30 May 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +20,4 °C

Fikr
2 May  2020 710

Oʻqish boshqa, uqish boshqa

Zamon oʻzgaryapti, kun, hatto har daqiqada sodir boʻlayotgan voqea-hodisalar bilan tanishish oson kechmayapti. XXI asr axborot asri deganlari shu-da. Bu davrda axborot tarqatuvchi har qanday koʻrinishdagi vositalar, u bosma boʻladimi, elektronmi, ijtimoiy tarmoq yoki telefon, gadjetlarmi, xullas, jiddiy raqobatga kirishib, ularsiz hayot tarzimiz mazmunsiz boʻldi qoldi. Bir paytlari mavjud “gazetalar ertalabki maʼnaviy nonushta” degan ajoyib ibora ham bugun goʻyoki kulgili eshitilayotgani rost.

Gazetani tilga olishimdan maqsad, keyingi paytlarda, ayniqsa, koronavirus pandemiyasi xuruji boshlangandan buyon yana shu mavzu kun tartibiga chiqdi. Dunyo tashvishlaridan chalgʻib, karantinda oʻtirib zerikdi shekilli, yana jurnalistika muammolaridan biriga aylanib ulgurgan bosma nashrlar taqdiri xususida ayrim “zamonadan oʻzib ketgan” doʻstlarimiz bashorat qilishga tushdi. Buning isboti sifatida Milliy mass mediani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Komiljon Allamjonov “Qalampir. uz” saytiga bergan onlayn intervyusida oʻzi osmondan tushgandek shunday deb qoldi:

“Bizning prognozlarimiz boʻyicha, koronavirus pandemiyasi oqibatida kelib chiqadigan ehtimoliy iqtisodiy inqirozning matbuot sohasiga ham taʼsiri katta boʻladi. Fikrimcha, matbuot ham ogʻir jarayonlar va davrga kirib kelmoqda. Xususan, bosma nashrlarga keladigan boʻlsak, ularning kelajagini koʻrmayapman. Aslida, bu inqirozlar boshlanmaganida ham, gazetalar allaqachon oʻtmish mahsuloti.

...Masalan, men deyarli gazeta oʻqimayman, oxirgi marta qachon oʻqiganimni ham eslay olmayman. Hattoki televizor ham koʻrmaydigan boʻlib ketdim. Hamma informatsiyalarni gadjetlarim orqali olaman.”

Toʻgʻri, taraqqiyot biz kutganimizdan ham ancha ilgarilab, tezlashib ketdi. Internet tarmoqlari butun dunyoni oʻrgimchak toʻri kabi qamrab oldi. Tojsimonvirus bahonasida mamlakatdagi aksariyat sohalar, ayniqsa, taʼlim tizimi bilan bogʻliq barcha tarmoqlar, jumladan, bevosita ommaviy axborot vositalari faoliyati ham onlayn tizimiga oʻtib oldi. Bu zamonaviy tizim poytaxt, Qoraqalpogʻiston va viloyatlar markazlarida ancha ommalashdi. Eng rivojlangan davlatlarda ham ushbu tizim bir necha yil ichida keng yoyilgan boʻlsa, bizda bir-ikki oydayoq toʻla oʻzlashtirilib, ishga tushib ketdi.

Xoʻsh, oʻzi shu sohada tajriba orttirganini koʻp bora iddao qiladigan janob Allamjonov qaysi asoslarga tayanib, gazetalar bundan keyin qogʻoz shaklida kerak boʻlmay qolganini tinmay takrorlashiga sabab nima? Ularning barchasini birdaniga onlayn usuliga oʻtkazish shartmi? Avval shu xususda biroz mulohaza qilib koʻraylik.

Gazetalar dastlab VII asrda Xitoyda “Di bao” - “Poytaxt axboroti” nomi bilan paydo boʻlgan. Hozirgi gazetalarning dastlabki namunalari esa XVI - XVII asrlarda Yevropada dunyoga kelgan. Ular xususiy shaxslar, aksariyat matbaachilar, noshirlar, aloqa-pochta xodimlari tomonidan nashr qilingan. Ilk gazetalar haftada va 15 kunda bir marta chop etilib, kam nusxada tarqatilgan. Ularda asosan saroy yangiliklari, tijorat xabarlari bosilgan. XVI asrda Venetsiyada yozma axborotlar uchun “Gazzetta” chaqa-pul degan maʼnoda bosma nashrlar ommalashgan. Keyinchalik 1631-yilda Parijda qirol Lyudovik XIII (1586-1653)ning shaxsiy shifokori va yilnomachisi Teofast Renodo parijlik kitobfurushlar Lui Vandam va Jao Marpen bilan birgalikda “LaGazzette” nomli vaqtli bosma nashrini tashkil etishgan. Shu-shu hozirgi kungacha gazeta nomi butun dunyo boʻylab tillardan tillarga oʻtib kelmoqda.

Zamonaviy oʻzbek milliy matbuoti tarixi ham oʻtgan asrning boshlarida, yaʼni 1906-yilning 27-iyuniga toʻgʻri keladi. Oʻsha sanada “Taraqqiy” gazetasi nashr qilingan. Bu sana Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining qarori (1993) bilan “Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” sifatida belgilangan.

Gazetalar bir necha asr davomida tarixan oʻz zimmasiga yuklatilgan muhim vazifani ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy va ilmiy hayotga oid dalzarb axborotni hozirjavoblik bilan turli publitsistik shakl (janr)larda ommaga yetkazib, shu yoʻl bilan oʻz oʻquvchilarida hayot voqeliklariga nisbatan maʼlum munosabat va tasavvur paydo boʻlishiga, siyosiy, iqtisodiy, axloqiy gʻoya va eʼtiqodlar shakllanishiga taʼsir koʻrsata borib, jamoatchilik fikrining mahsuli va ifodachisi boʻlib keldi. Nafaqat axborot vositasi, balki muayyan davrning voqea-hodisalari, yangiliklarini, rivojlanish silsilasini oʻz sahifalarida muhrlaydigan eng muhim tarixiy yozma yilnoma vazifasini ham oʻtadi.

Endi yuqorida tilga olingan “gazetalar allaqachon oʻtmish mahsuloti”, degan fikrga toʻxtaladigan boʻlsak, bu oʻtmishni unutish va tarixiy haqiqatdan yuz oʻgirishdan boshqa narsa emas. Shaxsan, ushbu noni qattiq sohaning ozmi-koʻpmi, mashaqqatini chekkan bir jurnalist sifatida aytamanki, ommani chalgʻitish maqsadida bildirilgan ushbu toshbosmas gaplar bosma nashrlar, qolaversa, oʻzbek jurnalistikasi nufuziga soya sololmaydi.

Gazetalar nafaqat ommaviy axborot vositasi, balki oʻz mehnati, xalqi hayoti, taraqqiyoti, milliy qadriyatlari, tarixini oʻz sahifalarida muhrlaydigan eng ishonchli yozma manba hamdir. Xoʻsh, ularni onlayn usuliga oʻtkazdik, deylik ham. Masalan, karantin davrida ayrim gazetalarning ana shunday shakldagi 5-6 ta soni chiqdi ham. Hatto bolalar nashrlari, xususan, “Tong yulduzi”ning bir nechta sonini oʻzim ham nevaralar bilan mutolaa qildim. Ochigʻini aytaman, hech oʻxshamadi-da, qoʻlingga olib oʻqish bilan koʻz nuringni ekranchaga qaratib kuzatish boshqa ekan. Bu, shaxsan mening fikrim. Bilaman, kimgadir yoqadi, kimgadir...

Endi savol tugʻiladi. Xoʻsh, gazetalar eskilik sarqiti ekan, unda hozirgi kunningeng soʻnggi voqea-yangiliklarini yoritayotgan barcha elektron ommaviy axborot vositalarining internet nashrlar saytlari, blogerlar xabarlarining elektron versiyalari bekamu-koʻst holda Oʻzbekiston milliy kutubxonasi fondiga kelib tushayaptimi?! Yoki respublika Davlat arxividan joy olayotganmikan? Bu ham jumboq, doʻstlar.

Shu bahonada bir tarixiy voqeani eslamoq joiz. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning Hindistonga ilk xorijiy tashrifi (1991-yil, 18-20-avgust) tushirilgan videokasseta bekamu-koʻst saqlanmagan. Chunki u davrda videokassetalar kamyob boʻlganidan oʻchirilib, boshqa voqea-hodisalar yozib ketilaverardi. Ushbu tarixiy tashrif Moskva markaziy televideniyesining “Vremya” axborot koʻrsatuvi topshirigʻiga binoan olinib, ularning buyurtmasi bajarilgan, xolos. Mana sizga zamonaviy elektron axborot vositasi. Hali bizda Internet sohasi boʻyicha elektron nashrlar, saytlar, blogerlar xabarlari, onlayn uslubdagi muloqotlar majmuasini toʻlaligicha shakllantirib saqlash tizimi toʻla shakllanmaganini nega bugun bosma nashrlar “oʻlimi”dan ogoh qilayotgan vallomatlar tan olgisi kelmayapti? Biz faqat bugun yo ertamiz bilan yashamaymiz-ku, kechagi kunlar-chi, nega bir zumda unutishimiz kerak, unda xotiramiz oʻchiriladimi? Ortimizdan kelayotgan vorislarimiz nimani oʻqiydi, ayting!

Hozirjavoblik borasida, yaʼni axborot tarqatishda internet tarmoqlari xizmatini hech kim inkor qilolmaydi. Mening oʻzim ham kuniga bir necha bor turli saytlarga murojaat qilaman. Bu zamon talabi. Lekin bu degani bosma nashrlar, kunlik, haftalik gazetalar, oyda, har chorakda chop etilayotgan jurnallar endi batamom oʻz vazifasini bajarib boʻldi, degani emas-ku! Ularning ham oʻziga xos tarixiy oʻrni bor. Tabiiyki, ularning aksariyati bugun iqtisodiy qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda. Albatta buning sabablari bisyor, avvalo, muassislarning masʼuliyatsizligi, qolaversa, pochta, matbuot tarqatish tizimlarining butunlay izdan chiqib ketganligi, talab va ehtiyojni oʻrganmaslik, egasizlik, kadrlar qoʻnimsizligi va boshqa qator omillar jiddiy taʼsir koʻrsatmoqda. Mohiyatan va mazmunan oʻz faoliyatlarini davr talabiga mos ravishda takomillashtirib, yangicha uslubda voqea-hodisalarni yoritishlari shart.

Aslida mutolaa ham sanʼat. Kitobxonlik, gazetxonlik bizning ota-bobolarimiz uchun eng suyukli mashgʻulot sanalgan. Bugun sal gʻalatiroq tuyuladi, har bir hududda oʻzi tanlab oʻqigan nashrlarning, hatto ishonmaysiz, 40-50 yillik taxlamlarini uylarida asrab avaylab kelayotgan yurtdoshlarimiz hozir ham oramizda kam emas.

Biz tarixiy bir davrda yashayapmiz. Yashirmaymiz, tojsimonvirus degan baloi ofat hamma sohaga oʻz taʼsirini oʻtkazmoqda. Bu sinovli kunlar ham oʻtadi. Butun dunyoni larzaga solib turgan xavf asta-sekin chekinyapti. Shunday bir davrda yuzaga kelgan vaziyatdan omon-eson chiqish yoʻllarini izlamasdan, mavjud imkoniyatlarni ishga solishni tavsiya etmasdan, yordam qoʻlini choʻzmasdan koʻpchilikka manzur narsani eskilikka chiqarish haqiqiy vatanparvarning ishi emas. Bunday nojoʻya ishni jurnalistikaning, gazetachilikning tuprogʻini yalagan fidoyi insonlar hech qachon qilmaydi. Haqiqiy ijod jonfidolikni talab etadi. Yurtboshimizning bir soniya ham ortga chekinmay, qiyinchiliklarni mardonavor yengib, ichki imkoniyatlardan oqilona foydalanib, aql zakovat bilan xalqimizni dadillik bilan olgʻa boshlab borayotganligini butun dunyo tan olmoqda.

Men Komil Allamjonovning saytlardagi koʻpgina chiqishlarini kuzatganman. Ularda u oʻzini matbuotning sir-asrorlarini chuqur bilimdonligiga daʼvo qilgan boʻlsa-da, keyingi paytlarda, ayniqsa, u shu sohaga bevosita daxldor masʼul vazifalardan boshqa, yaʼni jamoat fondi (aslida bu ham OAVlar bilan bogʻliqligini unutmaylik)ga ishga oʻtganidan keyin avvalgi pozitsiyalarini esdan chiqarayotgani ajablanarli. Agar u chindanam axborot tarqatish tizimining chinakam gʻamxoʻri, jonkuyari boʻlganida edi, ota-bobolari oʻqigan, hatto Ikkinchi jahon urushi davrida ham nashr etilgan, koʻpgina mashhur oʻzbek yozuvchi-shoirlari, ziyolilari uchun oʻziga xos ijod maktabi rolini oʻynagan, shu yilning 8-fevralida 95 yilligini qarshilagan, bir soʻz bilan aytganda, mustaqilligimizning haqiqiy jarchisi (shubhalanganlar ushbu nashrning 1980-yillar oxiri, 1990-yillar boshidagi taxlamlarini koʻzdan kechirishlarini tavsiya qilaman) “Turkiston” – hozirgi “Yoshlar ovozi” gazetasining shu kunlarda nega chiqmay qolganligi bilan qiziqib koʻrgan boʻlardi!

Eng rivojlangan xorijiy davlatlarda gazetalarning tiraji tushib ketayotgani yoʻq. Misol uchun axborot kommunikatsiya texnologiyalari eng mukammal rivojlangan davlatlardan biri Yaponiyada anʼanaviy gazeta mushtariylari Internetga bogʻlanib qolishga shoshilmayaptilar. Hozirgi paytda kuniga 72 mln. nusxada chop etilayotgan nashrlar hamon koʻpchilikning sevimli hamrohi va dildoshi boʻlib qolmoqda.

Tan olish kerak, internetdagi baʼzi oldi-qochdi yangiliklar odamlarni bezdirib qoʻygani ham haqiqat. Bizda ham shunday holat takrorlanib, bir muddatdan soʻng elektron axborotdan bezib, yana bosma nashrlar mutolaasiga qaytishlariga shubham yoʻq.

Gazeta-jurnal oshyoni qayerda deb soʻrayapsizmi? U bogʻda ham, togʻda ham emas. U sizu bizning begʻubor qalbimizda, shuurimizda. Qogʻozga bitilgan sirli satrlarni qancha oʻqisangiz ham adogʻiga yetolmaymiz. Sahifalardagi zalvorli tahliliy publitsistik maqolalar, zamonamiz qahramonlari haqidagi ocherklar, turkum reportajlar, korrupsiyani fosh etuvchi felyetonlar (garchi keyingi yillarda susayib ketgan boʻlsa-da)... Ulardan olgan zavq-shavqni, taassurotni qaysi elektron gazeta yoki saytdan, boringki, telegram kanaldan olasiz?

Hozirgi kunda yuzaga kelayotgan bunday muammolarning asl mohiyati yana obunaga borib taqaladi. Ana shu masala butkul hal qilinmaguncha har xil tortishuvlar, bahs-munozaralar davom etaveradi. Obuna haqida gapiradigan boʻlsak, har bir gazeta-jurnal tahririyati oʻz muassasi bilan shartnoma imzolagan. Oʻsha shartnomaga asosan bu murakkab vazifani muassis tashkillashtirishi, tahririyatga amaliy yordam koʻrsatishi alohida taʼkidlangan. Ijroga kelganda esa...

Masalan, Xalq taʼlimi vazirligi oʻzi muassis boʻlgan “Maʼrifat” gazetasi, “Tong yulduzi”, “Klass”, “Gulxan”, “Gʻuncha” bolalar nashrlariga obunani rasmana tashkil etsa, yaʼni maktablarning har bir sinfi bittadan obuna boʻlishsa, olam guliston, muammo batamom hal boʻladi. Bu jarayonda hech qanday majburiy obuna yoʻq. XTV tavsiya etadi, darsliklarni sotib olishganlariday. Oʻquvchi darsliklarga qoʻshimcha ravishda mutolaa qilish uchun obuna boʻlyapti. Keyingi yillarda “majburiy obuna” degan buzgʻunchi gʻoya asnosida ana shu tizim buzilib, juda boʻlmagʻur muammoni yuzaga chiqardi. Yoki olaylik “Turkiston” – hozirgi “Yoshlar ovozi” – “Molodyoj Uzbekistana”, “Yosh kuch”, “Yoshlik” nashrlariga ham har bir yoshlarning boshlangʻich tashkiloti bittadan obuna boʻlishsa bas muammo hal boʻladi. Bunda hech kim yutqazmaydi.

Majburiy obuna deya ogʻiz koʻpirtirayotganlarning bahonasi kurakka turmaydi aslida. Ana shunday toifadagi ota-onalar erkatoy farzandlariga jaraq-jaraq pul sarflab, eng soʻnggi rusumdagi qoʻl telefonlari, planshet, noutbuk olib berishayotganiga guvohmiz. Aynan ana shundaylarning boshqalarga koʻrsatayotgan ayanchli taʼsiri haqida esa miq etmaymiz.

Biz yoʻq muammolarni oʻzimiz tugʻdiryapmiz. Bu bilan milliy matbuotimizning jahon miqyosidagi obroʻ-eʼtiboriga putur yetkazayotganimizni bilamizmi? “Chegara bilmas muxbirlar” xalqaro tashkilotining matbuot erkinligi indeksida Oʻzbekistonning 156-oʻrinda turishi va bu koʻrsatkichning ayrim kimsalarni qoniqtirishi kulgili emasmi? Respublikamizda matbuot, axborot tarqatish masalasida yuqorida taʼkidlangan muammolarni hal qilmas ekanmiz, xalqaro miqyosdagi obroʻmiz yaxshilanmaydi.

Jabbor Razzoqov,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech