19 Avgust 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +32,8 °C

Bo‘sh vaqtda
27 Aprel  2019 1252

Men tirikmanmi o‘zi (Viktor Koklyushkin)

Hozir sizga g‘alati bir hayotiy voqyeani so‘zlab bermoqchiman...

Shifoxonaga tushib qoldim. Oyog‘im chiqib ketgandi... Bo‘ynim singani yaxshiydi, undan ko‘ra! Ko‘z oldingizga keltiring, qabulxonada shifokor qachon kelib menga qararkan, deb kuti-i-b yotibman. Ammo uning o‘rniga ikkita sanitar paydo bo‘ldi.

— Shumi? — dedi pakanasi novchasiga meni ko‘rsatib.

— Hozir ko‘ray-chi, — dedi novcha, — bu yaramaslarning barini eslab qolib bo‘larkanmi?!

Cho‘ntagidan bir to‘p qog‘oz chiqarib, titkiladi-da, dedi:

— Ha, shu! Mana, — dedi, — soat o‘n uchu nol-nolda joni uzildi, deb yozib qo‘yilibdi.

Hayron bo‘lib so‘radim:

— Kimning joni uzilibdi?

Pakana dedi:

— Sendan hyech kim so‘ragani yo‘q! Rosa beti qalinlashib ketganini qara, bularning! — dedi. — Burnog‘i yili bir boboy shunaqa qilib, mudirni qo‘rqitib yuboruvdi. Endi o‘ziga quygan ekan, boboy shartta olib ichib yuboribdi, kamiga gazakka ham qo‘l uzatayotganmish!..

Novcha dedi:

— Ha, hayotda shunaqa g‘ayritabiiy hodisalar ham bo‘p turadi! Har ehtimolga qarshi yana bir tekshirib ko‘ray-chi?!

Tekshirib ko‘rgach, dedi:

— Yo‘q, hammasi to‘g‘ri, mana, yozib qo‘yilibdi: Anisimova Agrafyona Petrovna... 1883-yilda tug‘ilgan...

— Ahmoqlar! — chinqirdim men. — Hali ustingizdan arz qilaman!

— Burnog‘i yili, — dedi pakana, — bir momoy ham shikoyat yozgandi. Yaqinda javobi ham kelib qolsa kerak...

— O‘zlari aniqlab olishadi, — dedi novcha, — hozir bunaqa ishlarga talab qattiq!

Pakana ikkilanibroq gapirdi:

— Menga qara, — dedi u, — sal g‘alatiroq momoy ekanmi: shim kiygan, mo‘ylovli, taqir boshi ham yaltirayapti.

Novcha dedi:

— Nima bo‘pti, balki tirikligida shunaqa, boshqalardan ajralib turay, degandir?!

— Burnog‘i yili, — gap qo‘shdi pakana, — bir rokerni olib kelishgandi. Tavba deysan kishi, rokerning o‘rniga mototsiklni ko‘mishibdi-ya! Bularni shunaqa ajratib bo‘lmaydi o‘zi...

— Do‘xtirni chaqiringlar! Menga do‘xtirni chaqir deyapman! — bo‘kirdim men.

Shu payt eshik ochilib, shifokor kirib keldi: xalati ohorlangan, qarashi o‘tkir. Ko‘kragida stetoskop, boshida bug‘u mo‘ynasidan tikilgan telpak, urib ketishmasin degan-da!

— Nima gap? Nega bemor buncha chinqiryapti? — so‘radi u. — Yana rejani ko‘proq bajarish uchun keyingi chorakning ham dorisini beryapsizlarmi?

— Burnog‘i yili, — gap qo‘shdi pakana, — hech kim xafa bo‘lmasligi va hammaga yetishi uchun dorilarni shundoq qozonga solgandik. Bu yil esa siz urishib berganingiz uchun, umuman bermaymiz, deb turuvdik.

— Buning ustiga bu kasal emas, — dedi novcha, — u haligi...

Qog‘ozlarini titkiladi va hayron bo‘lib dedi:

— Iyy! Ikkita qog‘oz bir-biriga yopishib qolgan ekan, bu kishi o‘n to‘qqizinchi asrda tug‘ilgan Agrafyona emas, balki... balki sun'iy buyrak apparati ekan!

Shifokor lablarini qimtidi va aqllinamo gap tashladi:

— Buni aniq yaponlar yasagan, o‘zimiznikilar eplolmasa kerak?!

— Meni o‘zimiznikilar yasagan, o‘zimiznikilar! — qichqirdim men.

— Uni qara! — dedi hayratga tushib pakana, — eplashganga o‘xshaydi! Qani, ko‘tardikmi? — dedi buyruq ohangida novchaga va o‘zi oyoqlarimdan tutdi.

— Vo-o-oy! — deya chinqirdim va qutulmoqchi bo‘lib, ushlab turgan oyog‘imni qattiq silkitdim... Bir narsa «qirt» etdi-yu, chiqqan oyog‘im joyiga tushdi. Keyin tura solib qochdim. Mingga qo‘yib qochayotib, ko‘chadagi simyog‘ochga borib urilibman...

Endi yuqoridagilarni tushimda ko‘rdimmi yoki chindan ham shunday bo‘ldimi — o‘zim ham bilmay, ikkilanib qoldim!..

Rus tilidan

Nurpo‘lat NURQULOV tarjimasi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech