisi kelmadi. Rost-da, zarilmi unga, birovlarga joy berib! Biror joyi kamayib qolsa-chi?! Yaxshisi, o‘zini uxlaganga soladi.

O‘qimishli bo‘lishim kerak

1 ta holatda o‘tirgan «hurmatli va muhtaram yoshlarimiz» o‘zini mutolaaga, yana 1 holatda telefondagi o‘yinga berilib ketib, go‘yoki hech nimani ko‘rmayotganga, sezmayotganga solishdi. Bitta holatda yoshgina ovro‘pa millatiga mansub yigitchaning yonida homilador ayol turgandi. Ikkinchisida, bir otaxonga ana shunday «hurmat ko‘rsatildi». Atrofdagilarning gapi sariq chaqaga ham olinmadi. Ammo ko‘pchilik baribir ko‘pchilik-da! Turmay ham ko‘rsin-chi?!

Boshqani bilmadimu ammo kamina vagonda keta turib, biron nima o‘qiy olmayman, o‘qisam ham, kallamga hech narsa kirmaydi. O‘qishga berilib ketib, tushadigan bekatdan o‘tib ketmay, degan hadik bo‘ladi. Hozirgi yoshlar ja «sivilizovanniy» bo‘p ketishgan-da! Yoshi kattalarga joy bermaslik uchun hatto, kitob o‘qishgayam tayyor-a?!

Supersurbetlik

Qolgan 2 holatda yoshlarimiz (ikkovi ham qiz bola) oldida yoshi katta kishilar turganiga qaramay, bezlarcha, surbetlarcha o‘tiraverishdi. Biri o‘zicha planshetga muk tushgan. Oyoqlarini chalishtirib, o‘tirib olgan ikkinchisining hatto, turqidan (yuz, degim kelmadi, uzr!) «bu qariyaga mening oldimda turishiga balo bormi, nariroqda tursa o‘ladimi?» degan ma’noni uqish qiyin emasdi. Hatto, men va men tengi bir kishining: «Singlim, otaxonga joy bersangiz bo‘lardi», degan gapi ham kor qilmadi. Qoyil! Ana supersurbetlik, ana superuyatsizlik! Uylanmagan yigitlarga maslahat: bunday qizlardan qoching! Qiz bola shunday surbetlikkacha bordimi, demak, kelajakda undan bundanda dahshatli narsalarni kutish mumkin. Bemalol, pinak ham buzmay o‘tirishiga qaraganda, bu borada «tajribasi juda oshib ketgan», o‘lguday bez va mutlaqo soppa-sog‘. Bundan achchiqlanib, lovullay boshlagandim, qiz bolaning ro‘parasiga turib qolgan otaxon yelkamga qo‘lini qo‘yib: «Qo‘ying uka, kerakmas, o‘tirmasdan ham ketaveraman! Qaytanga o‘zimga noqulay bo‘p qoldi» dedi qizarib-bo‘zarib. Otaxondagi uyat, oriyatning kuchliligini qarang! Aslida haligi joy bermagan qiz qizarib-bo‘zarishi kerak edi. Bir kun kelib o‘sha qizning ham yoshi ulug‘ onaxon bo‘ladi. Ammo bundaylardan ertaga  hamma joyda yoshi ulug‘ligini, yoshligida kattalarga joy bo‘shatib berganini pesh qilib, yoshlardan o‘ziga munosib hurmat ko‘rsatishni talab qilishniyam kutsa bo‘ladi.

Mutatsiya

Xullas, yuqorida keltirilganidek, bir hafta davomida 5 marta yoshlarning kattalarga joy bermasligi holatini kuzatdim. Yilda 52 (53) ta hafta bor. Endi ko‘paytirib ko‘ring-chi, bir yilda necha marta bo‘larkan?! Yashang, 260 marta! Ammo men bir yo‘nalishda kuzatganlarimni keltirdim. Metromizda esa uchta yo‘nalish bor. Yana qancha yer usti trasnportlarimizda ham ana shunday holatlarga duch kelamiz. Maktab, kollej, litseylar va oliy o‘quv yurtlarida ma’naviyat, axloq-odobdan beriladigan saboqlar yuqoridagi kabi yoshlarga ta’sir qilmayotgan ko‘rinadi. Xuddi, suvaraklarni yo‘q qilish uchun qancha ko‘p dori ishlatsangiz, ular o‘sha dorilarga shuncha moslashib, mutatsiyaga uchrab boraveradilar. Suvaraklar deya o‘xshatish qilganim, odobli, qadriyatlarimizni hurmat qiladigan, aqlli yoshlarimizga mutlaqo taalluqli emas, albatta.

Marhamat, o‘tiring!

Ammo joy bo‘shatib berilgan holatlarni ham kuzatdim va ular 6 ta bo‘ldi. Bunga ortiqcha izoh berib o‘tirmaymiz, baraka topishsin! Bir yilda atigi 312 marta bo‘larkan, xolos! Shunisiga ham shukr!

Doyasi so‘kong‘ich

Kuzatuvimdagi uchinchi mavzu jamoat transportida kuzatiladigan qo‘pol muomala. Atrofdagilarga eshittirib, so‘kinib, turli axloqsiz so‘zlarni ishlatayotgan holatlar bir hafta ichida 4 marta kuzatildi. Avtobus haydovchisining ulovni haydab keta turib telefondagi muloqoti bir opaxon bobillab bermaganida (so‘kinmasayam, tuklarni tikka qiluvchi qo‘pol gaplardan foydalanib) qancha davom etardi, bilmadim. Ularning hammasi o‘g‘il bolalar. 1 ta holatda so‘kinib gapirayotgan o‘zbek yigiti bunday so‘zlarni «roddom»da o‘rgangan ko‘rinadi. Yoki unga tug‘ilayotganda favqulodda so‘kong‘ich, og‘zi shaloq kimsa doyalik qilgan. «Ho‘vv uka, sal kamtarroq bo‘ling! So‘kinmay gapiring!» dedim. Indamay, xo‘mrayib qo‘ydi. Gapim yarim daqiqacha kor qildi. Ammo so‘ng yana «tutqanog‘i» boshlandi. Keyin bir yoshi kattaroq ayol ham unga tanbeh berdi. Yana yarim daqiqa jimlik, so‘ng yigitning kasali «qaytaladi». Tavba, ota-onasi oldida ham o‘zini shunaqa tutarmikan? Keyin kamina tushib ketdim, «dalshe» nima bo‘lganini bilmayman.

Katta bo‘lsa kim bo‘ladi, xudo biladi!..

Yana 1 ta holatda esa to‘rt nafar 5-6 sinfda o‘qiydigan bolalarning metroda bir-biriga so‘kinib, axloqsiz so‘zlar bilan gapira boshlaganiga nima deysiz? Bunisi «roddom»da so‘kinishni o‘rgangan yigitnikidan ham oshib tushadi. Bu safar bir talaba yigit ularning «unini o‘chirib» qo‘ydi. Shundayam, ular o‘zaro past ovozda hiring-hiring qilib, «gaplashishda» davom etdilar. Lekin «yaxshi» so‘zlardan foydalanishayotgani aniq ko‘rinib turardi. Tushishdan oldin bittasi hatto, og‘ziga nosvoy tashlab oldi! Yana 1 holatda so‘kinib gapirgan yigitchani ikki otaxon boplab joyiga o‘tqazib qo‘yishdi, baraka topishsin.

Xo‘mrayganlar

Navbatdagi masala esa bugungi kundagi odamlarning yuz ifodasi. Mening gaplarimni yaxshi tushunish uchun metro, transportlar, yig‘ilishlar va bozorlarda odamlarning yuzlariga bir razm solib ko‘ring, nimalarni ko‘rarkansiz. Bunga bir yig‘ilish ishtirokchilarini misol tariqasida keltiromoqchiman. Erinmasdan sanab ko‘rdim, 26 kishi, to‘g‘rirog‘i, o‘zim bilan 27ta edik. Majlis (bir mavzuga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman) hali boshlanmagan. Beixtiyor aylana stol atrofiga kelib o‘tirganlarning yuzlariga razm soldim. 23 kishi negadir xo‘mrayib olgan. Birorta jilmaygani, chehrasi ochig‘i yo‘q. Xuddi hamma yeganu ular quruq qolganday. 1 tasi engashib olib telefonda gaplashayotgani uchun yuzini yaxshi ko‘ra olmadim. 2 tasi esa stullarni tashish bilan band edi. Ular ham hisobga olinmadi. Kamina esa bu yerda kuzatuvchi rolini bajardi. Xullas, 23 kishining yuz ifodasi… Dahshat!

Qachon chin yurakdan kulgansiz?

Biroq metrolardagi odamlarning ham aksariyati negadir xo‘mraygan. Tushunaman, birov charchagan, kimningdir oshqozoni bezovta qilyapti, boshqasi boshlig‘idan dakki eshitgan… Lekin ertalab ishga ketayotganlarda ham ahvol shu. To‘g‘ri ular orasida yuzidan biror ifodani uqish qiyin bo‘lganlari ham bor. Bir yoshi kattaroq, lekin mast (tuni bilan uxlamay, otgan ko‘rinadi) va garang holda ketayotgan kishini ham kuzatdim. Atrofga loqayd alanglaydi. U ichkariga kirgach, tezda vagon ekologiyasi buzildi. Ammo hech kimni yaxshi ko‘ra olmayotgani aniq. Kayfi zo‘rligidan ko‘zining fokusini hech to‘g‘irlay olmaydi. Tag‘in, shu o‘tirishida boshi ham og‘irlik qilyapti. Negaki, o‘rtacha kattalikdagi obinovvot qovuniday keladigan boshi yoq-bu yoqqa og‘ib ketmoqda edi. «Ishqilib, eson-omon uyiga yetib olsin-da», deb qo‘ydim. Ammo ishga ketayotganga o‘xshaydi...

Yolg‘on bo‘lmasinu lekin baxtiyor chehralarni ham ko‘rdim. Bir yosh juftlikni. Shunaqangi baxtiyor edilarki… Kim bilsin, vaqt o‘tgach, ular ham xo‘mrayib olishar.

Siz-chi, oxirgi marta qachon chin yurakdan, rosmanasiga qahqah otib kulgansiz?

Eslolmadingizmi?

Shunisi qiyin-da?!.

P/S.: ushbu maqola bundan roppa-rosa 10 yil muqaddam e’lon qilingan. Qiziq tomoni, ana shu davr ichida hech nima o‘zgarmagan va maqola ham eskirmagan!

Nurbek G‘afforov.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech