27 Oktyabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +20,9 °C

Fikr
18 Aprel  2020 908

Onalar, hushyor bo‘laylik

Karantin onalarga farzandlari uchun yanada ko‘proq qayg‘urish imkoniyatini berdi.

Ona zoti borki, bolam deb yashaydi, jondan aziz farzandining hatto tovoniga bitta tikan kirishini istamaydi. Hozir butun dunyo ahli, butun dunyo onalari tahlikada yurak hovuchlab yashayapti. Bunga esa o‘sha koronavirus degan baloi ofat sabab.

Davlatimiz rahbarining xalqimizga bir necha bor murojaat qilib, barchamizdan o‘zimiz, yaqinlarimiz va atrofimizdagilarning salomatligini asrashimizni, hushyor va ogoh bo‘lishimizni, karantin davrida shifokorlar tavsiyalariga quloq tutib, karantin talablarini to‘la-to‘ks bajarishga chaqirib, jon kuydirib gapirishlari ona sifatida menga juda qattiq ta’sir qildi. Yurt otasining xalq salomatligi uchun kuyunchaklik bilan barcha choralarni ko‘rayotganligi ayni paytda har birimizdan birlashgan holda bitta musht bo‘lib harakat qilishimiz, ortiqcha vahimalarga berilmasdan, o‘zimiz va yaqinlarimiz sog‘lig‘i uchun qayg‘urishga undamoqda.

«Uyda qoling!» Ne ajabki, bu shior bugun dunyo ahlini eng xavfli dushman nishoniga uchrashdan asrab qoluvchi hayqiriqqa aylandi.

Ammo, ming afsuski, karantin qoidalari talablarini buzayotganlar haligacha uchrab turibdi. Nega qoidabuzarlik qilishni shunchalar yaxshi ko‘rarkanmiz, deya hayron bo‘ladi, kishi. Uydan chiqma, deyildimi, demak shunga amal qilish kerak. Axir uyda o‘tirishning nimasi yomon?

Uyda bo‘lish, avvalo mehr go‘shasi bo‘lgan oila davrasida bo‘lishdir. Zero, inson zotigagina xos bo‘lgan eng samimiy va beg‘ubor tuyg‘ular, atrof-muhitga, odamlarga bo‘lgan munosabat dastlab oilada shakllanadi. Farzandlarimizning kelajakda komil inson darajasiga yetishida muhim bo‘lgan dunyoqarashini, fe'l-atvorini belgilab beruvchi jihatlar —  odamiylik, olijanoblik, mehr-oqibat, o‘zgalarga yaxshilik qilish, mehnatsevarlik, kattalarni hurmat, kichiklarni izzat qilish kabi sifatlar oilada shakllanadi. Ota-ona farzandlar uchun namuna, andoza  bo‘ladi.

Tanganing ikki tomoni bo‘lgani singari karantin tufayli ko‘pgina oilalar, ayniqsa jamiyatda faol, doimiy band bo‘lgan ota-onalar uchun farzandlariga ko‘proq vaqt ajratishga, ularni tinglashga, kerak bo‘lsa qalbiga quloq tutib, dillashishga qulay imkoniyat yaratildi. Bu sinovli kunlar ham hademay o‘tib ketadi, undan unumli foydalanib qolaylik. Axir, ota-bobolarimiz har qanday yomonlikning ham bir yaxshiligi bo‘ladi, deb bejiz aytishmagan. Ilgari sira bunday holat bo‘lmaganini hisobga oladigan bo‘lsak, bir oila jam bo‘lib, farzandlar va ularning o‘qituvchilari bilan muloqot kuchaydi, onlayn darslar, uy vazifalarini telegram messenjeri orqali nazorat qilish, xullas ayrim jihatlar borasida rivojlanish borligini tan olish kerak.

6-sinfda o‘qiydigan o‘g‘lim Butunrossiya  o‘quvchilar uchun Bilimlar vaqti onlayn olimpiadasida ingliz tili fani bo‘yicha 1-o‘rinni egalladi. Birpasda g‘oliblik to‘g‘risidagi Diplom ham elektron tarzda yetib keldi. Agar sharoit shuni taqozo etmaganida masofadan turib ishlash, onlayn darslar, onlayn olimpiadalar balki hozirgidek takomillashib ketmasmidi, deb o‘ylab qoldim.

Har kun saharda uyg‘onib, el-yurtga tinchlik va omonlik, balo-qazolarning tezroq daf bo‘lishini so‘rab, bemorlarga shifo tilab qilinayotgan duolar ijobat bo‘lishi shubhasiz. Shunday ekan, uyda qoling. Yaqinlaringiz, jondan aziz jigarbandlaringizni asrang.

Dilfuza Jarbekova,
Gulistonlik ona.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech