08 Dekabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +4,8 °C

Salomatlik
22 Noyabr  2019 854

Dori vositalari narxlarini tartibga solishda yangi mexanizm joriy qilinadi

Aholi va tibbiyot muassasalarining arzon va sifatli dori-darmon vositalari bilan ta'minlash, ularning narxini belgilash bo‘yicha ochiq-oshkora mexanizmni joriy etish maqsadida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan dori vositalari narxini shakllantirish va tartibga solish bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazildi, deb xabar qiladi qo‘mita matbuot xizmati.

O‘rganish o‘tkazishga Qo‘mitaga kelib tushayotgan ariza va murojaatlar aholi bilan o‘tkazilgan uchrashuv va so‘rovnomalar asos bo‘ldi. Joriy yilning 10 oyi davrida Qo‘mitaga dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bo‘yicha iste'molchilardan 248 ta arizalar kelib tushgan bo‘lib, ularning 133 tasi (53,7%) dori vositalari narxlarning qimmatligi hamda dorixonalarda bir turdagi dori vositalari narxlarida katta tafovut mavjudligi yuzasidan kelib tushgan.

Ma'lumki, mamlakatimizda chetdan olib kelinadigan, shuningdek, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori-darmon vositalarini ulgurji va chakana sotish ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat'iy nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorlarda cheklangan savdo ustamalari qo‘llaniladi.

Shu bilan birga, ustamalarni qo‘llash uchun baza narxi sifatida dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini xarid narxlari qabul qilingan.

O‘z navbatida, xarid narxiga chetdan olib kelinadigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarining kontrakt narxi, bojxona bojlari va yig‘imlari hamda boshqa xarajatlar inobatga olinadi.

O‘rganish natijasida shu narsa ma'lum bo‘ldiki, chetdan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari kontrakt narxini kelishish bilan birga shartnomalar tegishli chegirmalar qo‘llanilishini nazarda tutilgan holda tuzilishi ma'lum bo‘ldi. Ayrim hollarda ushbu chegirmalar 60-80 foizgacha taqdim etilmoqda. Bu darajada katta chegirma qo‘llanilishi shartnomadagi birlamchi narxning sun'iy yuqori belgilanishidan dalolat beradi.

Aynan chegirmalar chet eldagi yetkazib beruvchilar tomonidan mahalliy importer korxonalarga o‘zaro kelishgan holda har hil qo‘llanilishi oqibatida ichki bozorda ham narxlarda tafovut yuzaga kelmoqda.

Shuni alohida ta'kidlash joizki, agar chet eldagi yetkazib beruvchi bilan mahalliy importer korxona “eksklyuziv” shartnoma tuzgan bo‘lsa, hamda yetkazib berilayotgan dori vositasiga yuqori talab mavjud bo‘lgan taqdirda (shu jumladan taniqli brend bo‘lgani hisobiga) chegirmalar bu darajada katta bo‘lmasligi va birlamchi qimmat kontrakt narxi qo‘llanishi kuzatilmoqda.

Yuqori talabga ega bo‘lgan ayrim turdagi dori vositalari narxlarini qo‘shni davlatlar (RF, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston) narxlari bilan solishtirilganda tafovut 10 foizdan 100 foizgachani tashkil etmoqda.

Masalan, MAGNIY V6 tabletkasi Toshkent shahrida 55-60 ming so‘mdan sotilayotgan bo‘lsa, ushbu dori vositasi Nursulton va Bishkek shaharlarida o‘rtacha 40 ming so‘m, Dushanbe shahrida 30 ming so‘m, Moskvada esa 36 ming so‘m ekvivalentida sotilmoqda.

Qo‘shni davlatlarda dori vositalari narxlarining pastligining sabablari o‘rganilganida dunyoning 30 dan ortiq davlatida, shu jumladan MDH davlatlarda qo‘llanilib kelayotgan tashqi referent narxlarni shakllantirish usulidan foydalanilayotganligi aniqlandi.

Tashqi referent narxni shakllantirish usuli – dori vositalari narxlarini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish yoki geografik joylashuv jihatidan bir-biriga yaqin bo‘lgan davlatlardagi narxlarni solishtirish asosida narxlarni shakllantirish hisoblanadi.

Masalan, ayrim davlatlarda (Avstriya, Bolgariya, Italiya)da tashqi referent narx sifatida o‘rtacha narxlar olinadi, boshqalarida (Vengriya, Ispaniya, Polsha) eng kichik narxlar usuldan foydalaniladi.

Bundan tashqari, ba'zi davlatlarda (Belgiya, Chexiya, Belarus)tashqi referent narxlar barcha turdagi dori vositalariga qo‘llanilsa, boshqalarida (Niderlandiya, Rossiya, Qozog‘iston) ayrim turdagi dori vositalariga referent narxlar qo‘llaniladi.

Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev rahbarligida joriy yil 15 noyabr kuni farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish va aholini dori vositalari bilan ta'minlash borasidagi ishlar tahlili va kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda Prezidentimiz tomonidan aholi va sog‘liqni saqlash muassasalarini arzon hamda sifatli dori vositalari, tibbiyot buyumlari va texnikalari bilan ta'minlash borasidagi ustuvor vazifalarni belgilab berildi.

Shundan kelib chiqqan holda, mamlakatimizda ham asosiy turdagi dori-darmon vositalari narxlarini shakllantirishning yangi mexanizmini, ya'ni tashqi referent narxlarni shakllantirishni joriy etish taklif etilmoqda.

Bunda, quyidagilar nazarda tutiladi:

- Tanlab olingan (referent) qo‘shni davlatlardagi dori vositalari narxlarni yagona elektron bazasi yuritiladi;

- Dori vositalari uchun taklif etilayotgan narx qo‘shni davlatlardagi narxlar bilan solishtiriladi;

- Dori vositalarini dorixonalardagi narxlari tashqi referent narxdan yuqori bo‘lmaslik talabi belgilanadi;

- Importyorlar, shu jumladan mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotining bo‘lajak narxlari to‘g‘risida Sog‘liqni saqlash vazirligini veb-saytida tanishish va hisob-kitoblarini amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Mazkur mexanizmni amalga oshirilishi natijasida:

birinchidan, dori-darmon vositalari narxi pasayishiga erishiladi va har hil dorixonalardagi narxlar tafovuti minimumga keladi;

ikkinchidan, importerlar tomonidan narxlar orqali manipulyasiya qilish oldi olinadi;

uchinchidan, davlat xaridlarini amalga oshirishda byudjet mablag‘lari iqtisod qilinadi.

Yuqoridagi takliflarni amalga oshirish maqsadida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda dori vositalarini import qilish va sotishda tashqi referent narxlarni shakllantirish mexanizmini joriy etish bo‘yicha tegishli qaror loyihasi tayyorlanmoqda.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech