04 Iyul 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +31,5 °C

Ijtimoiy hayot
17 Dekabr  2018 2932

Migratsiyaning salbiy ta’sirini qanday kamaytirish mumkin?

Ilgari mamlakatimiz Xalqaro migratsiya tashkilotida (XMT) kuzatuvchi sifatida ishtirok etardi. Uning mazkur tashkilot tarkibiga qabul qilinishi - respublikamizda migratsiya jarayonlarini samarali boshqarishda muhim bosqich bo‘ldi.

O‘zbekiston - aholisi tez sur'atlarda o‘sayotgan davlat. MDH davlatlari o‘rtasida Rossiya va Ukrainadan (dunyo bo‘yicha 42-o‘rinda) keyin uchinchi o‘rinda turadi. Davlat statistika qo‘mitasining dastlabki ma'lumotiga asosan 2017-yil 1-oktabr holatiga ko‘ra, yurtimiz aholisi 32,51 million kishini tashkil etgan. BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha departamenti bashoratiga ko‘ra 2030 yilda bu ko‘rsatkich - 36,7 million, 2040 yilga borib esa 40 milliondan oshadi. Bu aholi soni 20,61 million kishiga yetgan 1991-yildagiga qaraganda, ancha yirik ko‘rsatkich.

Hozirda aholining xalqaro migratsiyasi globallashdi. BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha departamenti ma'ruzasida keltirilishicha, bugun dunyo bo‘ylab migrantlar soni 250 milliontaga yetgan. 2050-yilga borib bu raqam 321 milliontani tashkil etadi. E’tiborlisi, uning 30 foizi 29 yoshgacha bo‘lgan yoshlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

O‘zbekiston ham ushbu global jarayonlarda faol ishtirok etmoqda. Migrantlarning ko‘pgina davlatlardagi ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarga sezilarli ta'sir ko‘rsatishi sir emas. Migratsiyaning ijobiy va salbiy jihatlari ham mavjud. Demak, bu nojo‘ya ta'sirlarni kamaytirish bo‘yicha mos qarorlarni qidirishni hamda shaxs va jamiyat rivojlanishidagi ijobiy ta’sirini oshirishga qaratilgan o‘rganishlarni talab etadi.

Xorijga chiqishning sabablari ko‘p: biznesni yuritish, sayohat qilish, qarindoshlari va do‘stlarinikiga mehmonga borish, o‘qish, mehnat faoliyatini amalga oshirish va hokazo. O‘zbekistonliklarning asosiy oqimi MDH davlatlariga yo‘l olmoqda. BMTning nufus sohasidagi jamg‘armasi (UNFPA) hisobi bo‘yicha Rossiyada 2 milliondan ziyod kishi, 600 mingga yaqin vatandoshimiz esa Qozog‘istonda vaqtincha mehnat migratsiyasida.

So‘nggi yillarda migratsiya jarayonlarini tartibga solish tamoyillari va bu masalaga yondashuv tubdan qayta ko‘rib chiqilmoqda. Xorijda ishlayotgan fuqarolarning ijtimoiy va mehnat huquqlarini nazarda tutuvchi davlatlararo darajadagi hujjatlar imzolanmoqda.

Migratsiya bilan bog‘liq tobora kattalashib borayotgan muammolarni tezkor yechishda yordam ko‘rsatish, bu yo‘nalishda ko‘makka muhtoj insonlarga xavfsiz, ishonchli, moslashuvchan va arzon xizmatlar ko‘rsatish maqsadida 1951 yilda XMTga asos solingan. Tashkilot migratsiya bo‘yicha BMTning Agentligi hisoblanadi. Uning faoliyati umumiy manfaatlar uchun insoniylikni saqlagan holda migratsiyani tartibli amalga oshirish, muammolarga amaliy yechim izlash va muhtoj migrantlarga insonparvarlik yordamini ko‘rsatishga qaratilgan. O‘zbekistonning XMTga to‘laqonli a'zo sifatida qabul qilinishi borasidagi talabnomasi BMTning Jenevadagi Migratsiya bo‘yicha agentligi kengashining 109-sessiyasida qo‘llab-quvvatlandi. Unda mamlakatimizning Markaziy Osiyoda va global migrantlar oqimi borasida muhim sanalishi qayd etildi.

XMT qochoqlar, ko‘chirilgan odamlar, migrantlar va boshqa shaxslarning o‘z yurtlariga erkin qaytishi va reintegratsiyasini yengillashtiradigan ko‘plab dasturlarni amalga oshirmoqda. Tashkilot Markaziy Osiyo davlatlarida ham faol. XMTning prognoziga qaraganda, keyingi besh yil ichida ushbu hududda ishchi kuchi to‘rt million kishiga yetadi va kattalashishda davom etadi.

XMT faoliyatida to‘laqonli ishtirok etish xalqaro mexanizmlar va migratsiya jarayonlarini boshqarish bo‘yicha tuzilmalar imkoniyatlaridan foydalanishni kengaytirish, shuningdek, xalqaro standartlarni hisobga olgan holda texnik va uslubiy ko‘mak olish imkonini beradi.

Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumida migrantlar huquqlarini himoya qilish masalalari kiritilgan Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi. Ushbu hujjat matnida aytilishicha, davlat ularni hurmat qilishni, migratsion maqomidan qat'i nazar himoyasini ta’minlashga, shuningdek, barqaror rivojlanish maqsadlariga mos ravishda harakat qilishi lozim. Bu migratsiya va u bilan bog‘liq masalalar borasida muammolarning e’tirof etilishi bo‘ldi va buning o‘ta muhimligi ta’kidlandi.

So‘nggi yillarda migratsiya jarayonlari, fuqarolar bilan ishlash va birgalikda harakat qilish, davlat tuzilmalarining aholi bilan olib boradigan muzokaralarini tartibga solish qayta ko‘rib chiqildi. Xorijdagi fuqarolarni ishga joylashtirishning tashkiliy shakllarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham ishlar olib borilyapti. Xorijiy kelishuvlardan, samarali ishga joylashtirish uchun kvotalar olishdan, migrantlarga amaliy ko‘mak berishdan vaziyatning yanada yaxshilanishi kutilmoqda.

Migratsiya sohasida muvofiqlashtirilgan holda ishlashini ta’minlash uchun davlat organlari, vazirliklar va idoralar, davlat va jamoatchilik tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish birinchi galda fuqarolarning huquqlarini himoya qilish, uylariga qaytayotgan mehnat migrantlariga reabilitatsiya (tibbiy, ruhiy va pedagogik jihatdan tiklash) va reintegratsiya (fuqaroligini qayta tiklash) yordamini ko‘rsatishga qaratilgan.

XMT ishchi kuchini eksport qiluvchi davlatlarga migrantlar manfaatini himoya qilish, ayni damda xorijdagi va chet elga ishlashga chiqmoqchi bo‘layotganlarga maslahat hamda axborot xizmatini ko‘rsatishdagi rolini oshirish uchun davlat organlari vazifalarining yangicha shaklini yaratishni taklif etuvchi tavsiyanomalarni ishlab chiqdi.

Migrantlarning ehtiyojlari, jumladan, ijtimoiy kam ta’minlangan oilalardagi potensial mehnat migrantlarini o‘qitishga mo‘ljallangan, ularni tayyorlash va moslashtirish dasturlarini amalga oshirishda XMT bilan hamkorlikni kengaytirish istiqbolli va muhimdir. Xorijiy bozor talablariga mos ravishda chet elga chiqishidan oldin mehnat migrantlarini tayyorlash va moslashtirish tizimi ham takomillashtirilmoqda. Bu yo‘nalishdagi ishlarni davom ettirish, XMT ishida faol ishtirok etish migratsiya jarayonlarini boshqarish mexanizmlarini yaxshilash imkonini beradi.

Shuhrat Isoqulov,
iqtisod fanlari nomzodi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech