03 Dekabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +3,2 °C

Suhbat
23 Aprel  2020 1986

Mubin Mirzayev: “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati — tadbirkorlarni saxovatga majburlash emas

Davlat soliq qoʻmitasi raisi birinchi oʻrinbosari Mubin Mirzayev karantin davrida jismoniy va yuridik shaxslarni qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishida amalga oshirilayotganlar ishlar yuzasidan intervyu berdi. Xususan, u Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan eʼlon qilingan “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatidan koʻzlangan maqsad haqida gapirib, karantin davrida ham soliqlarni oʻz vaqtida toʻlab kelayotgan soliq toʻlovchilarga minnatdorlik bildirdi.

— Pandemiya sabab koʻplab rivojlangan mamlakatlarda retsessiya boshlangan. Shu sharoitda Oʻzbekistonda tadbirkorlik muhitini saqlab qolish, sanoat ishlab chiqarishi, iqtisodiy quvvatlar faoliyati bir maromda davom etishi uchun keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu aynan nimalarda namoyon boʻlmoqda? 

— Hozirgi pandemiya sabab yuzaga kelgan inqiroz dunyoda shu vaqtgacha yuz bergan moliyaviy-iqtisodiy inqirozlardan nimasi bilan farq qiladi, degan savol tugʻilishi tabiiy. Avvalgi inqirozlar odatda bir tomon — talab yoki taklifdan biri muammolarga uchrashi oqibatida yuz bergan boʻlsa, joriy inqiroz iqtisodiyotga ikki tomonlama — ham talab, ham taklif nuqtayi nazaridan taʼsir qilayotgani bilan ajralib turibdi. Dunyoda kuzatilayotgan inqirozli holat Oʻzbekiston iqtisodiyoti koʻrsatkichlarining pasayishiga ham sabab boʻlmoqda va pandemiyaning salbiy taʼsiri ayniqsa ikkinchi chorakda yana-da yaqqolroq yuzaga chiqishi mumkin.

Shunga qaramay, Prezidentimiz tomonidan belgilangan aniq chora-tadbirlar samarasi oʻlaroq 2020-yilning birinchi choragida davlat byudjetiga 24 trillion soʻm miqdordagi soliqlar undirilib, belgilangan prognoz koʻrsatkichlar ijrosi toʻliq taʼminlandi. Soliq toʻlovchilarimiz holatni toʻgʻri qabul qilib, soliq toʻlash majburiyatini oʻz vaqtida bajarmoqda. 21-aprel holatiga koʻra, barcha soliq toʻlovchilar tomonidan aprel oyida belgilangan soliq tushumlarining 70 foizdan ortigʻi bajarilgan va, oʻylaymizki, aprel oyi uchun soliq majburiyatlari ham toʻliq bajariladi.

— Karantin davrida oziq-ovqat va boshqa zarur mahsulotlar narxi oshib ketishiga yoʻl qoʻymaslik qanday choralar koʻrilmoqda?

— Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan Davlat soliq qoʻmitasi (DSQ) va Bosh prokuratura huzuridagi Departament zimmasiga karantin davrida zaruriy oziq-ovqat hamda tibbiyot mahsulotlari narxi asossiz oʻsib ketishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatish yuklatilgan. DSQ va uning hududiy boshqarmalarida ushbu yoʻnalishda ish olib boruvchi shtablar tuzilgan boʻlib, 30 mingdan ortiq chakana savdo tarmoqlarida narx-navo barqarorligini taʼminlash yuzasidan aniq chora-tadbirlar amalga oshirib borilmoqda.

Bunda onlayn nazorat-kassa mashinalari hamda elektron hisob-fakturalar monitoringi yuritilmoqda. Fuqarolar murojaatlarini qabul qilish va ularga zudlik bilan munosabat bildirish maqsadida ishonch telefonlari va call-markaz operatorlari soni oshirilgan. Dehqon bozorlarida asosiy turdagi 11 ta oziq-ovqat va tibbiyot mahsulotlarining narx-navosi doimiy monitoring qilinib, bozor va savdo markazlaridan uzoq boʻlgan mahallalar va olis qishloqlarda yarmarkalar tashkil qilinmoqda.

— Pandemiya sharoitida iqtisodiyot tarmoqlari barqarorligini taʼminlash, iqtisodiy jihatdan qiyin ahvolga tushib qolgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

— Oʻzbekistonda karantin tartibi eʼlon qilingan kundan bugunga qadar aholi va tadbirkorlik subyektlariga soliq imtiyozlari va preferensiyalar berish boʻyicha Prezidentning ikkita farmoni qabul qilindi. Bu ikki hujjatda aholi va biznesning deyarli barcha qatlamlari qamrab olingan.

19-mart kuni qabul qilingan ilk farmon bilan soliq toʻlovlari boʻyicha yengilliklar berish haqida 11 ta meʼyor belgilandi. Uchta meʼyor jismoniy shaxslarga taalluqli boʻlsa, sakkiztasi tadbirkorlarga tegishli. 3-apreldagi ikkinchi farmon bilan bevosita soliq imtiyozi va yengilliklar bilan bogʻliq boʻlgan yana 12 ta norma kiritildi.

— Buni aniq toifalar misolida chuqurroq tahlil qilish mumkinmi? Masalan, ayni sharoitda aholi, yaʼni jismoniy shaxslar uchun qanday yengillik va imkoniyatlar koʻzda tutilgan?

— Aholining mavjud mablagʻlarini tejash, ularni ijtimoiy himoya qilish maqsadida birinchi galda davlat oldidagi xarajatlar bilan bogʻliq majburiyatlarini bajarish muddatlari uzaytirildi. Xususan, 19-martdagi farmonga asosan 2019-yil uchun jismoniy shaxslarning jami yillik daromadlari toʻgʻrisidagi deklaratsiyani taqdim etish muddati 2020-yil 1-avgustga qadar etib belgilandi. Jismoniy shaxslarga mol-mulk va yer soliqlarini 2020-yil 15-oktyabrga qadar toʻlash huquqi berildi. Shu bilan birga, yakka tartibdagi tadbirkor (YATT)lar uchun ijtimoiy soliqning oylik summasi bazaviy hisoblash miqdorining 50 foiziga pasaytirildi.

Shuningdek, karantin tadbirlari davrida oʻz faoliyatini toʻxtatishga majbur boʻlgan YATTlar uchun qatʼiy belgilangan daromad soligʻi va ijtimoiy soliqni hisoblashni toʻxtatish belgilandi. Bunda, faoliyatni toʻxtatganlik toʻgʻrisida soliq toʻlovchi shaxsiy kabineti orqali davlat soliq xizmati organlarini xabardor qilishi va davlat roʻyxatidan oʻtganlik toʻgʻrisidagi guvohnomani topshirish talab etilmasligi qayd etildi. DSQ tomonidan my.soliq.uz saytida YATTning shaxsiy kabineti orqali soliqlar hisoblanishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi xabarnomani soliq organiga yuborish xizmati yaratildi.

Karantin davrida qarzi bor YATTlarning realizatsiya hajmi 50 foizdan koʻpga kamayib ketsa, ushbu soliqni 1-oktyabrga qadar kechiktirishi va keyinchalik 12 oyga boʻlib-boʻlib toʻlashi mumkin boʻldi. Bugungi kunda faoliyatini vaqtincha toʻxtatishga majbur boʻlgan 198 mingta YATT ushbu imtiyozdan foydalanmoqda. Ularga 541 milliard soʻmlik daromad soligʻining qatʼiy summasi va ijtimoiy soliq summalari hisoblanishi toʻxtatilgan.

— Soliq toʻlovlaridan boʻyin tovlash, xufyona iqtisodiyot tarafdorlari kam emas. Ammo joriy etilayotgan choralar ularning aksariyatini oʻz faoliyatini qonuniylashtirish, insofli soliq toʻlovchiga aylanishga undashi mumkin, shunday emasmi?

— Toʻgʻri, soliq maʼmuriyatchiligini amalga oshirishda eng asosiy mezon bu — soliq toʻlovchilarning soliq xizmati organlariga boʻlgan ishonchidir. Biz soliq toʻlovchilarning muammolarini eshitib, ushbu muammolarni yechishga harakat qilyapmiz. Davlat soliq organi oldingi kabi soliq toʻlovchilarni tekshiradigan emas, balki ular bilan hamjihatlikda ishlab, ularga maslahat beruvchi organ boʻldi, desam mubolagʻa boʻlmas.

Oʻz vaqtida berilgan toʻgʻri maslahat soliq majburiyatlarning vaqtida va toʻliq hajmda byudjetga yoʻnaltirilishiga sabab boʻlmoqda. Misol uchun, pandemiya davrida plastik kartochkalar orqali hisob-kitoblarning keng joriy etilishi natijasida 21-aprel holatiga koʻra soliq toʻlovchilarimiz tomonidan toʻlangan aylanmadan olinadigan soliqning koʻrsatkichi 82—83 foizni tashkil etmoqda.

Yaʼni, aprelda koʻplab xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyati toʻxtab qolganiga qaramay, ushbu soliq turi boʻyicha tushumlar oʻtgan yanvar, fevral, mart oylaridagi koʻrsatkichga nisbatan koʻproq. Bunga soliq toʻlovchilar hozirgi holatni toʻgʻri qabul qilgani, mablagʻlarni toʻliq hisobotlarda aks ettirgani sabab boʻlmoqda.

Buning uchun biz albatta soliq toʻlovchilardan minnatdormiz.

— Ushbu inqiroz ishbay, kunbay haq oluvchilar, xususan, shaxsiy avtomobilida yoʻlovchi tashib daromad topadiganlarga ayniqsa ogʻir keldi. Nima deb oʻylaysiz, ijtimoiy koʻmak nuqtayi nazaridan ularga nisbatan yondashuv prinsiplarini oʻzgartirish vaqti kelmadimikin?

— Koronavirus pandemiyasi qonuniy faoliyat yuritayotgan yuridik va jismoniy shaxslar qonuniy jihatdan har tomonlama muhofaza qilinganligi, norasmiy faoliyat yuritayotgan jismoniy shaxslar esa ogʻir ahvolga tushib qolishlari mumkinligini koʻrsatib qoʻydi.

Sanab oʻtilgan yordamga muhtoj qatlamlar masalasini yechish oldimizdagi dolzarb masala boʻlib qolmoqda. Ushbu masalani yechishga tayyor koʻplab saxovatpesha tadbirkorlarimiz tomonidan tadbirkorlik faoliyatini tiklash boʻyicha ayrim tashkiliy masalalarni hal etish yuzasidan soliq organlariga murojaatlar tushmoqda.

Bu murojaatlarning aksariyati tadbirkorlarga oʻz transportlarida harakatlanish imkoniyatini taqdim etish va xodimlarini ishga qatnashishini taʼminlashdan iborat. Bu masalalarni tezkorlik bilan yechish yuzasidan, DSQning tegishli takliflaridan kelib chiqib, Prezidentimiz tomonlaridan tegishli qarorlar qabul qilindi.

— “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati, uning doirasida tadbirkorlarga taklif etilayotgan sharoitlar haqida nima deya olasiz?

— “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatini toʻgʻri qabul qilishimiz kerak. Bu tadbirkorlarni saxovatga majburlash emas, balki ularning koʻmak ishlarida ixtiyoriy ishtirok etishlarini taʼminlash maqsadida davlat tomonidan zarur shart-sharoitlarni yaratish harakatidir.

Birinchidan, ushbu harakatga qoʻshilgan tadbirkorlik subyektlarining 1-aprel holatiga soliq qarzdorligi avtomatik ravishda 1-oktyabrga qadar uzaytirish va ularga penya va jarimalar qoʻllamaslik tartiblarini joriy etish;

Ikkinchidan, tashqi savdo operatsiyalari bilan shugʻullangan, yaʼni eksport va importdan muddati oʻtgan debitor va kreditor qarzdorligi mavjud korxonalarga nisbatan soliq organlari tomonidan jarimalar qoʻllamaslik;

Uchinchidan, 1-aprel holatiga koʻra bank kreditlaridan, lizingdan va boshqa moliyaviy majburiyati boʻlgan tadbirkorlik subyektlari qarzdorligining asosiy va foiz summasi grafigi avtomatik ravishda 1-oktyabrgacha, yaʼni olti oyga uzaytirish kabi imtiyoz va preferensiyalar berish koʻzda tutilmoqda.

Shuningdek, tadbirkorlarimizning vaqtincha ishsiz boʻlgan mehnatga layoqatlilarni oʻz kasbiga qarab ishga jalb qilish va ularga ish haqi berish kabi takliflari ham davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlangan holda ushbu yoʻnalishda qoʻshimcha ravishda imtiyoz va preferensiyalar berish nazarda tutilmoqda.

Bunday sharoitlarning yaratilishi tadbirkorlar tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda. Pandemiya davrida koʻmakka muhtoj aholiga vaqtincha mablagʻ berish bilan cheklanib qolmay, balki ularni doimiy daromad keltirish manbasi bilan taʼminlash zarur. Bu esa, oʻz navbatida, Oʻzbekiston iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirishda samara beradi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech