29 Oktyabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +1,6 °C

Mamlakatimizda
8 Aprel  2020 1478

Narx-navoni sun’iy oshirishning payi qirqildi

Soliq idorasiga Namangan shahridagi «Sardoba» bozorida kartoshkaning narxi 5 ming so‘mdan oshiq narxda sotilayotgani to‘g‘risida shikoyat kelib tushdi. Va bu asosli murojaat viloyat soliq xizmati organi xodimlari tomonidan nazoratga olib o‘rganilib, joyida qanoatlantirildi. Bugungi kunda viloyat prokuraturasi, viloyat soliq boshqarmasi hamkorligida bozorlar, savdo komplekslarida qishloq xo‘jaligi va iste'mol mahsulotlarining narx-navosi barqarorligini ta'minlash yuzasidan profilaktik ishlar olib borilmoqda. Bu borada tuzilgan ishchi guruhga hududiy davlat soliq inspeksiyalaridan 390 nafar xodim biriktirildi.

— Viloyat prokuraturasi va viloyat soliq boshqarmasi hamkorligida 14 ta dehqon bozori qoshida ko‘chma savdo yarmarkalari, ko‘chma savdo shaxobchalari tashkil etildi, — deydi  Bosh prkuratura huzuridagi Namangan viloyati iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamanti boshqarmasining bo‘lim boshlig‘i Asqarjon Mamatov. — Mazkur savdo shaxobchalari aholi yashash joylari, shu jumladan, har bir mahalla va ko‘p qavatli uylar atrofida ham tashkillashtirilgan.

Karantin sharoitida qiynalayotgan, ro‘zg‘orda yetishmovchilik sezilayotgan Namangan shahar aholisini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash uchun «Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi» ishga tushirildi. Viloyat ahlini ta'minlash maqsadida barcha hududlarda arzon narxlarda mahsulotlarni sotilishiga sharoitlar yaratilmoqda.

Qat’iy tartib va intizom belgilangan shunday paytlarda nafsi xakalak otgan ayrim savdogarlarni tanobi ham tortib qo‘yildi. Viloyat soliq idorasi xodimlarining kunlik olib borayotgan nazorat ishlarida bozor hamda savdo majmualaridagi 66 nafar fuqaro davlat ro‘yxatidan o‘tmay, noqonuniy faoliyat ko‘rsatish barobarida qishloq xo‘jaligi, iste’mol tovarlari, zaruriy tibbiy buyumlarning narxini sun’iy ravishda oshirib sotayotgani aniqlandi.

— Ushbu holatlar bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirildi, — deydi

viloyat soliq boshqarmasi xodimi Ismoiljon Ahmedov. — Shuningdek, daliliy ashyo sifatida jami 135 million so‘mlik mahsulotlar ish sud tomonidan qonuniy ko‘rib chiqilgunga qadar vaqtincha saqlashga olindi.

Bosh prokuratura tasarrufidagi departamentning Namangan viloyati boshqarmasi va davlat soliq inspeksiyasi xodimlari ishtirokidagi tezkor tadbirlar natijasida esa 13 ta qonunbuzilishi ishlari o‘rganilib, huquqbuzarlardan 13 million 236 ming so‘m miqdordagi tovarlar olib qo‘yildi. Mahsulot narxlarini manipulyasiya qilgan ushbu shaxslar tegishli tartibda jazolandi.

Olib borilayotgan nazorat tadbirlari birovni ranjitish yoki burnini qonatish emas, aksincha diyonatga chaqirish. El boshida sinovli kunlar turganda xalq uchun xizmat etish o‘rniga o‘z nafsining so‘ziga kirib to‘rt so‘m ko‘proq daromad qilishga chog‘langanlarni hovridan tushirib qo‘yishdir, asli.

Ulug‘bek Ro‘zimatov,
Namangan viloyati.

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech