17 Iyul 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +24,4 °C

Fikr
25 Mart  2019 2532

Yomon bolalar bo‘lmaydi, balki mas’uliyatsiz va loqayd kattalar bo‘ladi...

Bolalardagi shafqatsizlik qanchalik chuqur ildiz otishi mumkin? Nima uchun yosh bola nimalar mumkin ekani chegarasini bilmaydi? To‘qqiz-o‘n yoshlardagi uch bolakayning bittasiga hujum qilganiga tasodifan guvoh bo‘lib, beixtiyor o‘zingga shu va shunga kabi savollarni bera boshlar ekansan. Yoshi kichikroqlari kattaroqlarining aytganini bajonidil, so‘zsiz bajarishmoqda: qo‘lini qattiqroq qayirish kerakmi – muammo emas, uyat gaplar bilan so‘kish kerakmi – bundan osoni bor ekanmi?

 

Hammamiz ham bola bo‘lganmiz, har birimiz o‘z shaxsiy o‘sish bosqichidan o‘tganmiz, albatta. Ilgari hech nrasa mushtlar yordamida hal qilinmagan deya olamizmi? Yo‘q, albatta. Biroq hozirgi bolalarning shafqasizligi oshib ketyapti. Bugun bemalob beshtasi bittasini urib-tepib, kaltaklashi mumkin, oltinchisi, buni tasvirga oladi va internetga joylaydi. U yer-bu yerda eshitib qolamiz, falon maktabga falonchi o‘quvchi yana pichoq yoki kastet (mushtga kiyiladigan urishish quroli) olib kelganini eshitib qolamiz. Mushtlashuvlar salkam me’yorga aylanib bormoqda.

Bunga kim aybdor va qanday yo‘l tutish kerak? Shu va shu kabi savollar bilan har kuni tarbiyasi og‘ir bolalar bilan ishlaydigan – Toshkent shahri Yashnobod tumani IIB FMBning voyaga yetmaganlar bilan ishlash, jinoyatchilik va huquqbuzarlikka qarshi kurash profilaktikasini muvofiqlashtirish bo‘limi inspektori Barno Qoriyevaga murojaat qildik.

- Bolalar shafqatsizligi qanchalik chuqurlashib ketishi mumkin?

- Bu savolga birdaniga javob berish qiyin. Bir holat ikkinchisini mutlaqo takrorlamaydi. Masalan, amaliyotimda shunaqasini ko‘rganman: kollej o‘quvchisi sakkizinchi sinfda o‘qiydigan va mini-yubka kiygan qizlarning «esini kiritib qo‘yish» uchun ularning oyoqlarini kesishga qaror qilgan. Huquqni muhofaza qilish organi xodimlarining nega bunday qilgani haqidagi savoliga, boshqa kalta yubka kiymasliklari uchun, deya javob qaytargan. Bu ularga saboq bo‘larmish. Boshqa bir holat ishtirokchilari esa o‘ninchi sinf o‘quvchilari. Go‘zal (barcha ismlar o‘zgartirilgan) sinfdoshi Mahmudga Anvarning u haqda yomon gaplarni aytgani, ketidan qarindoshlarini so‘kkanini aytadi. Bundan qattiq g‘azablangan Mahmud Anvarga: «Agar erkak bo‘lsang, yur, maktabdan chetda gaplashamiz», degan. Anvar esa bunday gap hech qachon bo‘lmaganini aytgan, ammo Mahmuddan qo‘rqmasligini, o‘zini himoya qila olishini ko‘rsatib qo‘yish uchun ham «razbor»ga rozi bo‘lgan. Natijada Mahmud sinfdoshiga pichoq bilan jiddiy jarohat yetkazgan va Anvar hodisa joyining o‘zida hayot bilan vidolashgan. Ikkala holatda ham aybdorlar jinoiy javobgarlikka tortildi. Xullas, yuqoridagi misollardan ko‘rinib turibdiki, savolga birdaniga javob berish chindan ham qiyin.

- Tarbiyasi og‘ir bolalarni nima birlashtiradi?

- Odatda, o‘xshash o‘xshashiga tortiladi. Barcha tarbiyasi og‘ir bolalarning amalda dunyoqarashi bir xil. Ular, asosan, mudom xafalik, og‘ir hayotiy vaziyatlaru kechinmalar girdobida bo‘ladi. Ko‘pincha biror tuzuk-quruq ish qilishmaydi. Alkogolli ichimliklarni, tamaki mahsulotlarini, psixotrop vositalarni erta tatib ko‘rishadi. Ular uchun bu odatiy turmush tarzi. Buning uchun ularni yomon deyish mumkinmi? Yo‘q, mumkin emas. Yomon bolalar bo‘lmaydi. Mas'uliyatsiz va loqayd kattalar bo‘ladi. «Kichkina shahzoda» asarini eslang:

- Odamlar bu haqiqatni unutib qo‘ydi, - deydi Tulki. – Biz hamisha qo‘lga o‘rganib qolganlar uchun mas'ulmiz.

Nega ko‘pgina kattalar o‘z farzandlari uchun mas’ul ekanini unutishmoqda? Aynan, ularning loqaydligi, goho noijtimoiy turmush tarzi fojiali holatlarga sabab bo‘lmoqda. So‘nggi paytlarda bolalarning tarbiyasi bilan maktab va profilaktika inspektorlari shug‘ullanishlari kerak, degan ota-onalar tobora ko‘payib bormoqda. Xullas, istalgan kishi, faqat o‘zlari emas. Bir topib aytilgan gap bor, yedirib-ichirish – bu hali tarbiya berdi, degani emas. Jamiyatda ham tarbiyasi og‘ir bolalar asosan, noxush oilalarda uchraydi, degan fikr mavjud, ammo bunday emas. Ba’zan har tomonlama yaxshi deyilgan oila farzandining ham o‘zini tutishi ko‘ngildagidek bo‘lmaydi. Bunda ota-ona va farzandlar o‘rtasida aloqaning yo‘qligiga to‘qnash kelamiz. Bunday oilalardagi ota-onalar farzandlarining tinchini buzishlaridan qimmatbaho sovg‘alar, pul berib «qutuladi». Natijada bolada yoshligidanoq menga hamma narsa mumkin, ota-onamning pullari va tanishlari barcha muammolarni hal qiladi, degan tushuncha paydo bo‘ladi.

- Bolalarning shafqatsizligiga kim aybdor?

- Shafqatsizlik bir kunda paydo bo‘lib qolmaydi va bolaning ham bir soat ichida tarbiyasi buzilib qolmaydi. Kattalarning muammoni ko‘rishni istamasligi vaqtni yo‘qotishga olib keladi. Bir ajoyib rivoyat bor, ota-ona uch oylik farzandini ko‘tarib donishmandning oldiga kelibdi. Ular bolani qachon tarbiyalay boshlash kerakligini so‘rashibdi. Donishmand esa ularga 12 oyga kech qolganini aytibdi.

Bola, avvalo, kattalarning mehri va e'tiborini his etishi lozim. Afsuski, ana shu oddiygina haqiqatni ko‘pchilik unutib qo‘ymoqda. Amaliyotimizda ham ko‘p uchraydi: ota-ona farzandining tamaki chekishi, tengqurlariga zo‘ravonlik qilishi, alkogolli ichimlik ichishidan mutlaqo bexabar bo‘ladi. Masalan, bir hodisani olsak, to‘qqizinchi sinf o‘quvchisi maktabga pivo ko‘tarib kelgan. Yaxshiyamki, o‘qituvchi buni darrov ko‘rib, maktab direktori va profilaktika inspektoriga xabar bergan. Bunda bolaning ota-onasi jazolandi. Aytish kerakki, boladagi shafqatsizlik ko‘pincha u uyida ko‘radiganlarining aksi hamdir. Masalan, ota onasi va bolani xafa qilsayam hyech kim uni to‘xtatmaydi. Tabiiyki, bola kattalarning bu xatti-harakatlari modelidan nusxa oladi. Yoshligidanoq barcha muammo mushtlar yordamida hal etilishini ko‘rgan bola qalbida rahm-shafqat qaerdan bo‘lsin.

- Tarbiyasi og‘ir bolalar bilan qanday ishlar olib borilmoqda?

- Bu ish kompleks tarzda olib borimoqda, «zargarona», desa ham bo‘ladi. Unga sinf rahbarlari, mahalla vakillarini ham jalb etyapmiz. Shubhasiz, boshdanoq bunday bola bilan aloqa o‘rnatish zarur. Kim bolalar bilan ishlagan bo‘lsa, buning qanchalik qiyin ekanini yaxshi biladi. Tarbiyasi og‘ir deb hisoblanadigan bola xuddi tipratikanga o‘xshaydi. U har bir narsada xavfni sezadi. Unga yaqin borish hyech qachon oson bo‘lmaydi. Bunday bolalar odatda kattalarga ishonmaydi, ular uchun obro‘-e'tiborli, degan gap yo‘q. Birgina profilaktik suhbatning o‘zi esa hamisha kamlik qiladi, ba'zida unga o‘zi hozir tanlagan yo‘lni davom ettirish qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatib berishga to‘g‘ri keladi. Bunday bolalarni sportga jalb qilishga harakat qilyapmiz. Ular ham bizning nazoratimiz va kuzatuvimizda bo‘ladi. Albatta, maktablarda bevosita bolalar bilan ishlaydigan psixolog shtatlarining bo‘lishi bizga katta madad beradi.

- Ota-onalarga tavsiyalaringiz qanday?

- So‘zsiz, yoshligidanoq farzandlari bilan shug‘ullanishsin, ularning turmushiga qiziqishsin, nimalarga qiziqishlariga e'tibor qaratishsin. Ana shunda undan so‘ng umumiy til topishish juda qiyin bo‘ladigan o‘tish yoshidagi ulkan jarlik hosil bo‘lmaydi.

Oksana Malosabirova.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech