09 Iyul 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +37,5 °C

Hukumat
30 Iyun  2020 471
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati

Odil sudlovni taʼminlash va korrupsiyaga qarshi kurash muhokama qilindi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 30-iyun kuni odil sudlovni taʼminlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Ushbu ustuvor masalalar yuzasidan oʻtgan 3 yilda 20 dan ortiq qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Islohotlar natijasida sudlar tomonidan ilk marotaba 2 ming 273 nafar fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi. Shuningdek, jinoyat yoʻliga bilib-bilmay kirgan 3,5 mingdan ortiq yoshlar va xotin-qizlarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoʻllanmasdan, ular mahalla va jamoatchilik kafilligiga olindi. Inson huquqlarini buzganligi uchun 60 nafar huquq-tartibot idoralari xodimlari jinoiy javobgarlikka tortildi.

Yigʻilishda taʼkidlanganidek, bunday oʻzgarishlar odamlarimizda haqiqat va adolatga boʻlgan ishonchni mustahkamlamoqda. Lekin xalq sud-huquq tizimidan rozi deyishga hali asos yoʻq.

Ayniqsa, Andijon shahar va Chiroqchi tuman ichki ishlar idoralarida yaqinda sodir boʻlgan fojiali holatlar tizim rahbarlarini uygʻotishi, aniq xulosalar qilishga chorlashi kerakligi qayd etildi. Hozirda jinoyatlarga aloqador 11 nafar ichki ishlar xodimlari qonun oldida javob bermoqda. 7 nafar rahbar lavozimidan ozod etildi, yana 16 tasi intizomiy javobgarlikka tortildi.

Oliy Majlis palatalari yetakchilari boshchiligida parlament aʼzolari joylarda xalq bilan ochiq muloqot oʻtkazgan paytda jamoatchilik ushbu yoʻnalishlardagi mavjud adolatsizliklarni ochiq-oydin bayon qilgan.

Ushbu tajriba asosida, bundan buyon deputat va senatorlar oʻzlari saylangan hududlarda sudyalar korpusi, sektor rahbarlari va jamoatchilikni jalb qilgan holda Odil sudlovga koʻmaklashish va korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha muntazam ravishda muloqotlar oʻtkazib boradilar.

Aholi tomonidan koʻtarilgan adolatsizlik holatlari va muammolar har chorakda mahalliy kengashlarda tanqidiy muhokama qilinib, mutasaddilar oldiga aniq savollar qoʻyiladi va masʼuliyatiga baho berib boriladi.

Oliy Majlisdagi maxsus qoʻmitalar har bir hududning odil sudlov va korrupsiya masalalariga oid reytingi yuritilishiga bosh-qosh boʻlib, har yarim yilda natijalari boʻyicha parlament eshituvlari va tekshiruvlarini oʻtkazib boradi.

Inson huquqlari markazi, Ombudsman, Toshkent davlat yuridik universitetiga “Inson qadr-qimmati - eng oliy qadriyat” maxsus oʻquv moduli boʻyicha barcha huquq-tartibot idoralari rahbar xodimlarini oʻqitish vazifasi yuklatildi.

Hozirgi tergov sifati va xodimlar malakasi talabga javob bermasligi taʼkidlandi. Misol uchun, joriy yilning 5 oyida tergov organlari asossiz ayb qoʻygan 323 nafar fuqaro sudlar tomonidan oqlangan, 1 ming 854 nafar shaxsga nisbatan qoʻyilgan asossiz ayblovlar olib tashlangan. Oʻtgan yilning oʻzida 236 nafar oqlangan shaxsga davlat hisobidan 6,7 milliard soʻmlik moddiy va maʼnaviy zarar toʻlab berilgan.

Maʼlumki, sudyalik lavozimini egallash uchun muayyan ish stajiga ega boʻlish, Sudyalar oliy maktabini oʻqib tugatish kabi talablar qoʻyish orqali tanlov kuchaytirildi.

Endi tergovchilikka nomzodlarga ham shunga oʻxshash talablar qoʻyilishi kerakligi qayd etildi. Jumladan, bir qator mutasaddi idoralarga Tergov institutini tashkil etish, tergovchilik kasbini egallashga mutlaqo yangi talablarni ishlab chiqish, sohaga ilgʻor tajriba va standartlarni joriy etish vazifalari qoʻyildi.

Yana bir muhim masala – huquq-tartibot idoralarida ishlarning tergovga aloqadorligi buzilib ketgan. Xususan, shunday jinoyat turlari borki, ularni har qanday tergov idorasi tergov qilishi mumkin boʻlsa, ayrim moddalar esa qaysi tergov organiga mansubligi qonunda koʻrsatilmagan.

Shuningdek, 2018-2019-yillarda birinchi instansiya sudlarida jami 192 ta jinoyat ishi boʻyicha 307 nafar shaxs oqlangan boʻlsa-da, hech qaysi holatda prokuror ayblovdan voz kechmagan. Shu bois tergov jarayonidagi xatolar sud majlisida aniqlansa, prokuror sudning tugashini kutib oʻtirmasdan, oʻz tashabbusi bilan ayblovdan voz kechadigan tartib joriy etilishi lozimligi qayd etildi.

– Sud binosiga kelgan har bir inson Oʻzbekistonda adolat borligiga ishonib chiqib ketishi kerak. Bu Prezident talabi! – deya taʼkidladi davlatimiz rahbari.

Biroq, joriy yilda aholidan kelib tushgan murojaatlarning 8 mingdan ziyodi yoki 44 foizida sudlarda ishlar toʻliq va xolis koʻrilmayotgani, uzoq muddat choʻzilayotgani bildirilgan.

Yana bir misol, 2019-yilda iqtisodiy sudlarda apellyatsiya, kassatsiya va nazorat tartibida koʻrilgan ishlarning 2,5 mingdan ortigʻi, yaʼni 44 foizi bekor qilingan yoki oʻzgartirilgan. Bu har ikki shikoyatdan biri boʻyicha tuman va viloyat iqtisodiy sudi chiqargan qarorlar yuqori sudda oʻzgarayotgani, tadbirkor va investorlar sarson boʻlayotganidan dalolat beradi.

Mutasaddilarga ilgʻor tajribalar va xalqaro standartlar asosida sud tizimini “bir sud – bir instansiya” tamoyili asosida qayta koʻrib chiqish topshirigʻi berildi.

Sud tizimida eskilik sarqiti boʻlgan, oʻz nomi bilan ham sudning mazmun-mohiyatiga toʻgʻri kelmaydigan “nazorat tartibida ishlarni koʻrish” amaliyotidan toʻliq voz kechiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev sudyalarning adolatli qaror qabul qilishlariga taʼsir oʻtkazuvchi barcha omillarni, shu jumladan Oliy sud raisi va Bosh prokurorning protest keltirish huquqini bekor qilish taklifini ilgari surdi. Parlament palatalari ushbu taklifni koʻrib chiqadi.

Sudlar chiqarayotgan qarorlar faqat sud majlisida tekshirilgan dalillarga asoslanishi lozimligi taʼkidlandi. Ayrim sudyalar tergov materiallariga bogʻlanib qolgani, bu esa qonun, sud va davlat obroʻsiga putur yetkazishi qayd etildi. Odil sudlov xalqning koʻz oʻngida, ochiq-oshkora amalga oshirilib, adolat qaror topishi lozimligi aytib oʻtildi.

Davlatimiz rahbari, shuningdek, sudga borish uchun ayrim tuman va shaharlarimizda odamlarga qulaylik yaratish zarurligi haqida gapirdi. Misol uchun, aholisi eng koʻp tumanlardan biri boʻlgan Urgutda (500 ming kishi, 102 ta mahalla) fuqarolik sudi yoʻqligi sababli 80 kilometr yoʻl bosib, Toyloq tumanlararo sudiga boriladi.

Shu bois sudlar va ularning faoliyatini optimallashtirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Xususiy mulk qonun va sudning kafolatli himoyasida boʻlishi zarur.

Oxirgi bir yarim yil ichida sudlar tomonidan hokimlarning yer ajratish, bino-inshootlarni buzish va xususiylashtirishga oid 1 ming 730 ta qarori bekor qilingan.

Sud orqali yer munosabatlari bilan bogʻliq mingta, uy-joy buzilishiga doir 51 ta, xususiylashtirishga oid 62 ta holatda fuqarolar va tadbirkorlarning huquqlari tiklangan.

Xususiylashtirish natijalarini qayta koʻrib chiqishni bekor qilish, umuman, davlat idoralarining bunday tashabbus bilan chiqishiga yoʻl qoʻymaslik va bu qonunda mustahkamlanishi kerakligi koʻrsatib oʻtildi.

Yerga boʻlgan huquqlar kafolati kuchaytirilib, mulkiy huquqlarni bekor qilish faqat sud tartibida hal etilishini qatʼiy belgilash zarur, dedi Prezident.

Viloyat, tuman (shahar) hokimlari, barcha sektor rahbarlari oʻz hududlarida ushbu talablarga qatʼiy amal qilinishini taʼminlashi shartligi qayd etildi.

– Bir narsani bilinglar – sarmoya kiritayotgan investor birinchi navbatda oʻz huquqlari sud orqali kafolatli himoya qilinishiga eʼtibor beradi. Hamma rahbarlar qulogʻiga quyib olsin: sud faoliyatiga aralashishga hech kimning haqqi yoʻq, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.

Sudyaning faoliyatiga toʻsqinlik qilgani va adolatsiz qaror chiqarishga majburlagani uchun javobgarlikni kuchaytirish boʻyicha qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

Maʼlumki, odil sudlovning ajralmas qismi – advokatura, ushbu institutning adolat qaror topishidagi oʻrni beqiyos.

Oʻzbekistonda bugun 4 ming atrofida advokat faoliyat koʻrsatib, 8,5 ming aholiga oʻrtacha bitta shunday mutaxassis toʻgʻri kelmoqda.

Advokatlarning 43 foizi Toshkent shahrida faoliyat koʻrsatayotgan boʻlib, viloyatlarning 20 ta tumanida birorta ham advokatlik firmasi roʻyxatdan oʻtmagan.

Advokatlik faoliyatini boshlashi uchun yosh mutaxassislardan 2 yil yuridik staj talab etishni bekor qilish, talabalikdan advokat yordamchisi sifatida amaliyot oʻtash tartibini joriy etish kerakligi taʼkidlandi. Yuridik oliy oʻquv yurtlarida “advokatlik faoliyati” mutaxassisligi boʻyicha magistrlar tayyorlanadigan boʻldi.

Davlat tomonidan taqdim etilgan advokatlarni tanlashning ochiq-oshkora tartibi yoʻqligi bois ayrim tergovchilar oʻziga tanish advokatlarni chaqirib, ayblanuvchiga taʼsir oʻtkazish hollari uchrab turadi. Masalan, Toshkent shahrida davlat tomonidan advokatlarga oʻtgan yili 7 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ ajratilgan boʻlsa, ushbu mablagʻning teng yarmi 20 ta advokatlik firmasiga berilgan (jami 746 ta shunday firma mavjud).

Shu sababli tegishli vazirliklarga davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatadigan advokatlarni elektron tanlash tizimini ishga tushirish topshirigʻi berildi. Bu dastlab poytaxtimizda eksperiment tariqasida joriy etiladi.

Shuningdek, oʻta ogʻir jinoyatda ayblanayotgan shaxslarning ishi boʻyicha, undan tashqari, qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash masalasi koʻrib chiqilayotgan holatlarda ham advokat ishtirokini majburiy etib belgilab qoʻyish lozimligi koʻrsatib oʻtildi.

Advokatlik faoliyati jozibadorligini oshirish, bu kasb egalarining himoyasi va kafolatini kuchaytirish boʻyicha qonun hujjatlari paketini ishlab chiqib, muhokamaga olib chiqiladi.

Sud faoliyatida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish bugungi davr talabidir. Joriy yil yakuniga qadar Oliy sudda yagona “Adolat” axborot tizimlari kompleksini ishga tushirish vazifasi yuklatildi.

Bunda barcha uchun sudlarga elektron murojaat qilish, murojaatlar holatini onlayn tarzda kuzatish, taraflarga maʼlumotlarni elektron shaklda yuborish imkoniyati yaratiladi.

Sudlar joriy yilda videokonferensiya aloqa tizimi bilan 100 foiz qamrab olinishi lozimligi taʼkidlandi.

Videoselektor yigʻilishida navbatdagi muhim masala – korrupsiyaga qarshi kurash borasida islohotlar muhokama qilindi.

Jumladan, 143 ta davlat xizmatlari elektron shaklga oʻtkazilib, 35 ta idorada talab qilinadigan hujjatlar soni va xizmat koʻrsatish vaqti 2 hissa qisqardi. Byudjet xarajatlari, davlat xaridlari, yer, bino va inshootlarni oldi-sotdi qilish jarayonlariga oshkoralik va ochiqlik tamoyillari joriy etildi.

Maʼlumki, kecha, 29-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligini tashkil etish haqidagi farmonni qabul qildi.

Agentlik tarmoq va hudud rahbarlari bilan birga quyidagi vazifalarni amalga oshiradi.

Birinchidan, barcha viloyat, tuman (shahar) hokimlari oʻz hududlarida, tarmoq rahbarlari oʻz tizimlarida Agentlik bilan birga bir oy muddatda Korrupsiyadan holi dasturini ishlab chiqadi. Bunda ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash hamda sohalarni raqamlashtirish eng asosiy vazifa boʻladi.

Ikkinchidan, korrupsiyaning oldini olishda taʼsirchan parlament va jamoatchilik nazorati yoʻlga qoʻyiladi. Jumladan, Agentlik korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining holatini tahlil qilib, har yili Prezident va Oliy Majlis palatalariga milliy hisobot kiritib boradi.

Shuningdek, Agentlik keng jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan birga aholi va tadbirkorlarning korrupsiyaga munosabatini oʻrganib borishi va davlat idoralari faoliyatini baholab borishi kerakligi koʻrsatib oʻtildi.

Uchinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashishda kadrlar tayyorlash masalasiga jiddiy eʼtibor beriladi. Buning uchun Davlat boshqaruvi akademiyasi va Toshkent davlat yuridik universitetida korrupsiya muammolarini oʻrganish boʻyicha alohida oʻquv moduli, maxsus kafedra va magistratura mutaxassisligi ochiladi. Shuningdek, rahbar xodimlar, ayniqsa, hokimlarning bu boradagi bilim va koʻnikmalarini shakllantirish boʻyicha malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.

Mutasaddilar yigʻilishda muhokama qilingan masalalar ijrosini tashkil etish yuzasidan axborot berdi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech