28 May 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +22,2 °C

Xalqaro hamkorlik
10 Aprel  2020 1113

Nafaqat hamkor, yaqin do‘st hamdir

Toshkentga xitoylik hamkorlar taqdim etgan navbatdagi insonparvarlik yordami olib kelindi.

Mamlakatimizning Pekindagi elchixonasi huzurida tashkil qilingan Tezkor shtabda yangi turdagi COVID-19 koronavirusiga qarshi kurashda zarur bo‘ladigan dori-darmon va tibbiy vositalarni yig‘ish, ularni O‘zbekistonga jo‘natish bo‘yicha keng qamrovli ishlar izchil davom ettirilmoqda. Bu kabi maqsad-vazifalar xitoylik hamkorlar va ishbilarmon doiralar vakillari faol ko‘magida amalga oshirilmoqda, deb xabar qilmoqda «Dunyo» AA.

Joriy yil 10-aprelda mamlakatimizning Pekindagi elchixonasi hamda Shanxaydagi Bosh konsulligi tomonidan shakllantirilgan beg‘araz insonparvarlik yordamining to‘rtinchi jo‘natmasi, shuningdek, respublikamiz Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan xarid qilingan tibbiy uskunalar O‘zbekiston Mudofaa vazirligining maxsus samolyotida Toshkentga yetkazildi.

Xitoydan olib kelingan yuk tarkibiga funksional tibbiy krovatlar, o‘pkani sun'iy shamollatish uskunalari, polimeraza zanjirli reaksiyasi qurilmalari, bolalar va kattalar uchun niqoblar bilan ta’minlangan ambuqoplar, raqamli rentgen diagnostika tizimlari, exokardiografiya va tomir doplerlari uchun kardiologiya sensori bo‘lgan ultratovush apparatlari hamda chaqaloqlar uchun o‘pkani sun'iy shamollatish uskunalari kiritilgan. Shuningdek, ular orasida bilirubinni teri orqali aniqlashga mo‘ljallangan jihozlar, jarrohlik amaliyoti uchun mo‘ljallangan lampalar, havo qabul qilish shkaflari, jarrohlik amaliyoti stollari, gidravlika bilan boshqariladigan stollar, «ANDiS 350» tahlil uskunalari va boshqa tibbiy vositalar ham bor.

Insonparvarlik yordami O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan Xitoy tadbirkorlari uyushmasi, shuningdek, bir qator kompaniya va tashkilotlar tomonidan taqdim etildi.

O‘zbekistonlik tadbirkor Gulbahor Tojimirzaeva hamda futbol bo‘yicha milliy terma jamoamiz sardori Odil Ahmedovning tibbiy buyumlar ko‘rinishidagi xayriya yuklari ham ushbu samolyotda mamlakatimizga olib kelindi.

Xitoylik hamkorlarning shunday sinovli kunlarda O‘zbekistonga yordam berayotgani O‘zbekiston va Xitoyning nafaqat yaqin va ishonchli sherik, balki sodiq do‘st ekanini namoyish qilmoqda.

O‘zbekiston elchixonasiga Xitoyning turli hududlaridan koronavirusni yengishda zarur dori-darmon, tibbiy vosita va uskunalarning kelishi davom etmoqda. 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech