09 Avgust 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +29,8 °C

Xavfsizlik
15 Iyun  2020 2119

Adolat qaror topishi yoʻlida

Inson huquqlari boʻyicha milliy markaz Andijon shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 4-sonli ichki ishlar boʻlimida sodir etilgan voqeaga munosabat bildirgan.

Unda shunday deyiladi: Inson huquqlari boʻyicha milliy markaz ichki ishlar organlari xodimlarining Andijondagi qilmishlarini qatʼiy qoralaydi.

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi joriy yilning 30-may kuni Andijon shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 4-sonli ichki ishlar boʻlimi xodimlari tomonidan, ish yurituvidagi ariza yuzasidan ichki ishlar boʻlimiga olib kelingan fuqaro A. Abdukarimov Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialiga yotqizilgani va vrachlar tomonidan koʻzdan kechirish davomida uning badanida ogʻir tan jarohatlari mavjudligi aniqlangani, unga shifokorlar tomonidan zarur tibbiy yordam koʻrsatilgan boʻlishiga qaramasdan, 11-iyun kuni vafot etgani bilan bogʻliq holatni qatʼiy qoralaydi.

Marhumning oila aʼzolariga chuqur hamdardlik bildiramiz. Masʼul vazirlik va tashkilotlardan kelajakda jinoyatchilikning oldini olish boʻyicha aniq choralar koʻrilishini talab qilamiz.

Bu fojiali holat haqida OAV va Internetda xabar tarqalgani zahoti Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori N.T. Yoʻldoshevga va Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonovga rasmiy xat bilan murojaat qildi.

Bu qaygʻuli holat avvalo navqiron bir insonning umriga zomin boʻlgani va marhumning oila aʼzolarini cheksiz motamu ayriliq gʻamiga duchor etgani bilan har birimizni aslo befarq qoldirmaydi.

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Andijon shahrida sodir boʻlgan mazkur holat qatʼiy nazoratga olingan. Biz adolat toʻliq qaror topishini, bunday fojialar boshqa takrorlanmasligini taʼminlash uchun barcha imkoniyatlarimizni ishga solamiz, deb xabar beradi Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy markazi matbuot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech