10 Aprel 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +14,2 °C

Ijtimoiy hayot
26 Fevral  2020 774

Noqonuniy qurilgan uy-joylar: sabab, tahlil, oqibat

Biz voqyelikka baho berishda ko‘pincha oq va qora yakranglikdan iborat mezonlardan foydalanamiz. Azal ishongan ideallarimiz ham shunday: yovuzlik va ezgulik kurashadi, bir tomon shubhasiz yomon, ikkinchi tomon albatta yaxshi bo‘ladi. Va oqibatda ezgulik g‘alaba qozonadi (yoki g‘alaba qozongan tomon ezgu bo‘lib chiqadi).

Afsuski, hayotda hammasi bunday oddiy va ayon ajralib turmaydi. U yoki bu hodisaning sabablarini o‘rgana boshlar ekansan, vaziyat chalkashligi, murakkabligi va turli jarayonlarga bog‘liqligini ko‘rasan.

Shunday holatda sabablarni topish, oqlash yoki qoralash emas, tahlil qilish lozimligini anglaysan.

Bugungi kunda noqonuniy qurilgan uy-joylar masalasiga to‘xtalganda ham, shunday: tortishuv, ko‘z yoshi, hatto qon tasvirlariga qarab ehtiros bilan turli baholarni beravermay, shunga olib kelgan sabablar haqida mushohada qilish va bundan keyin nima bo‘ladi degan savol ustida o‘ylash muhim.

Noqonuniy uy-joylar masalasida bu qadar tushunmovchilik va ziddiyatlar kelib chiqishining sabablari nima?

Bu voqyealarni o‘tgan yilgi «snos» bilan umumlashtirib taqdim qilish naqadar to‘g‘ri?

Bundan keyin davlatning noqonuniy qurilgan uy-joylarga nisbatan siyosati qanday bo‘ladi?

Avvalo, sabablar xususida

1. Demografiya va uy-joy qurilishi. Fuqarolarni arzon uy-joylar bilan ta’minlash yuzasidan uzoq yillar yetarlicha harakat qilinmadi. Ayniqsa, qishloq joylarda aholi uchun hamyonbop turar joy binolari qurish masalasi e'tiborga olinmadi.

Xususan, 2009 — 2017-yillar davomida 81 992 ta uy qurildi, 6 624 ta uy-joy massivi barpo etildi. Mamlakat aholisi soni esa bu davrda 27 milliondan 32 milliongacha oshdi. Tabiiyki, uy-joy qurilishi shiddati aholi o‘sish shiddatidan ancha ortda qoldi.

Qolaversa, namunaviy loyihalar asosida qurilgan uy-joylarni sotib olishga qishloq aholisining qurbi yetmaydigan holat ham ko‘p edi. Loyihani «realizatsiya» qilish uchun bu uylar uy-joyi bor, o‘ziga to‘q aholiga, fermerlarga, tadbirkorlarga majburlab sotildi. Shunga qaramay, loyiha qishloq aholisining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qoplay olmadi.

Odamlarga sharoitiga mos va hamyonbop uylar qurilmagani va shiddatli demografik o‘sish bugun uy-joy tanqisligi muammosini keltirib chiqardi.

2.Mentalitet. So‘nggi yillarda aholi uchun ko‘p qavatli va arzon uy-joylar qurish ishlari ancha jadallashib qoldi. Prezident qarori bilan tasdiqlangan 2017 — 2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylarni qurish Dasturiga muvofiq yangilangan namunaviy loyihalar asosida 53 mingdan ziyod arzon uy-joylar va kvartiralar qurildi, turar joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj 65 mingga yaqin oila uy-joy bilan ta'minlandi.

Biroq odamlarimiz yerga yaqin bo‘lishni istaydi. Andijonda ko‘p qavatli uydan kvartira emas, kottej kerak deb talab qo‘ygan ayol yodingizdadir. Ko‘pchilik o‘z qarindosh-urug‘i, ota-onasiga yaqin joydan, o‘zi yashayotgan mahalladan hovli-imorat qurishni istaydi. Lekin shuni unutmaslik kerakki, O‘zbekiston Markaziy Osiyoning aholi eng zich yashaydigan o‘lkasi hisoblanadi va aholi soni bo‘yicha MDH davlatlari o‘rtasida «bepoyon» Rossiyadan so‘ng 2-o‘rinda turadi.

Ma’lumot uchun:

O‘zbekiston yer resurslari nihoyatda cheklangan, aholisi esa shiddat bilan oshib borayotgan mamlakat hisoblanadi. Aholi soni o‘sishi shiddati sug‘oriladigan yer maydonlari oshishidan ancha yuqori. Har bir gektar sug‘oriladigan yerga 8 kishi to‘g‘ri keladi. Umumiy qishloq xo‘jaligiga yaroqli yer maydoni 17,8 million gektar bo‘lib, Osiyo taraqqiyot bankining prognozlariga ko‘ra yaqin 30 yilda sug‘oriladigan yerlar miqdori yana 20-25 foizga kamayadi.

3. Yer uchastkalari ajratishdagi qonunbuzarliklar. Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 2018-yil davomida hokimliklar tomonidan 335 gektar yer maydonlari noqonuniy ajratib berilgani va natijada mahalliy byudjetlarga 20 milliard 400 million so‘mdan ko‘proq zarar yetkazilgani aniqlangan.

Xususan, namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurilishi uchun birgina 2018-yilda tuman hokimliklari tomonidan ajratilgan 1 065 gektar yerning 60 gektarga yaqini qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar toifasiga kiradi. Bugun shu xatolar uchun qimmat badal to‘lanyapti.

4. Sust urbanizatsiya. Aholi yashaydigan uylar yaqinida bog‘cha-maktab, poliklinika kabi zarur muassasalar qad ko‘tarishi, gaz-suv, kommunikatsiya masalalari hal etilishi lozim. Odamlar yangi qurilgan, ammo infrastukturasi yaxshi rivojlanmagan kvartallarda yashashni istamaydi. Lekin tanganing orqa tomoni ham bor: rejasiz, tartibsiz, stixiyali ravishda kengayib borayotgan mahallalar va qishloqlarda infrastuktura yaratish ham imkonsiz. Kompakt yashaydigan kvartallar uchun infrastuktura yaratish arzonroq va qulayroq.

5. Korrupsiya va huquqiy madaniyat. Odamlarda qonuniy yashash noqonuniy yashashdan foydaliroq degan xulosa bo‘lishi kerak. Masalan, men qonuniy yo‘llar bilan tegishli to‘lovlarni amalga oshirib yer maydoniga ega bo‘lsam-da, qo‘shnim shu ishni noqonuniy yo‘l bilan osongina kimgadir pulini berib hal qilsa – qonunga asosan yashash kerakligiga kim ishonadi, men ham qo‘shnim kabi yo‘l tutganim afzalga aylanmaydimi? Xuddi shunday, barcha uddaburonlar o‘z ishlarini bitirib ketaversa, unda uzoq emas, yaqin kelajakda qanday parokandalikka yuz tutamiz?

Demak bunday holat yuz bermasligi uchun biz jamiyat sifatida tish-tirnog‘imiz bilan kurashishimiz kerak. Buning uchun esa uzoq yillardan beri ildiz otib ketgan korrupsiyani jilovlash, mansabdorlarning qonunlarga itoatda xalqqa namuna bo‘lishiga erishish, uy-joy, yer va boshqa turli imtiyozlar berilishining shaffof mexanizmlarini takomillashtirish hamda qonunbuzarlarga nisbatan jazo muqarrarligini ta’minlash lozim. Shunda odamlar bilan og‘zaki kelishib davlat yerini berib yuboradigan fermer, bunga yo‘l qo‘yadigan hokimliklar, bundan ko‘z yumadigan kadastr, «uchastkovoy», mahallakom kabi mas’ullar va nihoyat katta riskli avantyuraga bosh qo‘shib peshona teri bilan topgan pulini noqonuniy yer va imoratga tikadigan fuqarolar kamayadi.

Har bir holat o‘ziga xos

Sabablar bundan ko‘proq bo‘lishi mumkin. Lekin noqonuniy qurilgan uy-joylar haqida fikr bildirishda, har bir holat alohida o‘rganishni talab etishini unutmaslik lozim. Agar uy-joy qurish uchun yer hokim qarori bilan ajratilgan, ammo keyin, masalan keyingi hokim kelgach, qaror bekor qilingan bo‘lsa, «fuqaro yoki yuridik shaxsning davlat organi qaroriga bo‘lgan ishonchi qonun bilan qo‘riqlanishi» prinsipi amal qilishi lozim. Agar yer hyech bir hujjatsiz, noqonuniy egallangan bo‘lsa, tegishli tartibda davlat tasarrufiga qaytarilishi shart va albatta javobgarlik masalasi hal etilishi kerak.

Shuningdek, har holatning o‘ziga yarasha sababi bo‘lishini nazarda tutgan holda umumlashmalar va tizimlashtirishlarga ehtiyot bo‘lish kerak. Ayniqsa, buni «snos» masalasi bilan chalkashtirmaslik va aholining ehtiroslari bilan o‘ynashmaslik lozim.

«Bir martalik aksiya» yana bo‘ladimi?

Xabaringiz bor, mamlakatimizda o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga davlat tomonidan bir martalik amnistiya e'lon qilingan edi. Ushbu aksiya natijasida yarim milliondan ortiq insonga uy-joylari qonuniy rasmiylashtirib berildi. Bu yarim million oila qonuniy boshpanalik bo‘ldi, ertaga o‘z uyini avlodlariga meros qilib qoldirishi yoki oldi-sotdi va garovga qo‘yish amaliyotlarini qilishi mumkin degani. Ya’ni uy-joy borasida, qanchalik murakkab bo‘lmasin, davlat tomonidan fuqarolar tomon ulkan qadam tashlanganini hyech kim inkor qila olmaydi.

Ammo ayrimlarda bu davom etadi, uy-joyni qurib, biror yil ushlab tursak, davlat yana «kechirib» yuborishi mumkin degan noto‘g‘ri fikr shakllangan bo‘lishi mumkin.

Aksiya o‘z nomi bilan bir martalik, endi bunday aksiya bo‘lmaydi. Bundan tashqari, aksiyani e’lon qilish to‘g‘risidagi Prezident Farmonida «bir martalik aksiyaning amal qilish muddati tugagandan keyin o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish mumkinligi to‘g‘risidagi fuqarolik qonun hujjatlari normalarini bekor qilish» va «o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlar uchun javobgarlikni kuchaytirish» vazifalari qo‘yilgan edi.

Shu asosida qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritildi, ya’ni o‘zboshimchalik bilan qurilgan uylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish mumkin bo‘lgan moddalar chiqarib tashlandi.

Demak, o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari masalasida davlatning qat’iy pozitsiyasi ma’lum qilindi.

Endi nima bo‘ladi?

O‘tkazilgan xatlov natijasiga ko‘ra, 2018-2019-yillarda 23 mingdan ortiq holatlarda fuqarolar 3 900 gektar yerni o‘zboshimchalik bilan egallab olishgan, 6 000 gektar ekin yerlarida noqonuniy imoratlar qurib olingan.

Bu 23 mingta qonun buzilishi degani. Endi 23 mingta oila boshpanasiz qoladimi?

Afsuski, biz hamma yerlarimizga uy-joy qurib, oziq-ovqatni tashqaridan sotib oladigan darajada boy davlat emasmiz hali. Qolaversa, bu holat davom etish ham mumkin emas – qonuniylikni ta'minlash kerak. Shuning uchun, fikrimcha, davlat mazkur masalada qat'iyat ko‘rsatishda davom etadi.

Lekin...

Uy – bu har insonning vatani, tayanch nuqtasi. U shunchaki moddiy hosila emas, insonga bugunidan xotirjamlik, kelajagi uchun ishonch beradigan, turli xavotirlarini aritadigan joy.

Shu sababli uyini buzishga kelgan buldozer tagiga yotib oladigan odamlar ham chiqyapti va ularni ham qaysidir ma'noda tushunish mumkin.

Demak, endigi masala, bu jarayonning imkon qadar talafotsiz, ammo qonuniy hal etishdan iborat.

Buni ijrochilar yaxshi anglashlari kerak. Noqonuniy qurilgan uylarni buzib, yerlarni davlat tasarrufiga qaytarishni sud qarori bilan, qonunda belgilangan tartibga rioya etgan holda (ikki kunda buziladi deb emas) amalga oshirish lozim.

Sabablar qanday bo‘lishidan qat’i nazar, xalqqa ham, davlatga ham oson bo‘lmaydi. Ammo noqonuniylikka ko‘z yumish, davlat yerini talon-taroj qilishga qo‘yib berish mumkin emas. Aybdorlar aniqlab jazolanishi, sabablar bartaraf etilishi, lozim o‘rinlarda, agar qonunchilikda shu ko‘zda tutilgan bo‘lsa, kompensatsiyalar to‘lanishi kerak. Biroq har bir qarich noqonuniy egallangan yer davlatga qaytarilishi shart.

Biz millat sifatida, davlat sifatida qonuniy yashashni o‘rganishimiz kerak. Ayrimlar qonun nechanchidir masala, insof, diyonat birinchi o‘rinda deyishadi. Lekin insof, diyonatning na mezon-o‘lchovi, na hammada birdek mavjudligiga kafolat bor. 100 ta insonda insof darajasi 100 xil. Shuning uchun qonun mezon bo‘lishi, hamma uchun teng ishlaydigan qonunlar birinchi o‘rinda turmog‘i, qonun bilan yashash noqonuniy yashashdan afzal bo‘lishi lozim.

Shahnoza Soatova,
Adliya vazirligi mas’ul xodimi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech