28 Mart 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +18,3 °C

Hukumat
14 Fevral  2020 3449
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati

Meva-sabzavotchilik klasterlarini samarali tashkil qilish boʻyicha vazifalar belgilandi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 14-fevral kuni meva-sabzavotchilik klasterlarini samarali tashkil qilish, paxtachilik klasterlari faoliyatini takomillashtirish hamda davlat ehtiyojlari uchun paxta va gʻalla yetishtirish tizimidan bosqichma-bosqich voz kechish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Qishloq xoʻjaligi iqtisodiyot rivoji, aholi bandligi va daromadlari oʻsishini taʼminlaydigan eng muhim sohalardan biri. Shu bois uni zamon talablari, strategik yondashuvlar asosida taraqqiy ettirish choralari koʻrilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2019-yil 23-oktyabrdagi farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan strategiyasi qabul qilindi. Oliy Majlisga Murojaatnomada barcha sohalar qatori qishloq xoʻjaligi boʻyicha ham aniq yoʻnalishlar koʻrsatib oʻtildi.

2025-yilgacha mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti hajmini 100 milliard dollar, yillik eksportni 30 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. Bu koʻrsatkichlarga erishish uchun qishloq xoʻjaligi sohasida ham juda katta rezerv va imkoniyatlar bor.

Meva-sabzavot eksportini tizimli tashkil qilish, mahsulot ishlab chiqaruvchi bilan eksportyor oʻrtasida oʻzaro munosabatlarni toʻgʻri yoʻlga qoʻyish maqsadida meva-sabzavotchilik va uzumchilikda ham klaster tizimi joriy qilinmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2019-yil 11-dekabrdagi qarori bilan bu boradagi barcha tashkiliy-huquqiy asoslar yaratib berildi.

Videoselektor yigʻilishida meva-sabzavotchilik va uzumchilik klasterlari faoliyatini samarali tashkil qilishga qaratilgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Avvalo, tizimdagi shartnomaviy munosabatlarni toʻgʻri shakllantirish, mahsulot yetishtiruvchi, qayta ishlovchi va eksportchining manfaati, majburiyati hamda javobgarligini aniq belgilash muhimligi taʼkidlandi.

Klasterlar takliflari asosida eksportbop ekinlarni joylashtirib, zarur urugʻlik, koʻchat, mineral oʻgʻit, yoqilgʻi masalasini hal qilish va ularning taʼminotini tizimli yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Joylarda klasterlar faoliyatini samarali tashkil etishga viloyatlar va tumanlar hokimlarining birinchi oʻrinbosarlari shaxsan masʼul etib belgilandi.

Markaziy bank va tijorat banklari rahbarlarining oʻrinbosarlaridan biri meva-sabzavotchilik klasterlarini aylanma mablagʻlar bilan taʼminlash va ular tomonidan ishlab chiqilgan loyihalarni oʻz vaqtida moliyalashtirishga masʼul qilindi.

– Klasterlar faoliyatini yoʻlga qoʻyishdan asosiy maqsad – eksport hajmini oshirish. Buning uchun esa yangi bozorlarni topish kerak. Bozor boʻlmasa, eksport ham boʻlmaydi, klaster tizimi ham yurmaydi. Shuning uchun chet ellardagi talabni muntazam oʻrganib, imkoniyatlardan samarali foydalanish, eksportda izchillikni taʼminlash kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Oʻzbekoziqovqatxolding” kompaniyasiga tashkil etilayotgan har bir klaster bilan individual ishlab, eksport shartnomalarini chuqur tahlil qilish, aylanma mablagʻlar ajratilishini hisobga olib, qoʻshimcha kontraktlar tuzishga koʻmaklashish vazifasi yuklatildi.

Yigʻilishda viloyatlar hokimlari meva-sabzavot klasterlarini tashkil qilish, bozorbop mahsulotlar yetishtirish va qayta ishlash, eksport hajmi va geografiyasini kengaytirish borasidagi rejalari yuzasidan axborot berdi.

Paxtachilik klasterlari faoliyatini takomillashtirish, davlat ehtiyojlari uchun paxta va gʻalla yetishtirish tizimidan qadamma-qadam voz kechish masalalari ham yigʻilishda batafsil muhokama qilindi.

Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida ushbu mahsulotlarni bozor tamoyillari asosida xarid qilish tizimiga bosqichma-bosqich oʻtish zarurligini taʼkidlagan edi.

Maʼlumki, bu boradagi birinchi qadam sifatida qolipli non, un, bugʻdoy, chigit, paxta yogʻi narxi erkinlashtirilgan edi. Bunga puxta tayyorgarlik koʻrilgani natijasida narxlarda keskin oʻzgarish boʻlmadi.

Paxta va gʻallaga davlat buyurtmasini bekor qilish masalasida ham Jahon banki ekspertlari ishtirokida tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

– Bu yil qishloq xoʻjaligida katta islohotlarni boshlayapmiz. Hokimlar bu masalani chuqur tushunib, ichiga kirishlari shart. Endi orqaga yoʻl yoʻq. Qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini erkinlashtirmasak, manfaatdorlikni oshirmasak, iqtisodiy oʻsish va samaradorlikka erishib boʻlmaydi, – dedi Prezidentimiz.

Yigʻilishda klasterlar faoliyatining samaradorligini oshirish va ularni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash masalasi ham atroflicha tahlil qilindi.

Adliya vazirligi hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligiga klasterlarning huquq va majburiyatlarini belgilab, ularning faoliyatini tartibga solish yuzasidan koʻrsatma berildi.

Paxta yetishtirishning amaldagi tizimi fermerlar va klasterlar oʻrtasida moliyaviy jihatdan koʻplab savollarni keltirib chiqarmoqda. Bu bir tarafdan paxtani qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishga mablagʻ yetishmasligini keltirib chiqarsa, ikkinchidan, paxta yetishtirgan fermer xoʻjaliklari bilan hisob-kitob qilish imkoniyatini cheklab qoʻymoqda.

Shu bois klasterlar moliyalashtirish tizimini takomillashtirish, ularda mahsulot ishlab chiqarish va qayta ishlashni alohida faoliyat turi sifatida kreditlash tizimini joriy etish zarurligi taʼkidlandi.

Paxta-toʻqimachilik klasterlari tashkil etilmagan joylarda paxta tozalash zavodlari negizida fermerlar kooperatsiyalari yoʻlga qoʻyilishi belgilandi.

Bu tajriba Turkiyada oʻzini oqlagan. Ushbu tizimning eng muhim jihati – fermerlar nafaqat paxta xomashyosini, balki uni qayta ishlashdan olingan mahsulotlarni (tola, chigit, shrot, sheluxa) sotishdan ham manfaatdor boʻladi.

Yana bir ahamiyati – paxta yetishtirishda raqobat shakllanadi. Klasterlar va kooperativlar oʻrtasida raqobat boʻlsa, bundan faqatgina fermerlar, yaʼni yer egalari boʻlgan dehqonlar manfaatdor boʻladi.

Paxta va gʻalla yetishtirishda davlat buyurtmasi bekor boʻlsa, ilgarigidek reja ortidan quvish barham topadi. Endilikda hokimlar xalq deputatlari kengashi bilan birga ekin yerlaridan samarali foydalanish va ekin turlarini toʻgʻri joylashtirishga masʼul boʻladi. Ular, shuningdek, qishloq xoʻjaligi infratuzilmasini yaxshilash, irrigatsiya tarmoqlarini taʼmirlash, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, ushbu maqsadlarda ajratilayotgan mablagʻlar va subsidiyalardan samarali foydalanish ishlarini tashkil etadi. Dehqonlarga servis xizmatlari koʻrsatish, zararkunandalarga qarshi qurashish, paxta yigʻim-terimida mexanizatsiya darajasini oshirish choralarini ham koʻradi.

Videselektor yigʻilishida gʻalla hosilini gʻamlash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Qayd etilganidek, gʻallani davlat ehtiyoji uchun majburiy sotib olish tizimidan davlat zaxiralari tizimiga oʻtilmoqda va fermerlarga gʻallani erkin sotish huquqi berilmoqda. Bu masala oziq-ovqat xavfsizligi bilan bogʻliq boʻlganligi bois davlatga majburiy gʻalla sotish tizimi ikki bosqichda bekor qilinishi rejalashtirilgan.

Bu yil yetishtiriladigan gʻalla hosilidan davlat ehtiyojlari uchun sotiladigan hajmi kamaytiriladi. Yaʼni, mamlakatimiz boʻyicha bu yil qoʻshimcha 1 million tonnadan ortiq gʻalla fermerlar ixtiyorida qoladi.

2021-yil hosilidan boshlab esa davlatga gʻalla sotish rejasi toʻliq bekor qilinib, mahsulotni bozor narxlarida sotib olish yoʻlga qoʻyiladi.

Prezidentimiz bu oʻzgarishlarning ahamiyatini alohida taʼkidlab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Yer ajratish borasidagi muammolar koʻrib chiqildi. Sugʻoriladigan maydonlar talon-torojiga chek qoʻyish, har bir qarich yerdan xalq manfaati yoʻlida samarali foydalanish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Shundan kelib chiqqan holda, joylardagi mutasaddilarning masʼuliyati va javobgarligini oshirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab berildi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan soha mutasaddilari, hududlar va tarmoqlar rahbarlari axborot berdi.

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech