22 Noyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +5,1 °C

Hukumat
24 Oktyabr  2019 805
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati

“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati jamoasiga

Qadrli doʻstlar!
 
Siz, azizlarni Oʻzbekiston rangli metallurgiya sanoatining yetakchisi – Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tashkil topganining qutlugʻ 70 yillik sanasi munosabati bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Kombinat tarixi respublikamizda rangli, nodir va qimmatbaho metallarni qazib olish hamda ularni qayta ishlashga qaratilgan mutlaqo yangi tarmoqning yaratilishi hamda yirik ishlab chiqarish quvvatlari va zamonaviy Olmaliq shahrining paydo boʻlishi bilan bevosita bogʻliqdir. Bu tarix zamirida shonli anʼanalarni munosib davom ettirayotgan, butun bilim va tajribasi, mahorati, qalb qoʻrini oʻz ishiga baxshida etib, fidokorona mehnat qilayotgan ming-minglab odamlarning juda katta mashaqqatli xizmatlari mujassam.
 
Korxonaning bunyod etilishi mamlakatimiz iqtisodiyot tarmoqlari uchun strategik ahamiyatga ega boʻlgan mineral boyliklarni keng koʻlamda oʻzlashtirishga yoʻl ochib berdi.
 
Sizlarga maʼlumki, bugungi kunda yurtimiz taraqqiyotining yangi bosqichida biz sanoat va iqtisodiy salohiyatimizni har tomonlama rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratmoqdamiz.
 
Kombinat misolida oladigan boʻlsak, bu borada oʻtgan yili qabul qilingan “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish va barqarorlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror korxona faoliyati uchun katta imkoniyatlar yaratib bermoqda.
 
Ushbu ulkan majmuaning koʻp millatli va ahil jamoasi respublikamizda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan chuqur tarkibiy islohotlar jarayonida, butun mamlakatimizni, milliy iqtisodiyotimizni tubdan modernizatsiya qilishda faol ishtirok etayotganini barchamiz yaxshi bilamiz va cheksiz qadrlaymiz.
 
Hech shubhasiz, Vatanimizning kuch-qudrati oʻsishida, Oʻzbekistonda qazib olinayotgan qimmatbaho va rangli metallarning yuksak sifati butun dunyoda alohida eʼtirof etilishida iqtisodiyotimizning lokomotivi hisoblangan kombinatning 35 minglik jamoasi salmoqli hissa qoʻshib kelmoqda.
 
Hozirgi vaqtda majmua tomonidan Toshkent, Jizzax, Namangan va Surxondaryo viloyatlaridagi qimmatbaho va rangli metallar eng ilgʻor texnologiyalar asosida, yetakchi xorijiy kompaniyalar hamkorligida jadal oʻzlashtirilmoqda, xaridorgir mahsulotlar hajmi oshirilib, ularning 70 foizdan ortigʻi eksport qilinmoqda.
 
Jahon bozoridagi keskin raqobat sharoitida ishlab chiqarishning oʻsishi va samaradorligini taʼminlash maqsadida kombinatning uzoq muddatli modernizatsiya dasturi ishlab chiqildi.
 
Ayni paytda yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha yirik investitsiyaviy loyihalar amalga oshirilayotgani ayniqsa eʼtiborga loyiq. Xususan, “Angren” erkin iqtisodiy zonasida barpo etilgan Angren quvur zavodi, Jizzax viloyatida sement zavodi foydalanishga topshirildi.
 
Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi mamlakatlari hududida eng yirik – bir yilda 60 million tonna rudani qayta ishlash salohiyatiga ega boʻlgan mis boyitish fabrikasi va boshqa zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarining qurilishi boshlandi.
 
Eng muhimi, olib borilayotgan jadal va tizimli bunyodkorlik ishlari natijasida mahalliy aholi uchun minglab qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratilmoqda.
 
Yaqin yillarda kombinatni modernizatsiya qilish dasturi doirasida 2023-yilga kelib ishlab chiqarish hajmining 2,5 barobarga oʻsishini taʼminlovchi toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish rejalashtirilmoqda.
 
Barchamiz yaxshi bilamizki, ishlab chiqarishni tubdan yangilash va ilmiy texnologiyalarni joriy etish masalalari yuqori malakali kadrlarni talab qiladi. Shu bois, belgilangan vazifalar ijrosini toʻliq taʼminlashga qodir boʻlgan zamonaviy va yetuk mutaxassislarni tayyorlashga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.
 
Olmaliqda faoliyat yuritayotgan Toshkent davlat texnika universitetining filiali, shuningdek, oʻtgan yili tashkil etilgan Rossiya Federatsiyasining Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti Moskva poʻlat va qotishmalar instituti filiali ushbu ezgu maqsadga xizmat qilmoqda.
 
Korxonaning barcha ishchi-xodimlar uchun munosib hayot va mehnat sharoitlarini, ularga hamma qulayliklarni yaratib berish borasidagi ijobiy tajribasini alohida taʼkidlash lozim.
 
Bugun bu yerda zamonaviy uylar, madaniyat va sport maskanlari, ravon koʻchalar, koʻrkam va fayzli goʻshalar, bir soʻz bilan aytganda, zarur infratuzilmalar bunyod etilmoqda. Bu beqiyos ragʻbat va eʼtiborning yaqqol misolini – yildan-yilga rivojlanib, xorijiy mehmonlar va investorlar uchun jozibador boʻlib borayotgan Olmaliq shahrining obod va farovon qiyofasida ham koʻrish mumkin.
 
Hurmatli doʻstlar!
 
Bugungi shiddatli davrning oʻzi butun xalqimiz qatori kombinat jamoasi oldiga ham milliy iqtisodiyotimizning raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan muhim va strategik vazifalarni qoʻymoqda.
 
Majmua bazasida yuqori texnologik va qoʻshimcha qiymatga ega xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, bu yoʻlda yurtimizning tabiiy, mehnat va intellektual resurslaridan toʻlaqonli foydalanish masalalari gʻoyatda dolzarb boʻlib turibdi.
 
Ishonchim komilki, kombinatning yuksak kasbiy mahoratga, boy bilim va malakaga ega mehnatkashlari bu muhim hamda dasturilamal vazifalarni sharaf va matonat bilan uddalaydilar.
 
Ushbu ayyom munosabati bilan sizlarni yana bir bor samimiy muborakbod etib, barchangizga mustahkam sogʻlik, baxt-saodat, jonajon Oʻzbekistonimiz ravnaqi yoʻlida olib borayotgan bunyodkorona mehnatingizda yangi zafarlar tilayman.
 
Shavkat MIRZIYOYEV,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech