10 Avgust 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +33,1 °C

Hukumat
14 Iyul  2020 1212
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati

Yoshlar va xotin-qizlar bandligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilandi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 14-iyul kuni yoshlar va xotin-qizlar bandligini oshirish, ularni daromad manbai bilan taʼminlash masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Yarim yildan buyon butun dunyo kuchaytirilgan karantin sharoitida yashamoqda. Bu murakkab davrda hamma davlatlarda eng asosiy muammo aholining ehtiyojmand qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash, daromad bilan taʼminlash boʻlib qolmoqda.

Oʻzbekistonda ishsizlarning 732 ming nafari yoshlar, 834 ming nafari xotin-qizlardir.

Yoshlar muammolarini samarali hal etish maqsadida joriy yil 30-iyunda “Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Prezident farmoni qabul qilindi. Ushbu farmonga muvofiq, yoshlar siyosatini yuritishda davlat idoralari oldiga masala qoʻya oladigan, zarur vakolat va moliyaviy resurslarga ega boʻlgan Yoshlar ishlari agentligi tashkil etildi.

Xotin-qizlar bilan ishlash uchun Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligida vertikal tizim yaratildi.

Yigʻilishda davlatimiz rahbari yoshlar va xotin-qizlarning muammolarini hal etish muhimligini taʼkidlab, bu borada alohida eʼtibor qaratish zarur boʻlgan yoʻnalishlarni koʻrsatib oʻtdi.

Avvalo, maktab bitiruvchilarini oʻqish va ishga jalb etish masalalari muhokama qilindi. Joriy yilda umumtaʼlim maktablarini 452 ming oʻgʻil-qiz tamomladi. Ularning 70 mingi oliy taʼlim, 85 mingi professional taʼlimga kiradi. 95 mingdan ziyodi ishga joylashgan taqdirda ham, yana 200 mingga yaqin yoshlarning bandligini taʼminlash zarurligi taʼkidlandi.

Maktabdanoq kasbga oʻqitish tizimi joriy etilishi belgilandi. Navbatdagi oʻquv yilidan boshlab maktab direktori va oʻqituvchilarga oʻquvchilarning oliy taʼlimga kirishi, kasb egallab, oʻz ishini topishi darajasiga qarab oshirilgan ish haqi toʻlanadi. Buning uchun 7-sinfdan boshlab oʻquvchilarning kasblar kesimida qiziqishi aniqlanadi. 8-9-sinf oʻquvchilari dasturchi, dizayner, tarjimon kabi istiqbolli kasblar uchun poydevor boʻladigan bilim va koʻnikmalarni egallaydi. 10-sinfdan robototexnika, dasturlash kabi talab yuqori kasblarga oʻrgatish yoʻlga qoʻyiladi.

Joriy yil oxirigacha mahallalarda 136 ta kasb-hunar oʻqitish maskani, qisqa muddatli kasb-hunarga oʻqitish kurslarini tashkil etib, 31 ta kasb-hunarga oʻqitish markazlarini jihozlash boʻyicha topshiriq berildi. Bu maqsadlar uchun Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasidan Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasiga 200 milliard soʻm ajratish, oʻquv kurslarini, avvalo, kambagʻallik eng yuqori boʻlgan mahallalarda tashkil etish kerakligi taʼkidlandi.

Yigʻilishda mehnat bozoridagi bugungi talab va yoshlarning ularga tayyorligi masalasi ham tahlil qilindi.

Joriy oʻquv yilida 339 ta kasb-hunar maktablari, 212 ta kollej, 175 ta texnikumda 215 ming nafar yoshlarning taʼlim olishi rejalashtirilgan. Lekin bu taʼlim maskanlaridagi yoʻnalishlar na son, na sifat boʻyicha talabga javob beradi.

Misol uchun, mamlakatimizda katta koʻlamda qurilishlar boʻlayotgan bugungi davrda yiliga kamida 50 ming nafar professional quruvchiga ehtiyoj bor. Biroq, qurilish yoʻnalishida 170 ta kollejda 13 ming mutaxassis tayyorlash rejalashtirilgan, xolos.

Yoki IT-texnologiyalar boʻyicha “Bir million dasturchi” loyihasi boshlanganiga qaramay, kasb-hunar maktablari, kollej va texnikumlarga ushbu mutaxassisliklar boʻyicha bor-yoʻgʻi 12 ming nafar oʻquvchi qabul qilinadi.

Davlat rahbari bu kabi kamchiliklarni koʻrsatib, mehnat bozorida ishchi kasblarga real ehtiyojni har bir tarmoq va soha kesimida aniqlash, talab yuqori boʻlgan kasblar boʻyicha xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda oʻqitish dasturi ishlab chiqish yuzasidan koʻrsatmalar berdi.

Togʻ-kon, metallurgiya, neft-gaz, kimyo, avtomobilsozlik, qurilish, elektrotexnika, farmatsevtika, oziq-ovqat, transport-logistika sohasidagi yirik korxonalar va klasterlar davlat bergan imtiyoz va preferensiyalarga javoban oʻzlari uchun ishchi-mutaxassislarni tayyorlaydigan infratuzilmani barpo etishlari kerakligi taʼkidlandi. Mutasaddilarga shu boʻyicha topshiriqlar berildi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga tijorat banklari bilan birga yoshlarni zamonaviy agrotexnologiyalar boʻyicha oʻqitishni tashkil etish vazifasi qoʻyildi.

Maʼlumki, Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz hududlariga safarlari chogʻida IT-parklarni borib koʻradi, axborot texnologiyalari boʻyicha loyihalarga alohida ahamiyat qaratadi. Chunki bu sohada yoshlarni ish bilan, yuqori daromad bilan taʼminlash uchun katta imkoniyatlar bor.

Videoselektor yigʻilishida ham bu masalaga toʻxtalib oʻtildi. Har bir tuman va shahar Yoshlar ishlari boʻlimlari va oliy oʻquv yurtlari qoshida axborot texnologiyalariga oʻqitish markazlari tashkil etish boʻyicha topshiriq berildi.

Joriy yilda 380 ming nafar ishsiz yoshning bandligini taʼminlash boʻyicha shahar va tumanlar kesimida “manzilli reja”lar ishlab chiqilib, mahalliy kengashlarda tasdiqlangan edi. Natijada oʻtgan olti oyda 270 ming nafar yigit-qiz ishga joylashtirildi.

Yigʻilishda dastur ijrosi hamma joyda ham birdek bajarilmayotgani qayd etilib, masʼullar ogohlantirib oʻtildi.

Yil yakunigacha yoshlarning 360 milliard soʻmlik 2 ming 200 ta loyihasini amalga oshirish orqali kamida 10 mingta yangi ish oʻrni yaratish mumkinligi taʼkidlandi.

Yoshlar uchun yana bir muhim yangilik – Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi qoshida Venchur fond tashkil etilishi belgilandi. Ushbu jamgʻarmaga dastlab 1 million dollar yoʻnaltiriladi.

Shuningdek, startap loyihalar tanlovini tashkil etish orqali joriy yilda har bir viloyatda kamida 10 ta, kelgusi yildan boshlab yiliga kamida 20 ta eng yaxshi startap loyihalarga 50 milliondan 200 million soʻmgacha grant ajratiladi. Bundan tashqari, quduq qazish, sugʻorish vositalari xarid qilish, issiqxona oʻrnatish, urugʻlik va koʻchatlar sotib olish uchun yoshlarga subsidiyalar beriladi.

Yosh tadbirkorlarga huquqiy, buxgalteriya, marketing, bank va boshqa sohalar boʻyicha konsalting xizmatlari xarajatlari qoplanadi. Prezident ushbu chora-tadbirlar boʻyicha mutasaddilarga koʻrsatmalar berdi.

Videoselektor yigʻilishida xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash, ijtimoiy sharoitlarini yaxshilash masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Hududlarda 20 mingga yaqin ayol ogʻir turmush sharoitida yashashi, shundan koʻplari profilaktik hisobda turishi afsus bilan qayd etildi.

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligiga 33 ming 380 nafar ayolni hayotga motivatsiyalash va kasbga oʻrgatish boʻyicha qisqa oʻquv kurslarini tashkil qilish vazifasi qoʻyildi.

Har bir tuman va shahar kesimida ayollar biznes loyihalari roʻyxatini shakllantirib, oyma-oy moliyalashtirish, xotin-qizlar tadbirkorligi dasturi doirasida soddalashtirilgan kreditlar va grantlar ajratish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Mikroqarz olish niyatidagi yoshlar va ayollar tadbirkorlikka bepul oʻqitilib, yiliga 5 ming nafar yoshlar va ayollarning bandligi taʼminlanadi. 14-iyulda imzolangan tadbirkorlikni hamda kichik sanoat zonalarini rivojlantirishni moliyalashtirishga doir Prezident qarorida, jumladan, ushbu maqsadlarga Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan 2 million dollar kredit ajratilishi belgilandi. Bu mablagʻ yoshlar va ayollar ishsizligi yuqori boʻlgan qishloq joylarda imtiyozli mikroqarz ajratish uchun mikromoliya va nodavlat tashkilotlarga beriladi. Chunki bunday nodavlat tashkilotlar banklarga qaraganda kam resurslar bilan ham oʻqitib, 2-3 baravar koʻp ish oʻrni yaratayapti. Kredit qaytimi ham banklarga qaraganda ancha yuqori.

Shu bois nodavlat tashkilotlar oʻrtasida tanlov oʻtkazib, eng yaxshi oʻquv markaziga grant ajratish tizimi joriy etilishi belgilandi.

Jahon bankining 2 million dollar mablagʻi doirasida 15 ming nafar ayolning bandligini taʼminlash loyihalarini jadallashtirish muhimligi taʼkidlandi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar boʻyicha mutasaddi rahbarlar, Andijon, Namangan va Fargʻona tajribasi boʻyicha mazkur viloyatlar hokimlarining hisoboti eshitildi.

Davlat rahbari tomonidan koʻrilayotgan bu chora-tadbirlar zamirida ikkita eng asosiy maqsad – yoshlar va xotin-qizlarning bandligini taʼminlash, natijada oilalarga barqaror daromad manbai yaratish maqsadi mujassam.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech