22 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +7 °C

Kеyingi avlod
12 Dekabr  2018 1989

Maktablarga qabul onlayn tarzda amalga oshiriladi

Xalq ta’limi vazirligi BMTning Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda maktabga qabul qilish jarayonining raqamli transformatsiyasi bo‘yicha ilk loyihasini ishga tushiradi.

Tashabbus hozirgi mavjud tartibni o‘rganish, amal qilayotgan modeldagi cheklovlarni aniqlash, ma’muriy tadbirlarni takomillashtirish, shuningdek, maktabga yozish jarayoniga axborot texnologiyalarini tatbiq etishni nazarda tutadi. Mazkur faoliyat Prezidentimizning 2018-yil 5-sentyabrdagi «Xalq ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risi»dagi farmoni ijrosini ta’minlash doirasida o‘tkazilmoqda.

Ana shu maqsadda XTV umumta’lim muassasalari direktorlari bilan loyihaning oraliq natijalari taqdimoti va muhokamasini tashkil etdi. Ular e’tiboriga bolalarni maktabga qabul qilish xizmatiga kirish oson bo‘lgan va korrupsiyaga sabab bo‘luvchi omillarni kamaytiruvchi yangi model havola etildi.

Hozir amalda bo‘lgan tizimning asosiy salbiy tomonlaridan biri uning yetarli darajada shaffof emasligida ekani ta’kidlandi. Ko‘pincha ota-onalar qabul qilish tartibi, muddatlari va zarur hujjatlar haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lmaydi, mikrohududlar sxemalariga kira olishmaydi. Ayrim jihatlar esa mos huquqiy-me’yoriy hujjatlarda umuman keltirilmagan. Arizalarning qisqa muddat ichida qabul qilinishi ham ko‘plab savollarga sabab bo‘ladi. Taqdim etiladigan hujjatlar sonini ham kamaytirish lozim.

Mazkur muammolarni bartaraf etish uchun ishchi guruh tomonidan mavjud rasmiylashtirish tadbirlari tahlil qilindi, ilg‘or xalqaro tajriba o‘rganilib, xizmat ko‘rsatishning yangi modeli yaratildi. Ekspertlar ota-onalarning barcha bosqichlar va tartiblar haqida ma’lumotlar olishini yaxshilashni, maktab yoshidagi bolalarni nomma-nom ro‘yxatga olish mas’uliyatini esa mahalla fuqarolar yig‘ini zimmasiga yuklashni taklif etmoqda. Bu ish bilan oldin pedagoglar shug‘ullanardi. Har bir mikrohududda yashovchi maktab yoshidagi bolalar soni shu yo‘l bilan aniqlanadi.

2019-yilning mart oyidan boshlab «Bolalarni umumta’lim muassasalariga qabul qilish» ma’muriy ish tartibi loyihasiga ko‘ra, farzandini maktabga qabul qilish haqidagi arizalar ikki xil usulda: davlat xizmatlari markazlari (DXM) orqali o‘zlari borib va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali masofadan turib amalga oshirilishi mumkin. Dastlabki bosqichda yangi model poytaxtning 81 ta maktabida sinab ko‘riladi va keyinchalik butun respublikaga joriy etiladi.

Mazkur raqamli transformatsiya sabab qabul qilish tartibi oltitadan to‘rtta qadamgacha qisqaradi, yig‘iladigan hujjatlar soni sezilarli kamayadi. Bundan maqsad, shaffoflikni ta’minlash va xalq ta’limi tizimiga ishonchni mustahkamlashdir.

Tashabbus Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va BMTning Taraqqiyot dasturining «Davlat boshqaruvi va raqamli transformatsiyalarni samarali rivojlantirishdagi hamkorlik» borasidagi uch yillik hamkorlik loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda. Ishchi guruh tarkibiga XTV, Davlat xizmatlari agentligi va «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish markazi mutaxassislari kiritilgan.

Yevgeniya Yun

tayyorladi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech