25 May 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +28,1 °C

Dolzarb
10 Aprel  2020 760

Mark Riz Oʻzbekiston xalqiga murojaat qildi

Amerikalik olim, AQSH Harbiy-dengiz akademiyasining Mintaqaviy tadqiqotlar markazi sobiq direktori, Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” asarining ingliz tiliga tarjimasi muallifi Mark Riz dunyoda koronavirus tarqalishi bilan bogʻliq vaziyat sabab, Oʻzbekiston xalqiga murojaat qildi.

Murojaatda bunday deyiladi:

“Yana aprel oyi keldi, bu yil u bir-biriga bogʻliq boʻlmagan ikkita voqeani birlashtirmoqda. Birinchisi, 10-aprel — isteʼdodli yozuvchi, oʻzbek xalqining atoqli farzandi Abdulla Qodiriy tavallud topgan kun. Adib va uning maslakdoshlari asrlar davomida toʻplangan, buyuk ajdodlardan meros bilimlarni zamonaviy davlat qurilishiga tatbiq qilishga harakat qilgan edi.

Abdulla Qodiriy oʻzbek xalqi hayoti tarixi haqida hikoya qiluvchi “Oʻtkan kunlar” romani orqali oʻz avlodi va zamondoshlarining orzu-istaklarini ifoda eta olgan. U orzu qilgan davlat bugungi Oʻzbekiston ekaniga ishonchim komildir.

Yozuvchi yashagan davrda Markaziy Osiyo oʻz boshidan murakkab kunlarni kechirayotgan edi. Adib va uning zamondoshlari oʻtgan asrning eng ogʻir zarbalarini qabul qilgan.

Bu yilgi aprel oyiga qaytar ekanmiz, koronavirus pandemiyasi butun sayyoramizni qamrab olib, xalqaro hamjamiyatga tahdid solayotganini kuzatmoqdamiz.

Shu oʻrinda, turmush oʻrtogʻimning ajdodlari oʻz yurtini tashlab, Markaziy Osiyoga qochib ketishga majbur boʻlgani va Toshkentning eski shahridan panoh topganini esladim. Qaynonam har doim oʻzbek xalqining mehribonligi va bagʻrikengligi uning oilasi hayotini saqlab qolganini koʻz yoshlar bilan soʻzlab beradi. Darhaqiqat, Oʻzbekiston har doim saxiy va koʻngilchan insonlar mamlakati sifatida tanilgan va uzoq tarix davomida odamlar bu yerga savdo-sotiq qilish uchun kelgan, ogʻir damlarda esa panoh izlab intilgan.

Mustaqillik qoʻlga kiritilganidan soʻng Oʻzbekiston oyoqqa turdi va oʻz davlatchiligini mustahkamladi. Shu oʻrinda “Turli qiyinchiliklarga qaramay, qanday qilib bu natijalarga erishildi?”, degan savol tugʻiladi. Men bu koʻp jihatdan buyuk oʻzbek xalqining “odob” deb atalmish xushmuomalalik anʼanalari bilan chambarchas bogʻliqligiga ishonaman.

Qoʻqondagi maktablardan birida ingliz tili oʻqituvchisi sifatida ishlagan kezlarim “odob” tushunchasi nima ekanini chuqur anglab yetdim. Bu shaharda siz koʻchadan shunchaki oʻtib ketolmaysiz, chunki kimdir sizni bir piyola issiq choyi va nonini baham koʻrish uchun albatta ­chorlaydi. Olmosxon, Ibrohimjon, Safarjon, Galina, Viktor, Hakimjon ismli doʻstlarim va ularning oila aʼzolari menga odob anʼanalaridan saboq beruvchi chinakam ustozlar edi. Ular meni oʻzining yaqin kishisidek hamisha mehmon qilishar va gʻamxoʻrlik koʻrsatishardi.

Men ingliz tilidan dars bergan maktablar oʻquvchilari kaminani oʻz akasidek qabul qilardi. Afsuski, koʻp yillar davomida ular bilan koʻrisha olganim yoʻq. Ammo Amerika Qoʻshma Shtatlarida atrofdagilar bilan beixtiyor oʻng qoʻlimni koʻksimga qoʻyib soʻrashar ekanman, ular mening qalbimda ekanini his qilaman. Gʻarbliklar mening harakatlarim ahamiyatini hamisha ham tushunavermaydi, lekin oʻzim buni yaxshi anglayman va bu juda muhimdir.

Oʻzbekona odob meni sinovli kunlar, katta qiyinchilik va yoʻqotishlarda xushmuomalalik eng muhim fazilat ekaniga oʻrgatdi. Bu qodir Tangrining Oʻzi bizni toʻgʻri yoʻlga yoʻnaltirishini anglatadi.

Abdulla Qodiriy “Oʻtkan kunlar” romanining dastlabki sahifalaridanoq, Otabek va Kumush obrazlari misolida har bir erkak va ayolning fazilatlari qanday boʻlishi kerakligini ifodalagan. Qodiriy bizga bu omonat dunyoda tugʻilar ekanmiz, har birimizning koinotdagi oʻrnimiz haqida eslatadi. Odob esa yorugʻ dunyoni koʻrgan dastlabki soniyalardan boshlab mavjudligimizning ajralmas qismi boʻlishi kerak.

Aziz doʻstlar, biz barcha sinov va qiyinchiliklarga qaramasdan, shu kunlarda Abdulla Qodiriy tavallud topgan kun va uning goʻzal romanlari yaratilishini nishonlash arafasida turibmiz. Adabiyot ushbu mushkul damlarda biz uchun eng katta tasalli beruvchi kuch boʻlishiga ­shubha yoʻq”.

“Dunyo” AA.
Vashington

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech