31 May 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +35 °C

Yashil sayyora
9 Aprel  2020 479

Orolqumda niderland atirgullari oʻsadi

Prezidentimiz tashabbusi va saʼy-harakatlari tufayli Orol dengizining qurigan hududida yangi hayot boshlandi. Inson qadami tegmagan joylarda saksovul hamda shoʻr va qurgʻoqchilikka chidamli boshqa daraxt va butalar ekilib, qum barxanlari oʻrnida yashil hudud paydo boʻlmoqda.

Oʻtgan yili 500 ming gektar yerga turli daraxtlar urugʻi sepilgan boʻlsa, bu yil 700 ming gektar maydonni oʻrmonzorlashtirish rejalashtirilgan edi. Maʼlumotlarga koʻra, aprel oyi boshida Orol tubida oʻrmonlashtirishning ikkinchi mavsumi ham yakuniga yetdi. Bu ishga jalb qilingan barcha texnika va ishchilar Qoʻngʻirot temir yoʻl vokzalidan oʻz uylariga kuzatib qoʻyildi.

Bugungi kunda ekologik ofat zonasida qum va tuzning uchishiga toʻsqinlik qiluvchi yashil maydonlar yaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining topshirigʻiga binoan, 2019-yil kuz va 2020-yil qish mavsumida 700 ming gektar maydonda oʻrmon melioratsiya ishlari bajarilishi rejalashtirilgan boʻlib, ayni paytga kelib 706 ming gektar yerda bu ishlar toʻla amalga oshirildi. Shuncha maydonga saksovul va choʻl, yaylov oʻsimliklari urugʻlari sepildi. 166 ming 200 gektar maydon ekish uchun tayyorlandi. Buning uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi va barcha viloyatlardan kelgan mingdan ziyod ishchi qariyb 4 oy davomida tinim bilmay ishladi.

Boshqacha aytganda, qisqa vaqt ichida misli koʻrilmagan hajmdagi ishlar qilindi. Saksovul va boshqa choʻl oʻsimliklaridan iborat oʻrmonzor may oyining boshida – vegetatsiya davrida yashil tusga kirib, butun maydon moviy gilamga aylanadi. Yana bir eʼtiborli jihat, Orol dengizining qurigan tubiga ilk marotaba yem-xashak oʻsimliklari ekildi. Demak, bir necha oy ichida bu yerda yaylovlar ham paydo boʻladi.

Orol qurib, asta-sekin kemalar qabris­toniga aylangan va chang-toʻzon hamda tuz koʻtarilib, ekologik muammoni keltirib chiqargan edi. Ammo matonatli, kuchli xalq yorugʻ kunlarga ishonib, umid bilan yashadi va nihoyat orzu qilingan kunlar yetib keldi. Orol dengizining qurigan tubida “yashil qoplamalar” — himoya oʻrmonzorlarini barpo etish uchun bugun barcha astoydil mehnat qilmoqda.

— 30 kishidan iborat jamoamiz 2019-2020-yillarning kuz-qish mavsumida Orol dengizi tubiga saksovul koʻchatlarini oʻtqazish ishlari bilan shugʻullandi. 3 ming gektardan ziyod maydonga oʻzimizning koʻchatxonada yetishtirilgan 3 million dona saksovul koʻchatini ekdik, — deydi Nukus davlat oʻrmon xoʻjaligi direktori Arislon Yusupov. — Orol va uning fojiasi oqibatlarini yumshatish yoʻlida qoʻlimizdan kelgan barcha ishlarni bajarishga tayyormiz. Kelasi mavsum uchun ham koʻchatxonamizning 7 gektar maydoniga saksovul urugʻini sepib, koʻchat yetishtirmoqdamiz.

“Birlashib koʻtargan yuk yengil”, deydi dono xalqimiz. Bugun qurib qolgan dengiz oʻrnida vatandoshlarimiz amalga oshirayotgan ishlar har qancha tahsinga loyiq. Oldin Orol dengizi, keyin Orolqum boʻlgan yerda endioʻrmon paydo boʻlmoqda. Bu yerda mehnat qilayotgan har bir vatandoshimizni zamon qahramonlari, desak arziydi. Haqiqatan ham, ular qum va tuz barxanlari oʻrnida moʻjiza yaratmoqda.

— Xabaringiz bor, 2018-yilning 24-avgust kuni Ashxobod shahrida Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi sammitida davlatimiz rahbari Orolning qurigan tubida yaylovlar yaratish kerakligi toʻgʻrisida gapirgan edi. 2000 gektar yerda ana shunday maydon yaratildi. Aytish kerakki, bu ishga Oʻzbekistonda ilk marotaba qoʻl urilmoqda. Bir-ikki yildan soʻng bu hudud oʻt-oʻlanlar bilan qoplanadi. Natijada chorvachilik rivojlanadi. Yangi ish oʻrinlari yaratiladi, — deydi qishloq xoʻjaligi fanlari doktori, akademik Zinoviy Noviskiy. — Shuningdek, davlatimiz rahbarining yana bir koʻrsatmasi boʻyicha joriy yilda 4 gektar maydonga mevali daraxt­lar va manzarali oʻsimliklar ekilishi rejalashtirilgan edi. Hozir bu maydonga 20 xildan ortiq oʻsimliklar ekildi. Olma, oʻrik, olxoʻri, gilos, uzum, jiyda va boshqamevali daraxt koʻchatlarini oʻtqazdik. Biz bu yerlardan nafaqat hosil, balki estetik zavq olishni niyat qilganmiz. Yana 186 tup niderland atirgulini ham ekdik. Bu qizil atirgullar kelajakda mehmon boʻlib kelgan sayyohlarning bahri dilini ochadi.

Inson qadami tegmagan joylar bugun koʻkalamzorga aylanmoqda. Bu esafarovon hayot, har bir fuqaro uchun katta ilhom manbai boʻlishi shubhasiz. Demak, yaqin kelajakda bu hududni qayta jonlantirish borasida yangi-yangi loyihalar hayotga tatbiq etiladi.

Mnajatdin Qutlimuratov.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech