26 May 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +32,3 °C

OAV O‘zbеkiston haqida
24 Aprel  2020 311

Lyuksemburg: O‘zbekistonda vaziyat yaxshi

Lyuksemburg biznes gazetasida O‘zbekiston haqida maqola chop etildi.

Yevropada hozirgi paytda pandemiya oqibatlaridan ko‘p zarar ko‘rayotgan mamlakatlar boshqa davlatlar, xususan, O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyatni kuzatmoqda.

23-aprelda «Agefi Luxembourg» biznes gazetasida O‘zbekistonning COVID-19 ga qarshi kurash siyosati haqida maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Nashr dunyoda infeksiya, uni yuqtirishlar, kasallikka chalinish bilan bog‘liq yangi vaziyat va o‘lim holatlari haqidagi ma’lumotlarni aks ettiruvchi «Worldometer» platformasi ma’lumotiga asoslanib yozishicha, hozirgi paytda O‘zbekistondagi vaziyat yaxshi.

«Kasallik bilan bog‘liq 1 ming 716 holat mavjud, shundan 7 ta vaziyatda o‘lim qayd etilgan, 454 kishi tuzaldi», deb xabar beradi gazeta. Unda kasallik mamlakat aholisi soniga nisbatan solishtirilib, har million nafar insonga o‘rtacha 51 bemor to‘g‘ri kelishi qayd etiladi. Dunyoda esa bu raqam har million kishiga 339 tani tashkil qiladi.

Shuningdek, nashrda O‘zbekiston rahbariyati va hukumati xavfni oldindan ko‘ra bilgan holda choralar ko‘rgani kasallikning tarqalish sur’ati va ko‘lamini to‘xtatibgina qolmay, balki inqirozning iqtisodiyot tarmoqlariga ta’sirini yumshatish bo‘yicha samarali chora-tadbirlar kompleksini ham qabul qila olishiga xizmat qilgani qayd etilgan.

Mablag‘i 1 milliard dollarga teng bo‘lgan Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasining tashkil etilishi soliq va qator boshqa imtiyozlar, muddati kechiktirilgan kredit to‘lovlari, shuningdek, aholiga, ayniqsa, zaif qatlamga manzilli ijtimoiy yordam ko‘rsatish imkonini berishi gazeta sahifalaridan joy olgan.

«Hukumat 33 million aholini tibbiy niqob bilan ta’minlash maqsadida to‘qimachilik sanoati imkoniyatlarini samarali ishga soldi va bir kunda 2 million donagacha niqob ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ya oldi. Kunlik ishlab chiqarish hajmini 5 millionga yetkazish rejalashtirilgan», deb yozadi nashr.

 «O‘zbekiston Xitoy, Afg‘oniston, Eron, Qirg‘iziston, Tojikiston, Belarus, Ozarbayjon, Vengriya va Rossiyaga zaruriy tibbiy yordamni yuborib, insonparvarlik yordamini ham ko‘rsatdi», deyiladi maqolada.

«Agefi Luxembourg» biznes gazetasi, shuningdek, Amerikaning «The Diplomat» nashrida e’lon qilingan «O‘zbekiston COVID-19 sharoitida Markaziy Osiyo diplomatiyasini davom ettiradi » sarlavhasi ostidagi maqolaga, xususan, Ozodlik radiosi sharhlovchisi Bryus Panning «Agar Markaziy Osiyodagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishga qodir yagona shaxs bo‘lsa, bu – Prezident Shavkat Mirziyoevdir», degan fikrlariga e'tibor qaratadi.

Maqola yakunida davlatimiz rahbarining 2020-yil 10-aprelda bo‘lib o‘tgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining navbatdan tashqari sammitida ilgari surgan tashabbuslari haqida yozadi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech