31 Oktyabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +18,4 °C

Mamlakatimizda
10 May  2020 1890

Husniddinning jasorati unutilmaydi

2020-yil 1-mayda Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida yuzaga kelgan toshqin ko‘pchillikning hayotini xavf ostida qoldirdi.

Shunda aholini evakuatsiya qilish uchun yetib kelgan Milliy gvardiya shaxsiy tarkibi tezkorlik bilan qutqaruv ishlariga sho‘ng‘ib ketdi. Evakuatsiyaga barcha maxsus texnikalar, avtomashinalar, suv bosgan hududlarda qolib ketgan fuqarolarni qutqarish ishlariga esa vertolyotlar jalb etildi.

Yuzaga kelgan favqulodda vaziyatda 70 mingdan ortiq aholi evakuatsiya qilindi, 56 nafar fuqaro turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizildi.

Ming afsuski, evakuatsiya ishlariga jalb qilingan Milliy gvardiya harbiy xizmatchilaridan biri 3-darajali serjant Husniddin Suyarov tabiiy ofatga qarshi kurashish jarayonida qahramonlarcha halok bo‘ldi. U o‘z jonini fido qilib, yuzlab, minglab insonlar hayotini saqlab qoldi.

— Milliy gvardiya yigitlari hyech narsaga qaramasdan, uyma-uy yurib, qolib ketan fuqarolarni qutqarib yurdi. Tomlar ustidan, derazalardan chiqishlariga yordam berib, aholini xavfsiz hududga o‘tkazishga katta hissa qo‘shdilar. Harbiy yigitlar pastda turib, yordamga uchib kelgan vertolyotlarga odamlarning chiqishiga ko‘maklashdi. Ular orasida yozda endigina 32 yoshni qarshilashi kerak bo‘lgan serjant Husniddin Suyarov ham bori edi.

Qurbon bo‘lgan serjantning ota-onasi uchun bu o‘lchab bo‘lmas yo‘qotish bo‘lsada, ularning o‘g‘li xalqimiz nazdida haqiqiy qahramon sanalanadi. 

Husniddin Suyarovning volidasi har daqiqada farzandi to‘g‘risida, u bilan gaplashgan suhbatlarini eslamoqda... «Muddatli harbiy xizmatdan qaytgach, harbiy sohada ishlayman deb turib oldi. Ba'zi vaqtlarda qiynalganini sezib qolsam, qo‘y, o‘g‘lim, kech shu harbiy hayotdan desam, rozi bo‘lmagan. «Onajon, men qasamyod qilganman, Vatanimni tashqi tahdidlardan asrayman, yurtim uchun, xalqim uchun xizmat qilaman»,— degandi. Mana, aytganini qildi. Yurti uchun jonini fido qildi bolam... Men faxrlanaman, g‘ururlanaman o‘g‘lim bilan...»

Onaizorning va Husniddinning 25 yoshida ikki farzandi bilan beva qolgan turmush o‘rtog‘ining ko‘z yoshlarini, ularning holini tasvirlash esa juda qiyin. 4 yoshli va bor-yo‘g‘i 2 oylik qizalari otasiz o‘sish nima ekanini hali to‘liq anglamaydi. Kelajakda ularning «Dadajonimni sog‘indim» degan so‘zlari har bir insonning qalbini larzaga keltiradi...

Men shunday insonning turmush o‘rtog‘i bo‘lganimdan faxrlanaman... Turmush qurmasimizdan oldin harbiyning hayoti og‘ir bo‘ladi degandilar, lekin bu darajada og‘ir bo‘ladi deb o‘ylamagandim..., – deydi yig‘lab farzadini quchayotgan Husniddin Suyarovning bevasi Nozima Suyarova.

Yoshligidan tirishqoq bo‘lgan Husniddin Suyarov maktab davrlaridanoq harbiy sohada xizmat qilishni ko‘ngliga niyat qilgan. Hamisha yordamga shay bo‘lib yurgan yigitni, hayotining so‘nggi damida ham yordam qo‘lini cho‘zgancha, hayotdan ko‘z yumgan o‘quvchisini, sinfdoshini xotirlayotgan Husniddinning ustozi va sinfdoshlari uning tabiati, harbiy sohada ishlashni niyat qilgani va yoshligidan tuzgan rejalari va orzulariga yetishgani haqida so‘zlab berdilar. 

2007-yildan beri O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida xizmat qilib kelayotgan, Sharqiy harbiy okrug serjantlar tayyorlash maktabi va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Samarqand serjantlar tayyorlash maktabini yaxshi va a'lo baholarga tamomlagan, bu harbiy xizmatchi xizmat o‘tash davomida o‘zining namunali harbiy intizomi, shuningdek o‘ziga yuklatilgan vazifa hamda majburiyatlarga vijdonan yondoshishi bilan alohida ajralib turgan.

— Toshqin juda kuchli edi. Baland oqayotgan suv o‘z yo‘lidagi hamma narsani oqizib keta boshladi. Agar bu loyqa suvda turli chiqindilar, qamishlar, daraxtlarning shox-shabbalari-yu uyning tomidan oqizib ketilgan shiferlar bo‘lmaganida edi, hozir safdoshlarimiz biz bilan birga bo‘lardilar... — Bugunda shu kabi o‘ylar bilan Milliy gvardiya xodimlari o‘z safdoshlarini xotirlamoqdalar...

Husniddin Suyarov vafotidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonligining «Namunali xizmatlari uchun» I darajali ko‘krash nishoni bilan taqdirlandi.

Jasorat — mangu, xotira — muqaddas... Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi 3-darajali serjant Husniddin Suyarovning ko‘rsatgan jasoratini yurtimiz, ayniqsa hayoti saqlab qolingan fuqarolar hyech qachon unutmaydi. Uning xotirasi o‘zbek xalqi qalbida abadiy yashaydi.

Oddiy askar Nafosat Zafarova,
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy gvardiyasi Mediamarkazi mutaxassisi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech