08 Iyul 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +21,6 °C

Hukumat
19 Dekabr  2019 2126

Saylovda ovoz berish tartibiga oid asosiy savollarga javoblar

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga saylovlar 2019-yil 22-dekabrda bo‘lib o‘tadi. Adliya vazirligi bo‘lajak saylovlar bo‘yicha asosiy savollarga javoblar tayyorladi.

1. Ovoz berish vaqti va joyini qaerdan bilsa bo‘ladi?
Bu haqda uchastka saylov komissiyasi saylovchilarni saylovdan kamida 10 kun oldin xabardor qiladi.

2. Ovoz berish qachon o‘tkaziladi?
Saylov kuni (22 dekabr) soat 8.00 dan 20.00 gacha ovoz berish mumkin.

3. Ovoz berish uchun shaxsni tasdiqlovchi hujjat shartmi?
Ha, shart. Saylovchi uchastka saylov komissiyasining a’zosiga o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatib, saylovchilar ro‘yxatiga imzo qo‘ygandan so‘ng unga saylov byulleteni beriladi.

4. Fuqaroning familiyasi saylovchilar ro‘yxatida bo‘lmasa, nima bo‘ladi?
Bunday holda saylovchi shaxsi, fuqaroligi va yashash joyini tasdiqlovchi hujjati asosida saylovchilar ro‘yxatining ilovasiga kiritiladi va unga saylov byulleteni beriladi.

5. Ovoz berish vaqtida saylov byulleteni buzib qo‘yilsa-chi?
Saylovchining iltimosiga ko‘ra yangisiga almashtirilishi mumkin.

6. Ovoz berish xonasiga yaqin qarindoshlar birga kirsa bo‘ladimi?
Ovoz berish xonasida saylov byulletenini to‘ldirish chog‘ida ovoz beruvchi shaxsdan boshqa shaxslarning bo‘lishi taqiqlanadi.

7. Saylovchi byulletenni mustaqil ravishda to‘ldirish imkoniyatiga ega bo‘lmasa-chi?
Bunday holda saylovchi o‘z xohishiga ko‘ra yashirin ovoz berish xonasiga boshqa shaxsni taklif qilishga haqli. Saylov komissiyasi tarkibiga kiradigan shaxslar, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari bundan mustasno.

8. Vaqtincha yashash joyi bo‘yicha ham saylovda ishtirok etish mumkinmi?
Ha mumkin. Saylov kuniga qadar yoki saylov kuni 18 yoshga to‘lgan fuqarolar doimiy yoki vaqtincha yashash joylaridagi saylov uchastkasida ovoz berishi mumkin.

9. Kasalligi yoki boshqa sabablarga ko‘ra ovoz berishga kela olmagan saylovchilar nima qiladi?
Tegishli komissiyaning kamida 2 nafar a’zosi ko‘chma saylov qutisi bilan saylovchining turgan joyiga boradi.

10. Kimlar ovoz berish huquqiga ega emas?
- sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan;
- og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech