21 Sentyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +18,8 °C

Turizm
16 Yanvar  2019 1724

Muammolar o‘rganildi, qaror qabul qilindi, endi navbat...

Prezidentimizning joriy yil 5-yanvardagi «O‘zbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni va uning asosida qabul qilingan qaror sayyohlik sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan firmalar uchun katta sovg‘a bo‘ldi, deyish mumkin. Chunki mamlakatimizda turizm juda tez rivojlanyapti, buning uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan, deb jar solamizu ammo uning ichida «qaynayotgan»larning suhbatini olsangiz, har kuni, har qadamda muammolarga duch kelinayotgani, qog‘ozbozlik, sansalorlik, korrupsion holatlar hamon davom etayotganini eshitasiz.

 

Xo‘sh, turizm bilan shug‘ullanayotgan firmalar davlatimiz rahbarining sayyohlik rivojiga qaratilgan navbatdagi farmonini qanday kutib oldi? Ularning qarashlariga hamohangmi, duch kelayotgan muammolariga yechim bo‘la oladimi? Shunday savollarga javob olish maqsadida bir necha turistik kompaniyalarga murojaat qildik.

Hasan MIRALIYEV — «World wide Travel» sayyohlik kompaniyasi menejeri:

– O‘tgan yilning noyabr oyida soha mutaxassislari ishtirokida turizm masalalariga bag‘ishlangan ochiq muloqotda ishtirok etdim. So‘zga chiqib, turoperatorlar faoliyati bilan bog‘liq ko‘plab muammolarani sanab o‘tgandim. Mana, oradan ikki oy o‘tib-o‘tmay, Prezidentimizning turizm tarmog‘ini yanada rivojlantirishga qartilgan farmoni va qarori e'lon qilindi. Unda aynan o‘sha ochiq muloqotda ko‘tarilgan muammolarning deyarli barchasi ko‘rsatib o‘tilgan va uning yechimi bo‘yicha tegishli idoralarga topshiriqlar berilgan, bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar, chora-tadbirlar belgilangan.

Eng katta muammolardan biri aviachiptalar bilan bog‘liq edi. Raqobat yo‘qligi sabab «Havo yo‘llari»mizning chiptalari shunchalik qimmat ediki, ayrim xorijlik sayyohlar narxini eshitib O‘zbekistonga kelishning boshqa yo‘lini qidirardi. Safardan voz kechganlari ham yo‘q emas. Farmonda endilikda aeroportlarimiz xizmatidan xorijiy tashuvchilar ham erkin foydalanishi, buning uchun ularga chegirmalar berish, charter reyslarini ko‘paytirish ko‘zga tutilgan. Xususan, «Ziyorat» turizmini rivojlantirish uchun Indoneziya aviakompaniyalarini jalb qilish masalasini tezkorlik bilan hal qilish ko‘rsatilgan.

Shu o‘rinda, farmonda mamlakat ichkarisidagi aviakompaniya xarajatlarini kamaytirish va aviachiptalar narxini maqbullashtirishga ham e’tibor qaratilganini alohida ta’kidlash lozim. Chunki mahalliy sayyohlarning asosiy qismi qo‘shni davlatlar, jumladan, Qozog‘iston orqali uchib ketayotgani ayni haqiqat, va bu bizning eng og‘riqli nuqtalarimizdan biri edi.

Xirojiddin Ibragimov — MChJ «I TRAVEL» turistik firma ta’sischisi:

– Bugun turizm sanoati shunchalik tez rivojlanib bormoqdaki, sayyohlarning xohish-istaklaridan kelib chiqqan holda har kuni, har soatda yangidan-yangi talab va istaklar, imkoniyatlar paydo bo‘lyapti. O‘zbekistonni sayyohlik rivojlangan davlatlar bilan taqqoslaganda, eh-he, qilinishi lozim bo‘lgan qanchadan-qancha ishlar bor, foydalanilmayotgan imkoniyatlarning esa sanog‘i yo‘q.

Dunyoning brend kompaniyalari borgan sari xizmat ko‘rsatishni yanada yaxshilab, narx-navoni arzonlashtirish yo‘lidan bormoqda. Maqsad, yanada ko‘proq sayyohlarni jalb qilish. Marhamat, turistning xizmatini qilib, rozi qiling va pulini oling! Ammo bizda, aksincha. Kelgan sayyohning avvalo, xizmatini eplab qilolmaymiz, kamiga aldab, pulini shilish payida bo‘lamiz. Bir kelgani qaytib kelmaydi. Menimcha, buning bari sohada jonkuyar, bilimdon mutaxassislarning yetishmasligi bilan bog‘liq.

Gidlar masalasi hamon muammoligicha qolmoqda. Ulardan milliy tariximizni so‘rasangiz, tilini tishlaydi. Ayrim gidlarning aravani quruq olib qochishidan chet elliklar oldida kulgiga qolgan paytlar ham ko‘p bo‘lgan. Shuning uchun farmonda mutaxassislar tayyorlashga ham alohida e'tibor qaratilgan. Mana, Samarqandda «Ipak yo‘li» Xalqaro turizm universiteti ochiladigan bo‘ldi. Shuningdek, sayyohlik rivojlangan xorijiy davlatlar oliy o‘quv yurtlarining hamkorlikdagi qo‘shma fakultetlarini ochish ko‘zda tutilgan.

Turistlarni yanada ko‘proq jalb qilishimiz kerak, deymiz. Qani shart-sharoit, qani xizmat ko‘rsatish?! Birgina mehmonxonalar bo‘yicha birtalay muammolar bor. Farmonda mehmonxonalar qurish, bu boradagi xizmatlarni takomillashtirishga alohida e'tibor qaratilgani ahamiyatlidir. 50 o‘rindan kam bo‘lmagan 3 yulduzli mehmonxona qurgan investorlarga mehmonxonadagi har bir nomerga sarflangan xarajati uchun davlat byudjetidan 40 million so‘m va 100 o‘rindan kam bo‘lmagan 4 yulduzli mehmonxona qurgan investorlarga mehmonxonadagi har bir nomerga sarflangan xarajati uchun esa 65 million so‘m ajratiladigan bo‘ldi.

Bekzod YuNUSOV — «TRAVEL TIME» kompaniyasi boshqaruvchisi:

– Xizmat yuzasidan chet elda ko‘p bo‘lamiz va faoliyatimiz bilan bog‘liq barcha ishlarni joyimizda o‘tirib «onlayn» tarzda bajaramiz. Bironta qog‘oz to‘ldirmaysiz yoki tashkilotlar eshigi oldida kun bo‘yi sarg‘aymaysiz. O‘zbekistonda esa qon-qonimizga singib ketgan ekanmi, qog‘ozbozlik, byurokratiyadan qutulishimiz juda-juda qiyin bo‘lmoqda. Kuningiz tashkilotlar orasida yugurib, ma’lumotlar to‘plash bilan o‘tib ketadi. Axir, dunyo allaqachon «onlayn» muloqotga o‘tib bo‘ldi-ku, deb dod solging keladi.

Shuning uchunmi, farmonda turizmda zamonaviy axbort texnologiyalari xizmatidan yanada kengroq foydalanishga katta e’tibor qaratilgan. 2019-yilning 15-martidan boshlab elektron kirish vizalarini oluvchi davlatlar ro‘yxati yanada oshiriladi. Umumiy ro‘yxatdan 76 davlat o‘rin olgan. Mehmonxonalar, madaniy ob’ektlar va muassasalar xizmatida telekommunikatsiya tarmog‘i bo‘yicha minimal talablarni bajarish belgilangan.

Sayyohlik firmamiz ichki turizm bo‘yicha ham shug‘ullanadi. Farmonda bu yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilotlarga ko‘plab qulayliklar yaratish ko‘zda tutilgan. «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil» dasturi doirasida mahalliy sayyohlar sonini 14 milliondan 25 millionga oshirish belgilangan. Umuman, qarorda turistlar uchun ham, bu sohada faoliyat ko‘rsatayotgan firmalar uchun katta imkoniyatlar yaratilishi ko‘zda tutilgan. Endi hamma gap uning qay darajada bajarilishida qoldi.

Ravshan Mahmudov

 

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech