05 Dekabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent -1,7 °C

Mamlakatimizda
20 May  2020 1074

YEOII va JSTga ehtimoliy aʼzo boʻlish baholandi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi “Oʻzbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga va Jahon savdo tashkilotiga ehtimoliy aʼzo boʻlishini baholash” mavzusida soʻrovnoma oʻtkazdi.

 Joriy yilning yanvar-fevral oylarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi fuqarolar oʻrtasida “Oʻzbekistonning YEOII va JSTga ehtimoliy aʼzo boʻlishi taʼsirini baholash” boʻyicha anonim soʻrov oʻtkazdi. Soʻrovda tadqiqotchilar, olimlar, davlat xizmatchilari, xususiy sektor vakillari, oʻqituvchi va talabalar ishtirok etishdi.

Avval xabar qilinganidek, yanvar oyida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ekspertlari tomonidan Oʻzbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy Ittifoqiga (YEOII) aʼzo boʻlgan taqdirda mamlakat iqtisodiyotining asosiy tarmoqlariga taʼsiri boʻyicha tadqiqot ishlarini yakunladilar. Ayni paytda Markaz ekspertlari Oʻzbekistonning jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzo boʻlishi iqtisodiyot tarmoqlariga taʼsiri haqida tadqiqotlarni olib borishmoqda.

“Oʻzbekistonning YEOIIga ehtimoliy aʼzo boʻlishi taʼsirini baholash” mavzusidagi tadqiqot natijalaridan jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida 2020-yil 8-11-yanvar respublikamizning
14 ta yetakchi oliy taʼlim muassasalarida pedagog xodimlar, talabalar, OAV vakillari va blogerlar bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Ushbu taqdimotlar natijasida jamoatchilik fikrini yana-da kengroы oʻrganishga qaratilgan soʻrov oʻtkazildi.

 

Soʻrovnoma shakli xorijdagi yetakchi aqliy markazlar tajribasidan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan. Soʻrovnoma 10 ta savoldan iborat boʻlib, ular quyidagicha tuzilgan: birinchidan, YEOIIga aʼzo boʻlishi taʼsirini baholash boʻyicha savollar keltirilgan, keyin Oʻzbekistonning JSTga qoʻshilishi boʻyicha jamoatchilik fikri oʻrganishga qaratilgan savollar berilgan.

Soʻrovnomada barcha hududlardan 1 300 nafardan ortiq kishi ishtirok etdi. Tadqiqot ishtirokchilarining gender tarkibi quyidagicha boʻldi:

Soʻrovnoma ishtirokchilarining aksariyat qismi — 1037 kishi (79%) – erkaklar va ayollar esa — 271 kishi (21%)ni tashkil etdi.

Soʻrovnoma ishtirokchilari orasida koʻpchiligi talabalar — 479 (37%), ikkinchi oʻrinda xususiy sektor vakillari – 356 (27%), davlat xizmatchilari – 252 (19%), oʻqituvchilar – 155 (12%), olimlar/tadqiqotchilar – 53 (4%), boshqa kasblar – 13 (1%).

 

YEOII

 

Soʻrov natijalari shuni koʻrsatadiki, respondentlarning 74 % Oʻzbekistonning YEOIIga qoʻshilishini qoʻllab-quvvatlaydi. Respondentlarning 16 % qarshi, 4% neytral ovoz berishgan boʻlsa 6% javob berishga qiynalishdi.

Tadqiqot davomida hududlar kesimida Jizzax, Surxondaryo va Xorazm viloyatlari respondentlarining YEOIIga eng koʻp (90% dan ortiq) qoʻshilishni qoʻllab-quvvatlashliklari aniqlandi.

Integratsion birlashmaga qoʻshilishga qarshi boʻlganlarning ulushi Andijon viloyatida ustun (32%), ikkinchi oʻrinni Toshkent shahri (26%), undan keyin Fargʻona viloyati (21%) egallaydi.

Ittifoqqa qoʻshilish tarafdorlari ayollar oʻrtasida erkaklarga nisbatan koʻproq (82% va 73%). Shu bilan birga, yoshlar – 20 yoshdan yoshroq va 40 yoshdan kattaroqlar orasida qoʻshilish tarafdorlari koʻp boʻlgan (80%).

Oʻzbekistonning YEOIIga qoʻshilishini qoʻllab-quvvatlamaydiganlarning ulushi 30-39 yoshdagi (23%) fuqarolar orasida yuqoridir. Shu bilan birga, tahlillar shuni koʻrsatdiki, qoʻshilishni qoʻllab-quvvatlovchi fuqarolar soni oʻqituvchilar, talabalar va xususiy sektor vakillari orasida (76%) tadqiqotchilar va davlat sektori xodimlariga nisbatan (66%) yuqori.

Respondentlarning 45 %i qoʻshilish uchun asosiy xavf uchinchi mamlakatlardan (YEOIIdan tashqari) keladigan import mahsulotlarning Ittifoq mamlakatlari mahsulotlari bilan almashtirilishi deb koʻrsatilgan. Respondentlarning 42 %ini tashqi raqobat oshgan sari ichki ishlab chiqarish va ish oʻrinlari kamayib ketishi tashvishga solgan. Aholi tomonidan eng kam tashvish uygʻotadigan (13 %) masala davlat byudjeti daromadlarini kamayishi ehtimoli boʻlgan.

Yevroosiyo iqtisodiy Ittifoqiga aʼzo boʻlishning eng asosiy afzalliklari sifatida tovarlar va xizmatlar narxlarining pasayishi, shuningdek raqobat kuchayishi natijasida mahsulot sifatining oshishini – respondentlarning 51 % tomonidan belgilangan.

Respondentlar tomonidan ijobiy baholangan keyingi dolzarb masala (24%) mahalliy mahsulotlar uchun eksport bozorlarini kengayishi natijasida yangi ish oʻrinlari yaratilishi boʻldi.

Soʻrovnoma ishtirokchilarining 15 %i mehnat muhojirlarining sharoitlari yaxshilanishini inobatga olishgan. Shu bilan birga, respondentlarning 10 %i umumiy mehnat bozorining shakllanishi natijasida ishchi kuchining davlatlararo harakati yana-da erkinroq boʻladi deb baholashgan.

Qayd yetish kerakki, soʻrovda qatnashgan 200 dan ortiq ishtirokchi YEOII qoʻshilish afzalliklari va xatarlari yuzasidan oʻz izohlarini qoldirishgan.

Joriy yilning 29-aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida deputatlar tomonidan Oʻzbekistonning YEOII bilan hamkorligi masalasi koʻrib chiqildi. Unda deputatlar YEOIIda Oʻzbekiston kuzatuvchi sifatida ishtirok etishini maʼqulladilar. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi muovini Akmal Saidov oʻz nutqida taʼkidlaganidek, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan oʻtkazilgan sotsiologik soʻrov bu borada jamoatchilik fikrini ilmiy tadqiq etish uchun asos boʻlib xizmat qilmoqda.

JST

Umuman olganda, soʻrovnoma ishtirokchilarining aksariyati (78 %) Oʻzbekistonning JSTga qoʻshilishini qoʻllab quvvatlashmoqda. Shu bilan birga, 8% qarshi ekanliklarini bildirishgan. Respondentlarning 7 %i neytral yaʼni javob berishda ikkilandi.

Hududlar kesimida Navoiy, Surxondaryo viloyatlarida, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasida (84-91%) JSTga aʼzo boʻlishni eng koʻp qoʻllab-quvvatlanadi. Oʻzbekistonning JSTga qoʻshilishiga qarshi boʻlganlar uchun Toshkent shahri (13%), Toshkent viloyati (18%) va Andijon viloyati (12%) yeng yuqori hisoblanadi.

Soʻrov shuni koʻrsatdiki, JSTga aʼzo boʻlishni qoʻllab-quvvatlovchi fuqarolarning ulushi ham ayollar, ham erkaklar oʻrtasida bir xil (78%). Shu bilan birga, qoʻshilishni qoʻllab-quvvatlamaydiganlar orasida erkaklar soni koʻproq (9% va 5%).

 

Yosh toifasiga koʻra, JSTga qoʻshilishni 20 yoshgacha boʻlgan yoshlarning aksariyati (86%) qoʻllab-quvvatlashgan boʻlsa, 40 yoshli ishtirokchilar orasida nisbatan kam boʻldi (68%).

Shuningdek, JSTga qoʻshilishga eng koʻp ovoz bergan oʻqituvchi va talabalar (84%) boʻlsa, xususiy sektor vakillari orasida esa bu fikrni qoʻllab-quvvatlaganlar nisbatan kamroq boʻlgan (70%).

Jahon savdo tashkilotiga aʼzolikning fuqarolar orasida eng katta xavotirli tomoni iqtisodiyotning asosiy tarmoqlari ustidan tashqi nazorat boʻlib, uning natijasida mazkur sohalar xorijlik tadbirkorlarga oʻtishi mumkin. Respondentlarning 44%i ushbu masalada oʻz xavotirlarini bildirishgan.

Respondentlarning 42 %i tovarlar va xizmatlar importini oshib ketishi natijasida mahalliy korxonalar faoliyatiga salbiy taʼsiri boʻlishi mumkinligini eʼtirof etishgan. Respondentlarning 14 %ini esa davlat daromadlarini kamayishi ehtimoli bezovta qilmoqda.

Respondentlarning 34 %i – JSTga qoʻshilishning asosiy afzalligi raqobat muhitining yaxshilanishi, tovarlar va xizmatlar narxlari pasayishi va ularning sifatiga ijobiy taʼsir qiladi deb hisoblashadi.

23 % respondentlar tomonidan Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishining ijobiy samarasi sifatida rivojlangan mamlakatlar bilan savdo aloqalarini yaxshilash, yuqori texnologiyali importning oshishi ijobiy baholangan.

Respondentlarning 16% milliy ishlab chiqarish va ish oʻrinlari xorijiy investitsiyalar oqimi va xorijiy korxonalar sonining koʻpayishi natijasida koʻpayadi deb hisoblaydi. Respondentlarning yana shunchasi eksport bozorlarini kengaytirish milliy ishlab chiqarishni koʻpaytirish va yangi ish oʻrinlari yaratish, degan fikrda.

Soʻrovda ishtirok etganlarning 11 %i JSTga qoʻshilish Oʻzbekistonning xalqaro imidjini yaxshilashini bildirishgan, deb xabar beradi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi matbuot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech