20 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +23,1 °C

Turizm
18 Sentyabr  2019 652

Xivada 76 o‘rinli yangi mehmonxona ochildi

Ko‘hna Xiva shahrida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomomnidan joriy yilning 19-mart kuni dastlabki “Xiva lokomotiv” mehmonxonasi foydalanishga topshirilgan edi. U 70 o‘rinli bo‘lib, 36 ta xonadan iborat. Shu kungacha bu yerda 6000 nafar mijozga xizmat ko‘rsatilgan. 

Yurtimiz aholisi va chet ellik sayyohlarga qulayliklar yaratish, mamlakatimizda turizmni yanada rivojlantirish maqsadida ko‘hna Xiva shahrida yana bir zamonaviy mehmonxona – ikkinchi “Xiva lokomotiv” foydalanishga topshirildi.

Inshootning tantanali ochilish marosimida Xorazm viloyati xokimi F.Ermanov, O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmalari Respublika Kengashining raisi Q.Sobirov, keng jamoatchilik vakillari, shahar va viloyat ma'muriyati mutasaddilari, faxriylar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar Prezidentimiz tomonidan xalq manfaati yo‘lida olib borilayotgan islohotlar, bunyodkorlik ishlari, o‘zgarishlar haqida fikr bildirishdi. 

“Xiva lokomotiv” masuliyati cheklangan jamiyatiga qarashli yangi mehmonxona 76 o‘rinli bo‘lib, 41 ta har xil turdagi (2-3 kishilik, VIP) xonalardan iborat. Bino 2 qavatli bo‘lib, o‘zida milliy me'morchilik an'analarini aks ettiradi. Sayyohlarga qulay bo‘lishi uchun mazkur bino temir yo‘l vokzali yaqinida bunyod etilgan. 0,47 gektar maydonda qurilgan inshootda yopiq turdagi basseyn va sauna, zamonaviy restoran faoliyat ko‘rsatadi. 
“Xiva lokomotiv” mehmonxonalarining chet ellik turistlar va yurtimizning turli chekkalaridan boradigan aholi uchun qulay jihatlari ko‘p. Masalan, mazkur mehmonxonalardan ichan qal'agacha piyoda yurib borish mumkin, transportga xojat ham yo‘q. Shuningdek, mehmonxona mijozlariga eski shaharga bepul olib borish uchun elektro kar va ot aravalar xizmati joriy etilgan.

– Xiva shahrida keyingi ikki yilda juda katta o‘zgarishlar bo‘ldi, – deydi Nuroniy jamg‘armasi Xorazm viloyati kengashi raisi Matkarim Jumaniyozov. – Misol uchun, yuz-ikki yuz yilda bo‘lmagan Xivaga temir yo‘l keldi, bu yo‘l Xiva xalqini to‘g‘ridan-to‘g‘ri vodiy bilan bog‘ladi. Natijada turistlar ko‘paydi, ayniqsa, ichki turizm ancha rivojlandi. Bugungi qurilib, foydalanishga topshirilayotgan mehmonxonalar Xivaga keladigan turistlar sonining ko‘payishiga va ularga qulaylik yaratilishiga xizmat qiladi.

Hozirda mazkur hududda temiryo‘lchilar tomonidan yana 84 o‘rinli bo‘lgan mehmonxonaning qurilish ishlari jadal olib borilmoqda.

Bundan tashqari, temiryo‘lchilar tomonidan bu yerda “Xiva-Lokomotiv” istirohat bog‘i ham barpo etilmoqda. Bog‘ning umumiy maydoni 10 gektarni tashkil etadi. Bog‘da 22 turdagi zamonaviy attraksionlar o‘rnatiladi. Xudud ko‘kalamzorlashtirilib, 14 turdagi 2500 dan ortiq manzarali daraxt va gullar ekiladi. Shuningdek, loyiha doirasida 3 ta musiqali favvora, 500 kishilik amfiteatr hamda sun'iy ko‘l ham quriladi.

 

Muzaffar Abdullayev olgan suratlar

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech