09 Iyul 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +37,5 °C

Xavfsizlik
29 Iyun  2020 534

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi

“Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.

Farmonga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (Agentlik) tashkil etildi.

Agentlik korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Agentlik Prezidentga boʻysunadi va Oliy Majlis palatalari oldida hisobdor.

Farmon bilan Agentlikning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari belgilandi. Jumladan, Agentlik mamlakatda korrupsiya holatini tizimli tahlil qilishni taʼminlaydi.

Agentlik korrupsiyaga oid, birinchi navbatda, Oʻzbekistonning milliy manfaatlariga va xalqaro imidjiga zarar yetkazuvchi jinoyatlarni tergov qilish natijalarini kompleks tahlil qiladi.

Agentlikka, shuningdek, quyidagi bir qator huquqlar berildi:

- byudjet mablagʻlarining sarflanishi, davlat aktivlarining realizatsiya qilinishi, davlat xaridlari, investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi va davlat dasturlari bajarilishi bilan bogʻliq materiallarni talab qilish, olish va oʻrganish;

- jismoniy va yuridik shaxslarning korrupsiya masalalari boʻyicha murojaatlarini koʻrib chiqish hamda ularning buzilgan huquqlarini tiklash va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha choralar koʻrish;

- korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar boʻyicha maʼmuriy surishtiruvlar oʻtkazish;

- ijro hokimiyati va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda ularning mansabdor shaxslari qarorlarida korrupsiya belgilari aniqlangan hollarda ularning ijrosini toʻxtatish yoki bekor qilish toʻgʻrisida koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalarni kiritish.

Agentlikning ogohlantirish, taqdimnoma va murojaatlari oʻn kun ichida koʻrib chiqilishi va natijalari yuzasidan yozma axborot berilishi shart, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech