17 Noyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +8,8 °C

Suhbat
17 Dekabr  2018 2929

Kimga ko‘proq og‘ir: ayolgami yo erkakka?

Oilalarning ajralib ketishi – jamiyat uchun ofatdir. So‘nggi yillarda ajrashish uchun ariza topshirayotgan juftliklar soni tobora ko‘paymoqda. Sabablar ham turlicha: oddiy hayotiy e’tirozlardan tortib, xiyonatu zo‘ravonliklargacha... Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2018-yilning yanvaridan sentyabr oyiga qadar mamlakatimiz FHDYO bo‘limlarida 23,8 ming ajralish qayd etilgan. Davlat tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramay muammoli juftliklarga psixologik yordam ko‘rsatish baribir muhimligi va dolzarbligicha qolmoqda. Bu masala borasida aholining savodxonligi ham ko‘ngildagidek emasligi bor gap. Nikohni qanday saqlab qolish va oila qurishda xatoga yo‘l qo‘ymaslik haqida oila psixologi Diana Pavlovicheva quyidagilarni so‘zlaydi:

 

- Ajrashib ketish muammosi bugun globallashgan. Masalan, AQShda tuzilgan nikohlarning 60 foizi ajrashish bilan yakun topmoqda. Yevropa mamlakatlarida ham shunday manzara. Faqat Sharq mamlakatlaridagina bu ko‘rsatkich past.

Oilaviy munosabatlarni yo‘lga qo‘yish – bu er-xotindan muntazam rivojlanish va o‘sishni, o‘z ustida ishlashni talab etadi. Oila rishtalarini biznesga ham qiyoslash mumkin: qancha ko‘p bersangiz, shuncha ko‘p daromad olasiz. Er-xotinga hech nima o‘zaro bir-birini tushunish, hurmat qilish, qo‘llab-quvvatlashdek kuchli ta’sir ko‘rsata olmaydi. Bu bir qarashda ko‘p chaynalgan, siyqasi chiqqan gapdek ko‘rinadigan gaplar bizni tom ma’noda baxtli qila oladi aslida. Bir narsani unutmaslik kerak, ajralish ikki kishining emas, balki ular o‘rtasidagi farzandlar, ota-ona, qarindosh-urug‘, er-xotinning do‘stlari, yaqinlarining ham muammosidir.

- Ota-onasining ajrashishi farzand ruhiyatiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

- Sir emas, har bir farzand to‘laqonli oilada o‘sib-ulg‘ayishga muhtojlik sezadi. Agar ota-onasi munosabatlarini uzishga qaror qilgan bo‘lsa, bunday oila ularga zarar keltiradi, xolos. Ota-onali, ideal va totuv hayot tarzi esa kamdan-kam uchraydi. Mabodo er-xotinning ajrashishdan o‘zga yo‘li qolmagan bo‘lsa, ular farzandga stress yetkazmay, o‘zaro do‘stlik munosabatini saqlagan holda tinch yo‘l bilan ajrashishni rasmiylashtirishi lozim. Er-xotin ajrashgandan so‘ng ham o‘rtada rishta baribir qolishini unutmaslik lozim - bu farzandlardir!

- Ajrashishning oldini olish mumkinmi?

- Bu masalaga keng miqyosda qarash kerak. Afsuski, munosabatlarni qanday  yo‘lga qo‘yish lozimligini bizga hech kim o‘rgatmaydi. Bu masalada tushunchalarning yo‘qligi ham pand beradi. Biroq vaziyatni o‘nglash uchun dastlabki qadamlar tashlana boshladi ham. Masalan, yaqinda «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, Yoshlar ittifoqi va O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorlikda poytaxtimizdagi FHDYO bo‘limlaridan birida «Bo‘lajak kelin-kuyovlar innovatsion maktabi»ni tashkil etishdi. Unda bo‘lajak kelin-kuyovlarni o‘qitish, individual maslahatlar berish va turli treninglar o‘tkazishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Ajoyib tashabbus. Negaki, erkak va ayollar ham bir-birining psixologiyasi haqida hech nima bilmaydi. Tabiat bizni shunday, har xil qilib yaratgan, harakatlarimiz, fikrlashimiz va yurish-turishimiz ham farq qiladi. Ko‘pgina xorijiy mamlakatlarning maktab va OTMlarida yoshlarni oilaviy munosabatni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishni o‘rgatadigan maxsus kurslar o‘quv dasturiga kiritilgan. Bundan tashqari, nikohdan o‘tishdan oldin psixolog amaliyotidan o‘tish shartligi belgilab qo‘yilgan, yo‘qsa, yoshlar nikohdan o‘ta olishmaydi.

- Ajralishlarga asosan, nimalar sabab bo‘ladi?

- Bu har kimda har xil bo‘ladi. Ammo keng tarqalganlari turmushdagi kelishmovchiliklar, oilaviy qadriyatlarning yo‘qligi, ijtimoiy ta’minlay olmaslik. Birinchi va uchinchi holatga yechim topish mumkin, biroq ikkinchisi, oila ahilligi, tinchlik-xotirjamligiga putur yetkazadi. Nikohning mohiyati bitta yo‘nalish bo‘ylab hamohang harakat qilishdir. Umumiy ma’naviy qadriyatlar esa, bunda muhim rol o‘ynaydi.

Bunda ko‘p narsa qanday oilada tug‘ilib-o‘sishga ham bog‘liq. Ajrashishga ko‘pincha umidlarning puchga chiqishi ham sabab bo‘ladi. Gap shundaki, oila qurishdan oldin har bir yosh aniq maqsadlarni ko‘ngliga tukkan bo‘ladi. Juftining e’tiborsizligi sabab kutilgan umidlar sarobga aylangach, biri ikkinchisini ayblay boshlaydi, ikkalasi ham o‘zidan boshqa barchani aybdor qilishga tushadi. Ayrimlar esa o‘z oilasida ololmagan narsasini boshqa odamning ortig‘i bilan qilib berishini kutadi. Biroq munosabatlarning baxtli bo‘lishi uchun baxtiyor holda unga o‘tish ham kerak, axir.

Murojaat qilgan ko‘pgina juftliklarga, eng avvalo, hatto, arzimas muammo chiqsa ham o‘zaro gaplashib olish lozimligini o‘rgataman. Darz ketgan joy tobora kattalashib ketmasligi uchun o‘zaro muloqotda bo‘lish lozim. Bugun esa bu ulkan muammo. Internet, SMS va boshqalarning paydo bo‘lishi bilan jonli suhbatlar o‘z qadrini yo‘qotmoqda.

- Sizga qanday oilalar ko‘proq murojaat qiladi?

- Mutlaqo har xil. Yaqinda tuppa-tuzuk, risoladagidek juftlik murojaat qildi. Ular paydo bo‘lgan uyg‘unlikni saqlab qolishni istasharkan. Bu yaxshi, albatta. Ammo murakkab vaziyatga tushib qolganlar ham uchraydi. Masalan, birinchi nikohi buzilgan juftliklar xatoni qaytib takrorlamaslikka intiladi. Hatto, shunday holat ham kuzatilganki, erga xotinining vannaxonani qanday tozalashi yoqmay qolgan. Bu turmushdagi ko‘ngilsiz kelishmovchilikka bir misol, albatta. Kimdir moddiy ta’minlanganlikdan norozi. Darvoqe, bu sabab eng ko‘p tarqalganlaridan bittasi.

- Munosabatlarning rasmiy maqomi ham inson psixologiyasiga ta’sir ko‘rsatadimi?

- Juda kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Qog‘oz bosilgan shtamp hayotni butunlay o‘zgartirib yuborishi mumkin. Endi siz haftada bir emas, balki har kuni ko‘rishasiz, bir-biringizning kamchiligu yutuqlaringizni yaqindan bilib olasiz. Bunda bir-birini to‘g‘ri tushunish va qanday bo‘lsa, shunday qabul qilish juda muhim. Har birimiz alohida-alohida odamlarmiz, bu bor gap. Ammo pasportga shtamp urilgandan so‘ng ikkita bo‘lib qolamiz, buyam bor gap. Bunda asosiysi, o‘zaro bir-birini tushunishni yo‘lga qo‘yish.

- Oilalarni saqlab qolishda qanday usullar qo‘llanilmoqda?

- Bu boradagi psixologik usullar juda ko‘p. Mutaxassis faoliyati davomida mos kelishiga qarab, turli usullardan foydalanadi. Tabiiyki, har bir murojaat qilgan kishiga individual yondashiladi. Juftliklarning ehtiyojidan kelib chiqib, har biriga gapirishga imkon beraman. Bu ish beradi. Ko‘pgina juftliklar bir-birining gapini mutlaqo eshita olmaydi. Ammo juftlikning shu masalada maslahatga kelishi yarashuvga tomon tashlangan ulkan qadam, ya'ni 80 foizlik ijobiy yurish, degani. Ayrim hollarda murojaat qilgan juftlikni ko‘riboq, ularning nikohini saqlab qolib bo‘lmasligini tushunasiz. Og‘ir vaziyat, albatta, chora bitta – ajrashish.

Ish usullariga kelsak, ular ham juda ko‘p. Bunda art-terapiya yaxshi samara beradi. Psixologiyada «moddiy mayoqchalar», ya’ni umumiy maqsadlarni qo‘yish, degan tushuncha bor. Buning mohiyati juftlikka birgalikda nimalargadir erishishni o‘rgatish hisoblanadi. Masalan, uyni kapital ta’mirlash, avtomobil sotib olish, sayohatlarga borish va hamisha shunday yo‘l tutilishiga o‘rgatish. Xullas, juftlikning muntazam umumiy maqsadlarga yetishish, reja va g‘oyalarni amalga oshirish uchun intilishi talab etiladi.

- Ajrashish erkakda va ayolda alohida-alohida qanday aks etadi?

- Ayolga stressni yengish qiyin kechadi. Gap shundaki, ular aksariyat hollarda farzandlari bilan qoladi. Afsuski, ajrashgan ayol – baxtsiz ayol, degan ijtimoiy fikr ham mavjud. Erkak kishining esa yo‘rig‘i boshqa, hech kim ularni muhokama, g‘iybat qilmaydi, ularga yomon ko‘z bilan qaramaydi. Shu bois nikohni saqlab qolish tashabbusi aksariyat hollarda ayollardan chiqadi. Muammoning ko‘ziga qarash, bizga osonroq. Ammo yana bir qiziq fakt mavjud, psixolog bilan ishlashda asosan erkaklar samaraliroq harakat qiladi, ular hissiyotlarini yaxshiroq jilovlaydi.

- Nikohni saqlab qolish uchun juftliklarga nima degan bo‘lardingiz?

- Xudbin bo‘lishmasin va faqatgina ota-ona, qarindosh-urug‘, bola-chaqa uchun emas, balki bir-biri uchun ham yashashni o‘rganishsin. Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, asosan, yosh juftliklar ajrashib ketishadi. Bu juda qayg‘uli, albatta. Muammolarni hal qilishga intilish, boriga shukr, qanoat qilib yashash lozim. Negaki, keyingi nikohning, albatta, baxt keltirishiga hyech kim kafolat bera olmaydi.

Yevgeniya Yun

suhbatlashdi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech