13 Iyul 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +34,5 °C

Sanoat
1 Iyul  2020 338

XMK va YETTB “Indorama” kompaniyasiga Qoʻqon superfosfat zavodini zamonaviylashtirishda moliyaviy yordam beradi

Videokonferensaloqa shaklida “Indorama Kokand Fertilizers and Chemicals”, Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) oʻrtasida umumiy qiymati 25 million dollarga teng boʻlgan kredit bitimini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.

Teng ulushlarda ajratilgan XMK va YETTB kredit mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasining davlat kafolatlaridan foydalanmagan holda xorijiy investorga taqdim etiladi va “Qoʻqon superfosfat zavodi” AJni zamonaviylashtirishda “Indorama Kokand Fertilizers and Chemicals”ning toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarini moliyalashtirish uchun yoʻnaltiriladi.

Loyiha ikki bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan: birinchi bosqichda issiqxona ekinlari uchun suvda eruvchan oʻgʻitlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi va superfosfat ishlab chiqarish hajmi yiliga 100 dan 350 ming tonnagacha oshiriladi. Ikkinchi bosqichda dikalsiy fosfat, kaliy sulfat va sulfat kislota kabi yangi kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.

“Qoʻqon superfosfat zavodi”ni zamonaviylashtirish loyihasi davlat aktivlarini samarali va oshkora xususiylashtirish namunasi hamda Oʻzbekistonda xorijiy investorning “success story”sining namoyishi boʻlib xizmat qilayotgani alohida taʼkidlandi.

XMK ushbu loyihani moliyalashtirishdan tashqari, “Indorama” kompaniyasiga oʻgʻitlarni tarqatish tizimini ishlab chiqish va tashkil qilishda maslahat koʻmagini beradi va fermerlarga yer sifatini boshqarish sohasida texnik yordam koʻrsatadi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

Maʼlumot uchun: “Qoʻqon superfosfat zavodi” AJ 1935-yilda tashkil etilgan boʻlib, kompaniya faoliyati Qizilqum fosforit kombinatining “Toshqura” koni fosforitlaridan mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarish edi. 2019-yilda zavodning 96% aksiyalari “Indorama Corporation” tomonidan sotib olindi.

“Indorama Corporation” — dunyoning 35 dan ortiq mamlakatlarida oʻgʻitlar, polimerlar, polimer xom ashyolari, toʻqimachilik, tolalar va tibbiy qoʻlqoplarni oʻz ichiga olgan turli xil mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi, 40 000 dan ortiq odam ishlaydigan shoʻba korxonalari va filiallariga ega boʻlgan Osiyodagi kimyoviy sanoat sohasida yetakchi xoldinglardan biridir. Korxona Saxaraning janubida joylashgan Afrika mamlakatlarida eng yirik mineral oʻgʻitlar ishlab chiqaruvchisi, Gʻarbiy Afrikadagi eng yirik poliolefin ishlab chiqaruvchisi va dunyoda uchinchi yirik sintetik qoʻlqop ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Shuningdek, kompaniya paxta va sintetik iplarni integrallashgan ishlab chiqaruvchisi hamdir.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech