31 May 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +29,6 °C

Mamlakatimizda
14 May  2020 895

Karantindan chiqish qanchalik qiyin

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion sogʻliqni saqlash Milliy palatasi germaniyalik mutaxassislar bilan karantindan chiqish masalalarini muhokama qildi.

2020-yil 13-mayda Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion sogʻliqni saqlash Milliy palatasi Germaniyaning Robert Kox nomidagi instituti bilan epidemiya bilan bogʻliq dolzarb masalalar, jumladan karantindan chiqish boʻyicha strategiyalarni muhokama qildi.

Videokonferensiya 50 ga yaqin mutaxassislar ishtirok etdi. Germaniya Federativ Respublikasida pandemiya kunlarida COVID-19 ga taalluqli tavsiyalarni jahonda keng mashhurlikka ega boʻlgan Robert Kox nomidagi Germaniya Federal ilmiy-tadqiqot instituti (RKI) taqdim etadi. Mustaqil ravishda qaror qilish huquqiga ega boʻlgan mamlakatning har bir hududi ularga tayanib joylarda vaziyatni tahlil qiladi va karantin cheklovlarini kiritadi.

Oʻzbekiston va Germaniya COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashishdan nafaqat tibbiy, balki ijtimoiy jihatdan ham katta tajriba oldilar. Bu oʻz vaqtida karantin choralarini qoʻllash va aholining ongli xatti-harakati pandemiya oqibatlarini sezilarli darajada yengillashtirishi va yoʻqotishlarni minimallashtirishini tushunib yetishga imkon berdi.

Markaziy harbiy klinik gospitali rahbarining ilmiy faoliyat boʻyicha oʻrinbosari Baxodir Abdulaxatov karantin cheklovlarini yumshatish boʻyicha R. Kox Instituti tavsiyalari bilan qiziqdi. Kox nomidagi institutning Xalqaro sogʻliqni saqlash markazi (ZIG) boshligʻining oʻrinbosari Andreas Yansen (Andreas Jansen) taʼkidlashicha, tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, karantindan chiqish unga kirishdan ham mashaqqatliroq. Tahlilchilarning fikricha, ayni paytda Germaniyada COVID-19 pandemiyasining birinchi toʻlqini nihoyasiga yetmoqda va qatʼiy karantin choralarini bosqichma-bosqich yumshatish ishlari olib borilmoqda.

“Pandemiya qachon tugashi hammani qiziqtirmoqda, lekin bunga hammada har xil javob. Bu murakkab savol. Hozir nafaqat infeksiya chaqnogʻi, balki “ekspertlar chaqnogʻi” hamdir. Biz faqat maʼlumotlarga tayanishimiz lozim” – dedi A. Yansen.

Uning taʼkidlashicha, COVID-19 kasalligi tarqalishidan kelib chiqib joylarni turli darajadagi hududlarga boʻlish bilan Oʻzbekiston juda toʻgʻri strategiyani tanladi.

“Mamlakatni hududlarga boʻlib, siz asosiy ishni bajardingiz. Va ularga oʻziga xos tarzda – tarqalish darajasidan kelib chiqqan holda munosabatda boʻlish lozim. Hududlarga boʻlish boʻyicha Yevropa davlatlarida biz ham tajribalar oʻtkazmoqdamiz, lekin bu Xitoyda ham qoʻllangan chora edi – Xubey provinsiyasida karantinning eng qatʼiy choralari qoʻllanilgandi”, — dedi Andreas Yansen.

Germaniyalik mutaxassislar mamlakatda COVID-19 dan nisbatan past oʻlim koʻrsatkichlari sababini tushuntirdilar. Xususan, ommaviy testdan oʻtkazish katta taʼsir koʻrsatadi. Eslatib oʻtamiz, GFR aholisi 81,4 million odamdan koʻproq. Test oʻtkazishning bu darajasi bemorlarni kasallik hali yengil kechayotgan davrida – yaʼni shifoxonaga yotqizish ehtiyoji tugʻilmasidan avval aniqlash imkonini beradi.

Germaniyalik ekspertlar taʼkidlashicha, bunda eng muhim koʻrsatkichlardan biri testlarning “ijobiy” koʻrsatkichi, yaʼni tasdiqlangan kasalliklar foizidir. JSST maʼlumotlariga koʻra, normal koʻrsatkich – test oʻtkazilganlarning umumiy sonidan 3 dan 12% gacha “ijobiy” natijadir. Agar koʻrsatkich 20% gacha yetsa, bu yetarli darajada test oʻtkazilmayotganini bildiradi. GFR da bu koʻrsatkich 4-5% tashkil qiladi. Koreya Respublikasi kabi pandemiya bilan muvaffaqiyatli kurashayotgan davlatlarda bu koʻrsatkich yana ham pastroq.

Fikr almashishni davom ettirishga boʻlgan katta qiziqishni hisobga olgan holda, tomonlar germaniyalik mutaxassislari konferensiya davomida koʻtarilgan barcha savollarga yozma ravishda javob berishiga kelishib oldilar. Shuningdek, ushbu videokonferensiya orqali Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion sogʻliqni saqlash Milliy palatasi va Robert Kox nomidagi Germaniya Federal ilmiy-tadqiqot instituti oʻrtasida muvaffaqiyatli boshlangan hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari koʻrib chiqiladi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech