26 Sentyabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +13,3 °C

Yashil sayyora
5 Fevral  2020 2315

Orolbo‘yida yangi hayot boshlanmoqda dengiz chekinyapti, lekin inson chekinmaydi

Qahraton qish bo‘lsa-da, Orol dengizining qurigan maydonlarida mehnat qaynamoqda. Joriy yilda 700 ming gektar maydonda o‘rmon barpo qilish mo‘ljallangan bo‘lib, bugungi kunga qadar (2020-yil 11- yanvar kungi ma’lumot) qariyb 200 ming gektar yaqin maydonda ko‘chat o‘tqazish va urug‘ sepish orqali o‘rmonlashtirish tadbirlari bajarildi. Urug‘ sepish ishlari zamonaviy traktorlar hamda samolyotlar orqali amalga oshirilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi kunga qadar 33 ming 577 gektar yer ekishga tayyorlangan, mavsumda 2 400 tonna cho‘l o‘simliklari (saksovul, qandim, qorabaraq va h.) urug‘larini tayyorlash reja qilingan bo‘lib, shundan 1 500 tonnaga yaqin urug‘ yig‘ilgan. Urug‘ tayyorlash ishlariga esa, asosan, Mo‘ynoq tumani aholisi jalb qilingan. Buning uchun 5 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.

Orolni qutqarishga olimlar ham jalb etilmoqda

– O‘tgan yili Orolning qurigan maydonidagi 400 ming gektarga saksovul, 64 ming gektariga boshqa cho‘l o‘simliklari ekilgan edi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Davlat O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi raisi Nizomiddin Bakirov. – Bu yil Orol muammosini hal etish ishlarida viloyatlardan 500 nafarga yaqin hasharchilar ixtiyoriy ravishda yordam berishyapti, Shuningdek, Respublika o‘rmon xo‘jaliklaridan 600 nafar mutaxassis yordamga kelishdi. Orolning sho‘r yerlariga saksovul ekib, O‘zbekistonning boshqa hududlaridagi cho‘llarini ham obodonlashtirish ustida ishlamas ekanmiz, kutgan natijaga erisha olmaymiz. Saksovul – tabiatning mo‘jizasi. 8 yoshdagi saksovul 10-12 tonna zararli qumni saqlaydi. Zararli qum asosan tuzlardan iborat. Saksovul urug‘i ikki yilgacha qumda o‘zini saqlab tura oladi. Ushbu o‘simlik 4 yildan 5 yilga qaragan paytida urug‘ berishni boshlaydi. Uning 1 kilosi 10 ming donagacha urug‘ berishi mumkin. Saksovul juda katta kislorod manbai hisoblanadi. Saksovul o‘sgan joyda gumus paydo bo‘lishni boshlaydi. Gumus paydo bo‘lgan yerda esa boshqa o‘simliklar ham o‘sib chiqadi. Oxirgi ikki yilda shu hududda yovvoyi hayvonlar va qushlar ko‘payishni boshladi. Chorvachilik ham rivojlanmoqda. Hozir biz bu yerlarga olimlarni ham jalb qilmoqdamiz, ular saksovullar orasiga dorivor o‘simliklarni ekish, asalari uyalarini ko‘paytirish, chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha tadqiqotlar olib boryapti.

Oroldan uchgan zaharli tuzlar garmsel shamollari orqali yurtimizning boshqa hududlariga ham tarqab, qishloq xo‘jaligi hosildorligini 20-30 foizga kamaytirib yubormoqda. Ekilayotgan cho‘l o‘simliklari ana shunday salbiy holatlarning oldini oladi.

Mo‘ynoqda sanoat rivojlanmoqda

– Oxirgi bir yil ichida Mo‘ynoqda katta o‘zgarishlar bo‘ldi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Qahramon Sariev. – Ulardan biri sanoatni, ya’ni tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lga qo‘yilganidir. Jumladan, shprits ishlab chiqarishga 3 million 500 ming dollarli investitsiya kiritildi. 2019-yilda biz mahalliy byudjet hisobidan 476 milliard so‘m investitsiya jalb qilgan holda 93 ta ijtimoiy soha ob’ektlarida yangi qurilishlar, rekonstruksiya ishlarini olib bordik. Qoraqalpog‘iston Respublikasining 45 ta qishlog‘ida «Obod qishloq» dasturini amalga oshirdik.

– Bevosita Prezidentimiz tashabbusi bilan Mo‘ynoq tumani va Orolning qurigan hududlarida ulkan ishlar olib borilmoqda, – deydi Qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, akademik, FVV polkovnigi Zinoviy Novitskiy. – Bu ishlarni bizning qo‘shni mamlakatlar ham qo‘llab-quvvatlashlari kerak, Shu jumladan, Qozog‘iston ham. Birgalikda ishlagan holda, yaqin kelajakda yagona tizimni ishlab chiqish zarur. Shunda yagona ilmiy tavsiyanoma ishlab chiqiladi, muammolar ham hal etiladi.

Mo‘ynoq tumanida 1 000 gektar, Qorao‘zak tumanida 2 000 gektar yaylov yaratmoqchimiz. Bu boradagi ishlar allaqachon boshlangan. Ayni paytda Mo‘ynoqqa 800 gektar yaylov uchun ekin ekilgan.

MAVZUGA OID MA'LUMOT:

Qoraqalpog‘istonning Qorao‘zak va Mo‘ynoq tumanlari hududlariga kiruvchi Aqbetkey massivida bir vaqtlari dengiz bo‘lgan. Ilk bor dengiz ushbu hududlarda tortilib keta boshlagan. Bundan 20 yillar avval ushbu Aqbetkey massivida Germaniya Xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) loyihasi asosida 80 ming gektarga (shundan 27 ming gektariga ko‘chat o‘tqazish orqali) cho‘l o‘simliklarini ekish tadbirlari boshlangan. Bugungi kunda ushbu hududlar qalin o‘rmonzorga aylangan. O‘rmonda esa bioxilma-xillik rivojlangan.

Mehr Orolni qutqaradi

9-11-yanvar kunlari Mo‘ynoq tumanida qator vazirlik, idora va tashkilotlar vakillari ishtirokida «Mehr Orolni qutqaradi» loyihasi o‘tkazildi. Minglab yoshlar Orolning qurib qolgan maydoniga saksovul ko‘chatlarini ekishda ishtirok etdi.

– Bunday ajoyib ob-havoda saksovul ekishning o‘zgacha zavqi bo‘larkan, – deydi O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Alisher Sa’dullaev. – Daraxt ekish katta savoblardan biri deb tarbiya qilishgan bobo-buvilarimiz. Xudo xohlasa, bu bo‘sh maydonlar saksovul, flora va fauna bilan to‘lib-toshsa, bu – biz uchun katta baxt! Yana bir muhim jihat – hozirda saksovullar ekilyapti, lekin uni asrash uchun ham yetarlicha bilim kerak. Shuning uchun biz maxsus ekobrigadalarni tuzib, unda volontyorlar bilan yordam berishni rejalashtirmoqdamiz.

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi matbuot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, Orolning qurib qolgan maydonida saksovul ko‘chatlari ekish bo‘yicha «Fidoyi yoshlar otryadlari» tuzilib, «Orol yoshlari» doimiy ekspeditsiyasi va Orol dengizi bo‘yida yoshlar turistik zonasini tashkil qilish, Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda Markaziy Osiyo yoshlarining «Orolni qutqaraylik» mavzusida ilmiy-amaliy konferensiyasini o‘tkazish, Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy, iqtisodiy va innovatsion rivojlantirish bo‘yicha «Yoshlarning innovatsion g‘oyalari» sammiti tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rish belgilangan.

Qoraqalpog‘iston hududida qushlarning 137 ta yangi turi aniqlandi

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq tabiiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan Qoraqalpog‘iston hududida o‘tkazilgan tadqiqot natijalari bo‘yicha qushlarning 137 ta yangi turi aniqlangan. Jumladan, mintaqa ornitofaunasi uchun yangi 10 ta tur fanda rasman qayd etilgan.

Biologiya fanlari doktori Sveta Mambetullaevaning ta’kidlashicha, Orolbo‘yi mintaqasida avval uchramagan begunok, sharq klushasi, uzun dumlichittak, kichikbaliqchi qush, kattachittak, kichikchipor qizilishton, kulrang kaklik, snegir kabi yangi qush turlari paydo bo‘lgan.

Keyingi paytlarda Qoraqalpog‘iston hududidagi ko‘llarga flamingo qushlari ko‘payish uchun ham kela boshladi. Jumladan, Mo‘ynoq qo‘ltig‘idagi ko‘llar tizimi bo‘lgan Sudoche, Sariqamish, Jaltirbas, Shegeko‘l kabi ko‘llar flamingolarning ko‘payishi uchun nihoyatda qo‘lay joylar hisoblanadi.

Hozirgi vaqtda Qoraqalpog‘iston hududida hisobga olingan 40 ta qush turi O‘zbekiston Respublikasining «Qizil kitobi»ga kiritilgan. Yaqin vaqtlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida 885 ming gektar maydonga ega bo‘lgan yangi 4 ta – «Sudoche ko‘li tizimi» (84,7 ming gektar), «Aqpetkey» (58,8 ming gektar) «Beltau» (188,3 ming gektar), «Mejdureche Aqdaryo – Qazaqdaryo» (22,2 ming gektar) buyurtmaxonalari tashkil qilinishi bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Ushbu buyurtmaxonalar bioxilma-xillikning yanada rivojlanishiga keng imkon yaratadi.

O‘rmonzorlikda qush uyalari qurildi

Nukus davlat pedagogika instituti olimlari va ko‘ngilli yoshlar Qorao‘zak tumani hududidagi ilgari Orol dengizi bo‘lgan Aqbetkey massivida paydo bo‘lgan saksovulzorlardan iborat hududlardagi yangi ekologik hayot bilan tanishib, qushlar uchun uyalar qurdi. Yangi hayot boshlangan ushbu hududga ramziy ma'noda kabutarlar keltirilib, ochiqlikka qo‘yib yuborildi.

Haqiqatdan ham, bir vaqtlar 15-20 metr tepalikda suv bo‘lgan joylarda turib, uni tasavvur qilish juda ta'sirli. Talabalar insoniyat omili bilan qurigan dengiz tubida o‘rmonzor paydo bo‘lganiga guvoh bo‘lib, bugungi kunda Orolqumda olib borilayotgan keng ko‘lamdagi ishlarning qanchalik muhim ekanligini his etmoqda.

O‘quv-tanishuv amaliyotida ishtirok etgan yoshlar bundan 7-8 yil oldin ornitolog olimlar va talabalar tomonidan qurilgan 100dan ortiq uyalarda qushlar makon qilganiga guvoh bo‘ldi.

«Qizil kitob»ga kiritilgan noyob yovvoyi tuyoqlilar ko‘paytirilishi mumkin

Qoraqalpog‘istonlik olimlar O‘zbekiston Respublikasining «Qizil kitobi»ga kiritilgan noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan yovvoyi tuyoqli hayvonlar  (qulon, jayron, Prjevalskiy oti, sayg‘oq)ni Orolning qurigan maydonida hosil bo‘lgan o‘rmonzorlarda yarim erkin sharoitda ko‘paytirish va keyinchalik ularni yovvoyi tabiatga qaytarib yuborish bo‘yicha loyiha takliflarini ilgari surmoqda.

– Loyihamiz maqsadi – Orolbo‘yi hududida tuyoqlilarning noyob turlarini saqlash va qayta tiklash bo‘yicha pitomniklar yaratishdir, – deydi loyiha tashabbuskorlaridan biri, Qoraqalpoq davlat universiteti Ekologiya va tuproqshunoslik kafedrasi dotsenti, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Arzigul Kidirbaeva. – Unda tuyoqlilarning noyob turlarini tiklashni taklif qilmoqdamiz. Buning uchun tuyoqlilarni yarim erkin sharoitda saqlash va ko‘paytirish texnologiyasini ishlab chiqamiz. Shu orqali ularning zaxira soni yaratiladi. Pitomniklarda ko‘paytirilgan tuyoqlilarni boshqa qo‘riqxonalarga yuborish mumkin yoki ularni boshqa xaridorlarga sotib daromad qilish ham mumkin. Biz hozirda uchta yovvoyi hayvon turini ko‘paytirishga mo‘ljallangan vol’er majmuasi loyihasini yaratganmiz. Aynan Orolning qurigan tubida hosil bo‘lgan o‘rmonzorni tanlaganimizdan sabab, bu yerda tabiiy o‘t-yem bazasi mo‘l, tabiiy suv havzasi – Jaltirbas ko‘li bor. Hozirda Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi bilan birga shu hududdan besh ming gektar maydonni olishni rejalashtirganmiz. Kelgusida maydonni o‘rab, tuyoqlilar uchun ozuqa ekinlarini ekamiz.

Bundan 20 yillar avval Orol dengizining qurigan tubida 28 ming gektar maydonda ekilgan saksovulzorlar orasida hozirda hayvonot va qushlarning ko‘plab turlari paydo bo‘lgan. Bugun Orolning qurigan tubiga ekilayotgan cho‘l o‘simliklari ham kelgusida mintaqada nihoyatda yaxshi cho‘l ekotizimining yaratilishiga zamin yaratadi.

Darhaqiqat, dengiz chekinyapti, lekin inson chekinmayapti. Kelgusida bu joylarda “yashil qoplama” – o‘rmonzorlar barpo qilinib, Orolbo‘yida yangi hayot boshlanishiga zamin yaratadi.

DARVOQYE...

Joriy mavsumda Orolning qurigan maydonlarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli tadbirlarga 850 ta texnika jalb qilingan bo‘lib, shundan 4ta AN-2 samolyotlari ishlamoqda va 1642 nafar ishchi kuchlari yordamga kelgan.

Orolbo‘yi hududida 272 ta tur umurtqali hayvonlar mavjud bo‘lib, ulardan 49 ta turi yo‘q bo‘lib ketish oldida turgan turlar hisoblanadi. Shulardan 11 ta turi baliq, 12 ta turi sut emizuvchi va 26 ta turi qushlardir.

Yesimxan QANOATOV,

jurnalist.

 

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech