20 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +23,6 °C

Salomatlik
16 Iyul  2019 738

O‘z ishiga sovuqqonlik bilan qaragan mas'ul xodimlar ishdan bo‘shatildi

Sog‘liqni saqlash vazirligi joylarda onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida olib borilayotgan ishlarni muntazam monitoring qilib boradi. O‘rganishlar natijasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining ba'zi tumanlarida  joriy yilning o‘tgan olti oyi yakunlariga ko‘ra, onalar o‘limi ko‘rsatkichi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan muayyan darajada ko‘payganligi aniqlangan. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma'lum qiladi.

Yuzaga kelgan vaziyatni atroflicha o‘rganish, mavjud muammolar yechimini topish, tahlil qilish va mahalliy shifokorlarga homilador ayollarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordamni yanada yaxshilash yuzasidan amaliy-uslubiy yordam berish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi mas'ul xodimlari, Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining bir guruh olimlari va malakali mutaxassislaridan iborat ishchi guruhi ayni kunlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib turishibdi.

Ular tomonidan onalar o‘limi ko‘payishi bilan bog‘liq vaziyat sinchiklab o‘rganilmoqda. Bu borada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tahlil etilib, ularning oldini olish yuzasidan tibbiyot xodimlariga uslubiy yordam ko‘rsatilib, zamonaviy tashxis va davolash usullarini amaliyotga qo‘llash bo‘yicha bilim ko‘nikmalarini oshirishda ko‘mak berishmoqda.

Faoliyati davomida kamchilikka yo‘l qo‘ygan, o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragan tibbiyot xodimlariga nisbatan tegishli tartibda qonuniy choralar ko‘rildi. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Perinatal markazi direktori A. Abidov, direktor o‘rinbosari Z.Jumaniyazova va patologiya bo‘limi boshlig‘i M.Eshbaeva lavozimidan ozod etildi. Shuningdek, mazkur markazning bir qator xodimlariga jarima intizomiy jazo choralari va  “xayfsan” intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan.

Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari D. Bekboeva, Nukus shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i J.Tarixov, Qo‘ng‘irot tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i B. Jumaniyazov va Chimboy tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i D. yembergenovlarga jarima jazo choralari qo‘llanildi.

Ayni paytda poytaxtdan borgan mutaxassislar mahalliy shifokorlar bilan hamkorlikda onalar, bolalar, o‘smirlar, fertil yoshdagi ayollar va aholining barcha qatlamiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordamni yanada yaxshilash, tibbiy-profilaktika, perinatal va antenatal tibbiy yordamni zamon talablari darajasida tashkil etish bo‘yicha ish olib bormoqda.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech