04 Aprel 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +18,8 °C

Hukumat
26 Mart  2020 629

Ijtimoiy va tibbiy muhofazani kuchaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 26-mart kuni koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishni kuchaytirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Maʼlumki, mazkur kasallik jahon iqtisodiyotiga salbiy taʼsir etmoqda. Odamlar salomatligidan iqtisodiyotni ustun qoʻygan davlatlarning achchiq tajribasi bu yoʻlning nechogʻlik notoʻgʻri ekanini koʻrsatmoqda.

Shu bois mamlakatimizda infeksiyaning keng tarqalib ketishiga yoʻl qoʻymaslik hamda kasallikni davolashga barcha kuch va vositalar safarbar qilindi.

Xususan, karantinga olingan fuqarolarga malakali tibbiy xizmat koʻrsatish maqsadida Toshkent viloyati Oʻrta Chirchiq tumanida birinchi bosqichda 10 ming oʻringa moʻljallangan karantin zonasini barpo etish ishlari yakunlanmoqda.

Ushbu viloyatda 2 ta besh ming oʻrinli yuqumli kasalliklar shifoxonasi qurilmoqda. Uning mingtalik birinchi bloki yaqin kunlarda foydalanishga topshiriladi.

Bundan tashqari, Surxondaryo, Namangan va Navoiy viloyatlarida har biri ming kishilik modul kasalxonalar va karantin punktlarini jihozlash ishlari boshlandi.

Yigʻilishda aholini ijtimoiy va tibbiy muhofaza qilishni kuchaytirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilandi.

Sogʻliqni saqlash va moliya vazirliklariga 300 mingta ekspress-test va 500 ta sunʼiy nafas oldirish apparati xarid qilish, xavf yuqori boʻlgan aholi punktlarida koʻchma laboratoriyalar tashkil etish vazifasi qoʻyildi.

Shifokorlarimizga amaliy yordam berish va ularning malakasini oshirish uchun xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, tibbiyot niqoblari ishlab chiqarishni kuniga 5 million donaga yetkazish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Davlat organlari va nodavlat tashkilotlar oʻz xodimlarining kamida 50 foizini haq toʻlanadigan taʼtilga chiqarishi, qolganlar masofadan ishlashga oʻtkazilishi zarurligi taʼkidlandi.

Surunkali kasallikka chalinganlar hamda 60 yoshdan oshganlar tashqariga chiqmasligi, bunday xodimlar 100 foiz mehnat taʼtiliga chiqarilishi tavsiya etildi.

Tibbiyot va harbiy oliy oʻquv yurtlari talabalaridan iborat koʻngillilar jamoasini tuzib, yolgʻiz keksalar, boquvchisi yoʻq oilalarga hamda olis hududlarga oziq-ovqat, gigiyena va dori vositalari yetkazib berishni tashkil etish muhimligi taʼkidlandi.

Oʻzbekistonga olib kirilayotgan dori-darmonlar, substansiyalar, tibbiy texnika va boshqa zarur tovarlarni bojxona toʻlovlaridan, shu jumladan, qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilish boʻyicha koʻrsatma berildi.

Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 19-martdagi farmoniga muvofiq, bu borada koʻplab imtiyoz va preferensiyalar belgilangan edi. 

Bugungi yigʻilishda davlatimiz rahbari biznes vakillarining fikrini inobatga olgan holda, ularga yana qoʻshimcha yengilliklar berish zarurligini taʼkidladi.

Qayd etilganidek, 1-oktyabrga qadar tadbirkorlarning foydalanilmayotgan obyektlariga nisbatan mol-mulk va yer soligʻining oshirilgan stavkalari qoʻllanilmaydi. 1-noyabrga qadar koronavirus pandemiyasi tufayli moliyaviy qiyinchiliklarni boshidan kechirayotgan korxonalar bankrot deb eʼlon qilinmaydi. Karantin muddati davomida tadbirkorlik subyektlari foydalanayotgan 3 ming 600 dan ortiq davlat mulki obyektlari boʻyicha ijara haqlarini undirish toʻxtatiladi. Shuningdek, barcha loyihalar doirasida investitsiyaviy majburiyatlarni bajarish muddatlari 6 oyga uzaytiriladi.

Bundan tashqari, karantin davrida tadbirkorlarning hisob raqamini toʻxtatib qoʻyish taqiqlanadi. Aholiga tovarlarni yetkazib berish hamda tashish xizmatlarini koʻrsatish uchun litsenziya olish talabi vaqtinchalik bekor qilinadi. 

Yigʻilishda yangi ish oʻrinlari yaratishni qoʻllab-quvvatlash orqali aholi daromadini oshirish va kambagʻallikni qisqartirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi sifatida qayta tashkil etilishi maʼlum qilinib, uning asosiy vazifalari koʻrsatib oʻtildi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech